Rahbarga itoat qilishda

Assalomu alaykum! Rahbarga itoat bo‘yicha Qur’oni Karim yoki Hadislarda nimalar deyilgan va shu masalalarda nimalarga e’tibor berishimiz kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Niso" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ فَإِن تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللّهِ وَالرَّسُولِ إِن كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللّهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ ذَلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلاً۝ 59. Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Rasulga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz, uni Allohga va Rasulga qaytaring. Ana shu xayrli va oqibati yaxshidir.
Demak, mazkur omonatlarni ado etishda, odamlar orasida adolat ila hukm yuritishda va boshqa ishlarda avvalo, Alloh taologa itoat etish kerak, so‘ngra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga, undan keyin musulmonlarning o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga itoat qilish lozim. Agar biror narsada ixtilof tug‘ilib, tortishuv chiqsa, Alloh taoloning va Payg‘ambarning hukmlariga qaytarish lozim. Mezon shu. O‘lchov shu. Agar bu qoidaga rioya etilmasa, hammaning o‘zicha hal qilishiga qo‘yib qo‘yilsa, tartib-intizom qolmaydi, aksincha, odamlarning aqliy qobiliyatlari turlicha bo‘lganidan ixtiloflar chiqadi. Hozirgiga o‘xshab, kuchlilar kuchsizlarni, chorasini topganlar chorasizlarni o‘z yo‘liga yuritishga harakat qila boshlaydilar.
Musulmonlar bunday ko‘ngilsiz muammolardan xolidirlar. Ular qanday qilsak, haqiqatga erishamiz, qanday qilsak, omonatlarni o‘z egasiga erishtiramiz, qanday qilsak, odamlar orasida adolat ila hukm yuritamiz, degan savollar ustida bosh qotirib o‘tirmaydilar. Chunki bu borada yo‘l-yo‘riq berilgan va u o‘zgarmasdir. Alloh taolo bu masalalarni O‘zi hal qilib bergan. Musulmonlar Allohning ko‘rsatmalariga amal qilsalar, bo‘ldi. Bir ishga qo‘l urishdan oldin shu ish haqida shariati islomiyaning hukmi nima ekanini bilishga kirishadilar. Hukmni avvalo, Qur’oni Karimdan izlaydilar. Agar u ishning hukmi Qur’onda mavjud bo‘lsa, unga amal qiladilar. Chunki avvalo:
«Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling...» – deyilgandir.
Allohga itoat qilish Uning oxirgi ilohiy kitobi Qur’oni Karimga amal qilish bilan bo‘ladi. Faraz qilaylik, bo‘lg‘usi ishning hukmi Qur’oni Karimda zikr qilinmagan bo‘lsa, unda Nabiy alayhissalomning sunnatlariga murojaat etiladi. Izlangan hukm u erdan topilsa, unga amal qilinadi. Chunki oyati karimada ikkinchi manba sifatida Payg‘ambarga itoat qilishga amr etilgandir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida bevosita u zotning o‘zlariga itoat qilingan, hozir esa sunnatlariga amal qilish u zotning o‘zlariga itoat qilish bilan barobar hisoblanadi.
«...Rasulga...» itoat qiling. Alloh taolo Qur’oni Karimda asosiy hukmlarni bayon etgan va umumiy hukm chiqarish qoidalariga o‘shalarni asos qilgan. Payg‘ambarimizning sunnatlarida esa Qur’ondagi umumiy hukmlar batafsil bayon qilingan hamda ba’zi zikr etilmaganlari aytilgan.
Zamon, sharoit o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan holatlarning hukmlari esa musulmon jamoasi ijtihod qilib, echishi uchun qoldirilgan. Buning hikmatlari ko‘p. Avvalo, bu holat musulmonlarni doimo izlanuvchan, harakatchan bo‘lishga undaydi. Ikkinchidan, shariati islomiyaning har zamon, har makonga salohiyati borligini ta’minlaydi. Agar Qur’onda ham, sunnatda ham zikri kelmagan masala ko‘ndalang bo‘lib qolsa, bu masalaning echilishi musulmonlarning ishboshilariga havola qilinadi. Ijtihod maqomiga etgan ishboshilar mazkur masalani Qur’on va sunnat qoidalari asosida hal etadilar. Musulmon ummatining e’tirof etgan mujtahidlari birgalikda hal etgan echim – qaror fiqhda «ijmo’» deb nomlanadi. Bunga amal qilish har bir musulmon uchun vojibdir. Chunki ushbu oyatda:
«...Rasulga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling», degan amr bor. Allohning amriga bo‘ysunish esa farzi ayndir. Ammo ishboshilarga bo‘ysunishda bir necha shartlar bor. Avvalo, oyatda «o‘zingizdan bo‘lgan» deyilyapti. Ko‘pchilik «ishboshi» deganda hokimnigina tushunadi. Aslida oyatda hamma ishboshi nazarda tutilgan. Fiqh ilmi ulamolarimiz bu oyatdagi «ishboshi»larni shunday tushuntirganlar: fiqhda ijtihod darajasiga etgan ulamolarning jamlanib, biror masala bo‘yicha ittifoq bo‘lib qaror qilishlari ishboshilikdir. Albatta, hokimlar ham ishboshi hisoblanadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:
«Allohga osiylik bo‘ladigan ishda itoat yo‘qdir», – deyilgan.
Oyati karimadagi:
«Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz, uni Allohga va Rasulga qaytaring», degan jumla shariatda hukm chiqarish uchun Qur’on, sunnat va ijmo’dan keyingi to‘rtinchi masdarga – qiyosga asos bo‘lgan. Demak, musulmonlar hayotida yangi bir masala paydo bo‘ldi. Aynan shu muammo Qur’onda ham, sunnatda ham zikr qilinmagan, ammo shunga o‘xshash boshqa bir masala bor. Ulamolar ana o‘sha o‘xshash masala bilan yangi paydo bo‘lgan masalani taqqoslab, bir hukm chiqaradilar. Buning nomi «qiyos» bo‘ladi. Oyatda musulmonlar o‘rtasida tortishuvga sabab bo‘lgan narsani Allohga (ya’ni Qur’onga) va Payg‘ambarga (ya’ni u zotning sunnatlariga) qaytarishni «agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz» degan jumla bilan birga qayd qilinmoqda. Demak, qilajak ishni shariatga muvofiq ado etish Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan iymonning alomati ekan. Demak, hukm manbaini Qur’on va sunnatdan emas, boshqa narsadan axtaradiganlar o‘zlarining kim ekanliklarini bir o‘ylab qo‘ysinlar.
Haqiqiy musulmonlar har bir ishlarini ushbu oyatda zikr qilingan qoida asosida Allohga, Uning Payg‘ambariga, o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga itoat qilgan holda olib boradilar. Ba’zi ishlarda fikrlari turli chiqib qolsa, u ishni Allohga va Payg‘ambarga qaytarib, o‘xshash masalalardagi hukmlarga solishtirib, qiyoslab oladilar.
«Ana shu xayrli va oqibati yaxshidir». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 13:46 | Savol-javoblar | 167 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar