Dunyo ayollari va hurlar

Assalomu alaykum! Bu dunyo ayollari jannat hurlaridan 17 marotaba ustunligi haqida hadis bormi? Agar bo‘lsa iltimos to‘liq bayonini keltirsangiz. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mashhur muhaddislardan Abulqosim Tobaroniy rivoyat qilgan uzun hadisda jumladan bunday deyiladi: «Ummu Salama:«Ey Rasululloh, Allohning «’uruban atroba» degan oyati haqida gapirib bering», dedi.«Ular bu dunyodan qarib, sochi oqarib, ko‘rimsiz bo‘lib ketgan kampirlar bo‘lib, ularni qiyomatda Alloh taolo tengqur, bokira, ehtirosli mahbuba qizlar qilib qayta yaratadi», dedilar u zot.Ummu Salama onamiz: «Ey Rasululloh, bu dunyoning ayollari afzalmi, huri iynlarmi?» dedilar.«Ey Ummu Salama, bu dunyoning ayollari huri iynlardan afzaldir», dedilar u zot. Ummu Salama onamiz: «Nimalari bilan?» deb so‘radilar.Payg‘ambarimiz alayhissalom:«Namozlari, ro‘zalari, Allohga ibodatlari bilan. Alloh ularning yuzlariga nur, jasadlariga ipak kiygizgan. Ranglari oppoq, kiyimlari yashil, zebu ziynatlari sariq, taroqlari tilladan. «Mangumiz, o‘lmaymiz, zor bo‘lmaymiz, bir joyda yashaymiz, ko‘chmaymiz, rozimiz, achchiqlanmaymiz, biz kimniki bo‘lsak, kim bizniki bo‘lsa, yashasin», deydilar», dedilar.Ummu Salama onamiz:«Ey Rasululloh, bu erda ba’zi ayollar ikki, uch, to‘rt erga tegadilar. U dunyoda hammalari jannatga kirsalar, ayol qaysi er bilan bo‘ladi?» dedilar.Payg‘ambarimiz alayhissalom:«Ey Ummu Salama, u ayolning ixtiyoriga qo‘yiladi. Erlarning ichida eng xulqi yaxshisini tanlaydi. «Ey Parvardigoro, mana bu menga yaxshi xulqli bo‘lgan edi, meni shunga bergin», deydi. Ey Ummu Salama, yaxshi xulq ikki dunyoning yaxshiligiga erishtiradi», dedilar». (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 03:42 | Savol-javoblar | 184 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar