Ateistlarga munosabat

Assalomu alaykum! Ateist insonlarga "Kafirun" surasidagi kabi munosabat bildirsak bo‘ladimi? Ya’ni "sizlar nimaga ishonsangiz ishonavering, biz o‘zimiz ishonganimizga ishonishda davom etamiz" kabi so‘zlar bilan munosabat bildirsak bo‘ladimi? Biz ularga Qur’onda kelgan so‘zlarni aytsak ular buni noto‘g‘ri deb aytishadi. Ularning bu kabi so‘zlariga hech qanday so‘z aytmaslikni noto‘g‘ri bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bizning diyorimizda ularga unday munosabatda bo‘lmaslik kerak, chunki ular ateist emas murtad hisoblanishadi. Ular sababidan xalqimiz ichida qanchalik parokandalik, ixtiloflar kelib chiqayotgani ko‘rinib turibdi. Ularni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerak. Ular eng katta haqiqatni, ya’ni butun borliqni Alloh taolo yaratganligini bilmasdan shunday o‘tib ketsalar oqibatlari ayanchli bo‘lishini bilmaydilar. Ular uchun qilingan nasihat, tushuntirishlar evaziga hozirda bizlarni yomon ko‘rsalarda, oxiratda cheksiz tashakkur aytishlari shak-shubhasizdir. Har bir payg‘ambar bir ummatga payg‘ambar qilib yuborilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa qiyomatgacha bo‘lgan insonlarga payg‘ambar qilib yuborilganlar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun “ummati da’vat”, ya’ni da’vat qilinuvchi ummat hisoblanadi. Iymon keltirganlar esa “ummati ijobat”, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirgan ummat deb nomlanadi. Ikkisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaysidir e’tibordan ummat hisoblanishadi. Iymonsiz o‘lib ketaverishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Albatta, ularni to‘g‘ri yo‘lga chaqirishni o‘z uslubi bilan qilishimiz kerak. Ular bilan janjallashib, urishib-talashishni hech qanday foydasi yo‘q. Ularga aqllari qabul qiladigan muqaddimalarni keltirib, xulosani o‘zlariga qo‘yishimiz kerak. Albatta ularga tushuntirishdan avval Alloh ularga ham iymon ato qilishni so‘rashni unutmasligimiz kerak. Chunki hidoyat Allohning qo‘lidadir. Vallohu a’lam!

6 May 2022, 17:20 | Savol-javoblar | 155 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar