Aroqning haromligi

Assalomu alaykum! Meni dadam ichadilar, chekadilar. Men sigaret olib kelib bergan kishi ham gunohga botishini bildim. Bugun dadam sigaret olib kelib ber dedilar. Men esa yo‘q dedim. Sigaret chekish, aroq ichish gunohligini aytdim. Ammo dadam aroq, sigaret harom ekanligi qaerda yozilgan? Qani isbot? Kim aytdi buni? Qur’onda yozilganmi? deb meni so‘roqqa tuta boshladilar. Men Musulmonlar idorasi fatvo hay’atidagi shu haqidagi javoblarini keltirsam ham yo‘q deyaptilar. Menga Qur’ondan isbot keltir deyaptilar. Qiynalib ketyapman. Dadam tushunmayaptilar. Allohdan hidoyat so‘rayapman. Iltimos, menga aroq va sigaret haqida Qur’ondan aniq dalillarni keltiring. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ۝ 90. Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochar) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, zafar topsangiz.
Arab tilida «xamr» so‘zi «to‘sish», «berkitish» ma’nolarini anglatadi. Tanovul qilgan kishining aqliga ta’sir etadigan, uning aqlini to‘sadigan, berkitadigan, boshqacha qilib aytganda, mast qiladigan har bir narsaga «xamr» deyiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir», deyilgan. Bundan anglashiladiki, «Aroqdan boshqa narsalarni ichsa bo‘laveradimi?», «Ichmasa-yu, cheksa nima bo‘ladi?» kabi savollar, shuningdek, «Aroqning o‘zi harom emas ekan-u, mast qilishi harom ekan», deganga o‘xshash «sharh»lar hammasi o‘rinsiz va mantiqsiz gaplardir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَطَبَ عُمَرُ عَلَى مِنْبَرِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: إِنَّهُ قَدْ نَزَلَ تَحْرِيمُ الْخَمْرِ وَهِيَ مِنْ خَمْسَةِ أَشْيَاءَ: الْعِنَبِ، وَالتَّمْرِ، وَالْحِنْطَةِ، وَالشَّعِيرِ، وَالْعَسَلِ، وَالْخَمْرُ مَا خَامَرَ الْعَقْلَ، وَثَلَاثٌ وَدِدْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَمْ يُفَارِقْنَا حَتَّى يَعْهَدَ إِلَيْنَا عَهْدًا: الْجَدُّ، وَالْكَلَالَةُ، وَأَبْوَابٌ مِنْ أَبْوَابِ الرِّبَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ  Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Umar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning minbarlarida turib, xutba qilib:
«Xamrning harom qilingani nozil bo‘lgan paytda u besh narsadan 
(olinar) edi – uzumdan, xurmodan, bug‘doydan, arpadan va asaldan. Aqlni to‘sgan narsa xamrdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizdan ajramasdan turib, uch narsa – bobo, kalola va riboning ba’zi boblari haqida bizga ahdnoma berishlarini istardim», dedi».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Ulkan sahobiy Abdulloh ibn Umar o‘z otalarining xalifalik vaqtlarida masjidda qilgan xutbalarida aytgan gaplarini rivoyat qilmoqdalar.
Bu rivoyatda ikki xil masala: xamr va sahobalar hal qilishda qiyinchilikka uchragan ba’zi masalalar haqida so‘z ketmoqda.
«Xamrning harom qilingani nozil bo‘lgan paytda u besh narsadan (olinar) edi – uzumdan, xurmodan, bug‘doydan, arpadan va asaldan».
Ya’ni Alloh taolo Qur’oni Karimda xamrning haromligini bayon qiluvchi oyati karimani nozil qilgan paytda Arabiston yarim orolida xamr besh narsadan olinar edi. Lekin bundan mazkur besh narsadan boshqa narsalardan olingan mast qiluvchi ichimliklar xamr emas, degan gap chiqmaydi. Chunki,
«Aqlni to‘sgan narsa xamrdir».
Ya’ni iste’mol qilinganda iste’mol qiluvchining aqliga ta’sir qilib, uni mast qiluvchi har bir narsa «xamr» deyiladi. «Xamr» so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham to‘sishni anglatadi. Arablarda ayol kishi boshiga o‘rab yuradigan to‘sqich – ro‘mol ham ximor deyiladi.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning ushbu gaplari umumiy qoida sifatida ishlatiladi va xamrning haromligi nozil bo‘lganda Arabistonda xamr hisoblanadigan besh turdan boshqa barcha aqlni to‘suvchi narsalar ham xamr hisoblanadi. Ularning qaysi narsadan, qaysi uslubda olinishi yoki suyuq-quyuq bo‘lishi e’tiborga olinmaydi. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining boshqa bir hadislarida:
«Har bir mast qiluvchi va har bir bo‘shashtiruvchi xamrdir», deganlar.
U zot sollallohu alayhi vasallam yana boshqa bir hadislarida:
«Har bir mast qiluvchi xamrdir. Har bir xamr haromdir», deganlar.
Shuning uchun «vodka»mi, «viski»mi, «vino» yoki «pivo»mi, baribir harom.
Shuning uchun «morfiy»mi, «nasha»mi, «kokain»mi, «ko‘knori»mi, hammasi harom.
Endi rivoyatdagi ikkinchi tur, biz o‘rganayotgan faslga oid bo‘lmagan masalalarni tushunishga harakat qilaylik.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizdan ajramasdan turib, uch narsa – bobo, kalola va riboning ba’zi boblari haqida bizga ahdnoma berishlarini istardim».
Ya’ni bu «Ushbu uch narsaning hukmini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin bizlarga xuddi ahdnoma yozgandek qilib, bayon etib berishlarini orzu qilardim», deganlaridir.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning bu gaplarni aytishlariga sabab bo‘lgan narsa – bobo aka-ukalar bilan birga merosxo‘r bo‘lib qolganda merosning qanchasini olishi haqida aniq gap bo‘lmagani uchun sahobalar bu masalani echishda dastlab ancha qiynalganlar. Shuningdek, meros masalalaridan biri bo‘lmish «kalola» masalasida ham ancha tortishuvlar bo‘lgan.
Hazrati Umarning «riboning ba’zi boblari» deyishlariga sabab, «ribo al-fazl» deb nomlangan ribo haqida ham tortishuvlar bo‘lib, ancha qiyinchilikka duch kelinganligidir. Ammo vaqti-soati kelib, bu masalalar echildi. Ularni avvalgi kitoblarda o‘z o‘rnida batafsil o‘rgandik ham. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 02:39 | Savol-javoblar | 208 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar