Dajjolga qarshi duo

Assalomu alaykum! Qiyomatdan oldin dajjol chiqib odamlarni men Hudoman deb aldaydi, agar mo‘min odam uni yoniga borib qolsa yoki yonidan o‘tsa uni aldab kofir qilib qo‘yar ekan. Shu rostmi? Mo‘min odam dunyoda qilgan amallari undan saqlanishga panoh bo‘lmaydimi? Undan hiylasidan saqlanishga duo bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ha. Quyidagi hadisda kelgan duoni o‘qing. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَدْعُو اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ عَذَابِ الْقَبْرِ، وَمِنْ عَذَابِ النَّارِ، وَمِنْ فِتْنَةِ الْمَحْيَا وَالْمَمَاتِ، وَمِنْ فِتْنَةِ الْمَسِيحِ الدَّجَّالِ
زَادَ فِي رِوَايَةٍ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْمَأْثَمِ وَالْمَغْرَمِ، فَقَالَ لَهُ قَائِلٌ: مَا أَكْثَرَ مَا تَسْتَعِيذُ مِنَ الْمَغْرَمِ، فَقَالَ: إِنَّ الرَّجُلَ إِذَا غَرِمَ حَدَّثَ فَكَذَبَ وَوَعَدَ فَأَخْلَفَ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ
 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (namozda) duo qilib:
«Allohim, albatta, men Sendan qabr azobidan, do‘zax azobidan, tiriklik va o‘lim fitnasidan, Masih Dajjolning fitnasidan panoh tilayman», der edilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Allohim, albatta, men Sendan gunohdan va qarzdan panoh tilayman» (der edilar). Bas, bir odam u zotga:
«Qarzdan buncha ham ko‘p panoh so‘raysiz?!» dedi.
«Agar kishi qarz olsa, gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi», dedilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu duoni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozda o‘qiganlari boshqa bir rivoyatda ham ta’kidlangan ekan.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Namozda ushbu duoni qilish.
2. Qabr azobining haqqligi va undan panoh so‘rab, Allohga yolvorib turish kerakligi.
3. Do‘zax azobidan ham panoh tilab, duo qilib turish lozimligi.
4. Tiriklik va o‘lim fitnasidan panoh so‘rab, Allohga yolvorib turish.
Tiriklik fitnasi ko‘proq molu dunyoda, bola-chaqada, o‘lim fitnasi esa jon taslim qilishda va qabr¬da bo‘ladi.
5. Masih Dajjolning fitnasidan panoh tilab turish. Bu masalaning bayoni bundan keyin keladi.
6. Alloh taologa gunoh qilishdan saqlashini so‘rab, duo qilish.
7. Qarzdor bo‘lib qolishdan panoh so‘rab, duo qilish. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 18:43 | Savol-javoblar | 194 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar