Yosh yigit va qizlarga nasihat qilish

Asssalomu alaykum! Yoshim 16 da. Xudo shukr shu paytgacha o‘zimni tiyib qizlar bilan gaplashmayman, ota-onamni yuziga qaratishni istamayman, ammo do‘stlarim, tengqurlarim manga qizlar bilan gaplashmaganim uchun "lo‘x" degan nom qo‘yib olishibdi. Bu yosh o‘zini tiyadigan yosh emas, qizlar bilan gaplashadi hamma bollar ham bu yoshda, bu bola o‘zini tiymagan bu bola "lo‘x" degan gap tarqatishibdi. Endi men haqiqiy o‘g‘il bola bo‘lishim uchun qizlar bilan gaplashishim kerakmi? Mening opa-singlarim bor ularni o‘ylayman, kelajakda, Inshoolloh jufti halolim bo‘ladi, men pok jufti halol olishni xohlayman. Iltimos shu narsa haqida menga maslahat bering.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobida quyidagicha keladi.  AMRI MA’RUF VA NAHYI MUNKAR HAQIDA  كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللّهِ Alloh taolo:
«Odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. ‎Ma’rufga buyurasiz ‎va munkardan qaytarasiz hamda ‎Allohga iymon keltirasiz‎»
, degan («Oli Imron» surasi, 110-oyat).
Islom ummati o‘zi haqida bilib qo‘yishi zarur bo‘lgan haqiqatlardan biri – bu ummat odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat ekanidir.
Ummatlarning sarasi Islom ummatidir.
Ummatlarning yo‘lboshchisi Islom ummatidir.
Ummatlarning peshqadami Islom ummatidir.
Chunki Alloh taoloning O‘zi bu ummatga xitob qilib:
«Odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz», deb turibdi.
Hozir o‘zini shu ummatdanman, deb yurganlar bu haqiqatni yaxshi tushunib olmoqlari lozim. Ajdodlarimiz aynan shu haqiqatni to‘liq tushungan chog‘larida butun dunyoga ustoz bo‘lganlar, dunyo xalqlarining peshqadami bo‘lib, ularni ortlaridan ergashtirganlar. Ajdodlarimiz boshqalarga tobe bo‘lmaganlar, boshqalarning ortidan ko‘r-ko‘rona ergashmaganlar, boshqalarning huzurida o‘zlarini xoru zor tutmaganlar.
Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishining sabablaridan biri amri ma’ruf qilishidir. Chunki Alloh taolo «Ma’rufga buyurasiz», demoqda.
Avval ishora etilganidek, Islom ummati dunyoda yaxshilik bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Adolat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Haqiqat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Fazilat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi hamda butun insoniyatni bu ishlarga chaqirishni o‘ziga farz deb biladi.
Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishining sabablaridan ikkinchisi – nahyi munkar qilishidir. Chunki Alloh taolo «munkardan qaytarasiz», demoqda.
Munkar barcha yomonlik, zulm, botil va razilatlar demakdir. Binobarin, Islom ummati dunyodagi barcha yomonlikka qarshi, zulmga, botilga va razilatga qarshidir. Ayni chog‘da butun insoniyatni yomonlikdan, zulmdan, botildan va razilatdan qaytarishni o‘ziga farz deb biladi.
Islom ummatining odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishiga asosiy sabab, bu ummatning Allohga iymon keltirishidir. Chunki Alloh taolo «...hamda ‎‎Allohga iymon keltirasiz», demoqda.
Allohga bo‘lgan iymon insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishdek nihoyatda mashaqqatli ishni amalga oshirishga undaydi. Iymon asoslarning asosidir. Jumladan, yaxshilikka chaqirib, amri ma’ruf va nahyi munkar qilishning ham asosi iymon bo‘lgandagina maqsadga erishiladi. Ana shundagina ikki dunyo saodatiga erishiladi. Aks holda nuqsonga duchor bo‘linadi.
Bu haqiqat bundan boshqa oyatlarda ham ta’kidlangan, shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ko‘pgina hadislarida ham o‘z aksini topgan.
Imom Ahmad ibn Hanbalning rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhissalom minbarda turganlarida bir kishi:
«Ey Allohning Rasuli, qanday odam yaxshi odam?» deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom:
«Odamlarning yaxshisi – qorirog‘i, taqvodorrog‘i, amri ma’ruf qiluvchirog‘i, nahyi munkar qiluvchirog‘i va silai rahm qiluvchirog‘i», dedilar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Imom Termiziy rivoyat etgan hadisda aytadilar:
«Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Bani Isroil gunohga botganda ulamolari qaytardilar, ular qaytmadilar. Keyin esa ulamolar ham ular bilan birga o‘tirib, eb-ichdilar. Bas, Alloh ularning qalblarini bir-biriga aralashtirib yubordi va Dovud, Sulaymon va Iyso ibn Maryam tillarida la’natladi», dedilar-da, yonboshlab yotgan edilar, turib o‘tirdilar va:
«Mening nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, ularni haqqa qaytarmaguningizcha bo‘lmaydi», dedilar.
Imom Abu Dovud ibn Umayra al-Kindiydan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissolatu vassalom:
«Er yuzida bir gunoh sodir bo‘lganda guvoh bo‘lgan odam uni inkor etsa, xuddi ko‘rmagan odamdek (gunohdan xoli) bo‘ladi. Kim ko‘rmagan bo‘lsa-yu, rozilik bildirsa, guvoh bo‘lgan odamdek (gunohkor) bo‘ladi», dedilar.
Imom Hokim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom:
«Shahidlarning ulug‘i Hamzadir va zolim podshohga amri ma’ruf, nahyi munkar qilayotganda o‘ldirilgan odamdir», deganlar.
Alloh taolo «Oli Imron» surasida:
«Sizlardan yaxshilikka chaqiradigan, ma’rufga buyuradigan va munkardan qaytaradigan ‎‎bir ummat bo‘lsin. Ana o‘shalar, o‘shalargina zafar topguvchilardir», degan (104-oyat).
Amri ma’ruf va nahyi munkar ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan jamiyatdagina yaxshilik qilish yomonlik qilishdan ko‘ra oson bo‘ladi. Fazilatga erishish razolatga ketishdan ko‘ra engil bo‘ladi. Haqiqat botildan ustun bo‘ladi. Adolat zulmdan ustun turadi. Alloh taolo O‘zining ulug‘ ne’mati – Islomga muyassar bo‘lgan bandalar jamoasiga, ya’ni musulmon ummatiga amri ma’ruf, nahyi munkarni farz qildi. Agar bu ummat boshqa farzlar qatori, ushbu farzni ham o‘z o‘rnida ado qilsa, baxt-saodatga erishadi. Aks holda, falokatga uchraydi. Bu haqiqatni ushbu oyatning xotimasidan ham bilib olsak bo‘ladi.
«Ana o‘shalar, o‘shalargina zafar topguvchilardir».
Ya’ni yaxshilikka chaqirib, amri ma’ruf, nahyi munkar qilgan ummatlar najot topguvchilardir. Boshqalar emas.
Bu haqiqatni Allohning Rasuli Muhammad alayhissalom ham o‘z hadislarida bayon qilib qo‘yganlar.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom:
«Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, albatta amri ma’ruf qilasizlar, albatta nahyi munkar qilasizlar. Bo‘lmasa, Alloh sizga O‘z huzuridan iqob yuboradi. So‘ngra duo qilsangiz, qabul bo‘lmaydi» dedilar.
Alloh taolo «Tavba» surasida:
«Ular tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro‘za ‎tutuvchilar, ruku’ ‎qiluvchilar, sajda qiluvchilar, ma’rufga buyurib, munkardan ‎qaytaruvchilar, ‎Allohning chegarasida turuvchilardir. Va mo‘minlarga xushxabar ber‎!» degan (112-oyat).
Bu oyati karimada mo‘min-musulmonlarning bir necha sifatlari zikr qilinmoqda. Agar ularda bu sifatlar mavjud bo‘lsa, mo‘minlik sharafiga erishadilar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam beradigan xushxabarga haqli bo‘ladilar:
«Tavba qiluvchilar» tavba qilib, bilib-bilmay sodir etgan hamma gunohlaridan qaytadilar, gunohlariga chin qalbdan afsus-nadomat chekadilar va uni ikkinchi marta takrorlamaydilar.
«Ibodat qiluvchilar» Robbilariga domiy ravishda ixlos bilan ibodat qiladilar, Uning amrlarini bajarib, nahyilaridan qaytadilar.
«Hamd aytuvchilar» Alloh taologa hamdu sano va maqtovlar aytib, shukr qilib yashaydilar.
«Ro‘za tutuvchilar» – bu ham mo‘min bandaning eng ulkan sifatlaridandir. Allohning roziligi uchun o‘z ixtiyori bilan eb-ichishni va turli lazzatli hamda shahvatli narsalarni tark etish oliyjanob sifatdir.
«Ruku’ qiluvchilar, sajda qiluvchilar» – namozni yaxshilab o‘quvchilar. Namoz dinning ustuni bo‘ladi-yu, mo‘min kishining asosiy sifati bo‘lmasinmi?
«Ma’rufga buyurib, munkardan ‎qaytaruvchilar». Bu amal shariat tilida amri ma’ruf, nahyi munkar deyiladi. Ya’ni mo‘min kishi faqat o‘zini o‘ylaydigan xudbin shaxs bo‘lmaydi, balki u o‘ziga etgan yaxshiliklarning boshqalarga ham etishini xohlaydi. Buning uchun amaliy harakat ham qiladi. Chunki Islom dini unga o‘zgalarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishni farz qilgan.
«Allohning chegarasida turuvchilardir».
Dunyodagi har bir yaxshiyu yomon ishni Alloh taolo O‘z dini orqali bayon qilib, chegaralab ko‘rsatib qo‘ygandir. Mo‘min inson ana shu chegaralardan chiqmaydi, Alloh taoloning ko‘rsatmalariga to‘g‘ri amal qilib yashaydi. Ushbu sifatlarga ega bo‘lganlar mo‘minlardir.
Ey Payg‘ambar,
«Va mo‘minlarga xushxabar ber!»
Mo‘min-musulmonlar o‘zlarida mazkur sifatlarni mujassam qilganlari uchun ikki dunyoning saodatiga sazovordirlar.
Alloh taolo «Haj» surasida:
«Ularga er yuzida imkon bersak, namozni to‘kis ado eturlar, zakotni berurlar, ‎ma’rufga ‎buyurib, munkardan qaytarurlar. Ishlarning oqibati Allohga oiddir», degan (41-oyat).
Oyati karimadagi «Ularga er yuzida imkon bersak» jumlasidan «makon bersak» degan ma’no ham tushuniladi. Bunga qo‘shimcha «er yuzida nusrat, g‘alaba bersak» ma’nolari ham bor. «Robbimiz Alloh» deganlari uchun diyorlaridan chiqarilgan musulmonlarga er yuzida makon, nusrat, g‘alaba, imkon bersak, «...namozni to‘kis ado eturlar...»
Mo‘min-musulmonlar bu ne’matlardan hovliqib ketmaydilar, balki Alloh taologa ixlos bilan ibodat qiladilar, u bilan bog‘lanishni kuchaytiradilar.
«...zakotni berurlar...»
Mo‘min-musulmonlar er yuzida imkon topgach, mol-dunyoga o‘ch bo‘lmaydilar. Balki ular baxillik dardidan ustun kelib, moliyaviy ibodatlarni ham o‘z o‘rnida ado etadilar. Zakotlarini berib, jamiyatlaridagi beva-bechora, kambag‘allarga engillik yaratadilar.
«...‎ma’rufga ‎buyurib, munkardan qaytarurlar».
Mo‘min-musulmonlar kishilarni dinda yaxshi hisoblangan barcha ishlarga da’vat qiladilar, yomon hisoblangan barcha ishlardan qaytaradilar.
Shu ishlari Allohga yordam berishlaridir, shuning uchun ham Alloh taolo ularga yordam, nusrat beradi.
«Ishlarning oqibati Allohga oiddir».
Alloh xohlagan oqibatini keltirib chiqaradi. Xohlasa, mag‘lubiyatni ham g‘alabaga aylantirib yuboradi. عَنْ طَارِقِ بْنِ شِهَابٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَوَّلُ مَنْ بَدَأَ بِالْخُطْبَةِ قَبْلَ الصَّلَاةِ يَوْمَ الْعِيدِ مَرْوَانُ، فَقَامَ إِلَيْهِ رَجُلٌ فَقَالَ: الصَّلَاةُ قَبْلَ الْخُطْبَةِ، فَقَالَ: قَدْ تُرِكَ مَا هُنَالِكَ، فَقَالَ أَبُو سَعِيدٍ: أَمَّا هَذَا فَقَدْ قَضَى مَا عَلَيْهِ، سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإِيمَانِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  Toriq ibn Shihob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Iyd kuni namozdan oldin xutba qilishni boshlagan birinchi odam Marvondir. Bas, bir odam turdi va unga:
«Namoz xutbadan oldin bo‘ladi!» dedi.
«Batahqiq, o‘shandagi narsa tark qilindi», dedi u.
Buni ko‘rib, Abu Sa’iyd:
«Ammo bu odam o‘ziga vojib bo‘lgan narsani ado etdi. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sizdan kim munkarni 
(yomon ishni) ko‘rsa, o‘shani qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar qudrati etmasa, tili bilan, agar bunga ham qudrati etmasa, dili bilan. Ammo bunisi iymonning eng zaifidir», deganlarini eshitgan edim», dedi».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmaganlar.
Sharh: Bu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min-musulmon kishining iymoni uning munkarga, ya’ni Islom dini tomonidan inkor qilingan ishlarga nisbatan munosabatiga qarab kuchli yoki zaif bo‘lishini bayon qilmoqdalar.
«Munkar ish» iborasi din, shariat tomonidan inkor qilingan, yomon ishlarni anglatadi. Chin mo‘min inson o‘z jamiyatida bo‘layotgan munkar ishni ko‘rib-bilib turib, befarq qola olmaydi.
Bu umuman mumkin emas. Mo‘min kishi munkar ishni ko‘rganda uch holatdan birida bo‘lishi mumkin:

1. Munkar ishni qo‘li bilan qaytarish.
Bu «kuch ishlatib» degan ma’noni bildiradi. Ya’ni bo‘layotgan yomon ishni to‘xtatish, uni qaytarish uchun kuch sarflasin. Bu ko‘proq qo‘lida hukmi bor, imkoni bor mo‘minlarga tegishli bo‘ladi. Yana munkarni qaytarishdan oldin holatga qaraladi. Har qanday shaxs aralashsa bo‘ladigan, kuchi etadigan ish bo‘lsa, o‘sha odamga bu munkarni kuch bilan qaytarish vojib bo‘ladi.

2. Munkar ishni tili bilan qaytarish.
Bu – qo‘li bilan qaytarishga qodir bo‘lmaganlarning ishi. Bu ish ikkinchi navbatda, birinchisiga qodir bo‘linmagan taqdirdagina joriy bo‘ladi. U vaqtda mo‘min-musulmon odam munkar ishning yomonligini tili bilan gapirib, bayon etadi, uni qilmaslikka chaqiradi. Bu ish har bir imkoni bor mo‘minga vojibdir, iymon taqozo qilgan burchdir. Lekin gohi vaqtlarda zulm, tazyiq haddan oshib, og‘iz bilan gapirgan mo‘minga zarar etishi, uning joniga, shaxsiga va boshqa tomonlariga tahdid solinishi mumkin. Bunday noiloj holda qolgan odam so‘nggi, uchinchi darajaga tushishga majbur bo‘ladi.

3. Munkar ishni dili bilan qaytarish.
Bunda chin dildan «Shu ish bo‘lmasligi kerak edi, ammo, ming afsuski, bo‘ldi. Bu ishni qo‘lim bilan o‘zgartirishim kerak edi, ammo, afsuski, qila olmadim. Bu ishni hech bo‘lmasa tilim bilan o‘zgartirishim kerak edi. Ammo afsuski, buni ham qila olmadim. Endi dilim bilan inkor qilishdan boshqa choram qolmadi», deyiladi. Bu esa eng zaif iymon bo‘ladi. Bundan ham zaif iymon bo‘lishi mumkin emas. Shuni ham qilmasa, o‘sha zaif iymon ham qolmaydi, deganidir. Iymoni kuchli mo‘minlar esa hech narsadan qo‘rqmay, munkar ishni o‘z vaqtida inkor qiladilar.
Kishi yomonlikni qanchalik ko‘p inkor qilsa, qaytarsa, shunchalik iymoni ziyoda va baquvvat bo‘lishini tushunib olishimiz kerak. Aksincha, kishining yomonlikni inkor qilishi qanchalik oz va kuchsiz bo‘lsa, iymoni ham shunchalik zaiflashib borishini bilishimiz lozim.
Ana o‘shanda nima uchun iymonsiz jamiyatda, iymon bilan ishi bo‘lmaydigan, iymon qadrlanmaydigan jamiyatda yomonlik ko‘payib ketishini anglab etamiz.
Ana shundagina Allohning oxirgi va mukammal dini bo‘lmish Islomda munkar ishni o‘zgartirishga, inkor qilishga bunchalar katta ahamiyat berilganini tushunib etamiz.
Ana shundagina nima uchun musulmonlar ushbu hadisi sharifga to‘liq amal qilgan davrlarda dunyodagi peshqadam millat bo‘lganlarini anglab etamiz.
Ana o‘shandagina nima uchun musulmonlar bu hadisga amal qilmay qo‘yganlarida tushkunlik tomon yuz tutganlarini to‘g‘ri fahmlaymiz.
Bu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Munkar ishlarga nisbatan murosasiz bo‘lish.
2. Imkoni bo‘lsa, munkar ishni qo‘l bilan qaytarish, o‘zgartirish.
3. Munkar ishni qo‘l bilan qaytarishning imkoni bo‘lmaganda, til bilan qaytarish.
4. Qo‘l bilan ham, til bilan ham qaytarishning imkoni bo‘lmaganda dil bilan qaytarish.
5. Munkar ishni dil bilan qaytarish eng zaif iymon ekanini anglash.
Bu hadisning hikmatlari va insoniyatning mazkur hikmatlarga ehtiyoji haqida qancha gapirsak, shuncha oz. Chunki yomonni yomonlik qilishdan qaytarmaslik har qanday jamiyatni, bora-bora butun insoniyatni halokatga olib borishi turgan gap. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 05:53 | Savol-javoblar | 193 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar