Uydagilarni bad’atlardan qaytarolmadim

Assalomu alaykum! Allohga hamdlar bulsin meni hidoyatga yo‘llab qo‘yganiga ham 3 yil bo‘lib qoldi, Maruzalar eshitaman diniy kitoblar o‘qiyman, shuning uchun hozirgi kundagi bidiatlar haqida malumotga ega bo‘ldim. Uyimdagilar esa bidiat, irim sirim tarafdorlari, qachonki men ularga bu noto‘g‘ri deb aytsam meni eshitishni ham hohlashmaydi. Hattoki san boshqa dinga o‘tib ketgansan degan so‘zlarni ham aytishdi. Ular(Onam va otamning onasi yani buvim)ni bu ishlaridan qaytarolmayapman, aytingchi ular qilayotgan bidiat hirofotlar, irimlariga ko‘z yumsam bo‘ladimi? Chunki ular meni gapirishimni zarracha ham hohlashmayapti va ularga aql o‘rgatib gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqaman, ularga amru maruf nahiy munkar qilmasam gunohkor bo‘lmaymanmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shoshilmang, hayotingizda hech bo‘lmasa o‘z oilangizni o‘nglashni harakatini qiling. Buning uchun aslo shoshilmang. Siz va siz kabi yoshlarga nasihatimiz: hech bir inson xususan uzoq yillik botqoqda yurganlar sizni bir ikki bor qilgan nasihatingiz bilan o‘zgarib qolmaydi. Buni tushuning, siz o‘zingiz hidoyat topguningizcha qancha vaqt o‘tdi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan dinni insonlar qabul qilishi uchun 40 yilgacha birorta ham yolg‘on gapirmasdan siddiq maqomini oldilar. Ahdini buzmasdan sodiq degan laqabni oldilar. Qo‘llaridagi borini yo‘q demasdan eng saxiy degan laqabni oldilar. Omonatga o‘ta qattiq e’tibor berganlaridan amin degan laqabni oldilar. Nabiralikni a’lo darajada joyiga qo‘ygan edilar Abdulmuttolib ko‘rmasa turolmaydigan darajaga etdilar. Tijoratda sodiq bo‘lgandilar Xadiyja onamiz o‘zlarini bag‘ishladilar, nikohiga olishlarini taklif qildilar. Qo‘shnichilikni a’lo dajada yo‘lga qo‘ygandilar qo‘shnisi eng ashaddiy dushmani bo‘lsa ham ko‘rganda haybatlanib izzatini joyiga qo‘yadigan bo‘ldi. Silai rahmni a’lo darajada bajarganlaridan qarindosh urug‘lari Alloh qalbini ochmaganidan boshqa iymon keltirmasliklariga hech qanday sabab topolmadilar va hokazo. Bizni yaqinlarimiz ham biz tufayli hidoyat topishini xohlasak avvalo o‘sha kamolot sifatlarini o‘zimizda mujassam qilishga harakat qilishimiz kerak. Usiz ish bitmaydi. Siz aslo uydagilarga qo‘pol muomalada bo‘lmang, bahs munozara ham qilmang. Aksincha joiz bo‘lgan iltimoslarini dilidan muhabbat qilib yuboradigan darajada ado qilishga harakat qiling. O‘zi fosiq fojir bo‘lgan taqdirda ham sizni samimiyligingizni his qila olsin. Siz oilam deb e’zozlashingizni his qilsin. Bir kun kelib siz kutgan holat ham albatta bo‘ladi. Ular haqqiga hidoyat so‘rab to‘xtamasdan duolar qiling hamda “Allohim Sen qaysi holatimizga rozi bo‘lsang meni o‘shanga muvaffaq qilgin, hidoyatga solgin” deb duo qilishiga ko‘niring. Alloh taolo "Furqon" surasida marhamat qiladi:  وَجَعَلْنَا بَعْضَكُمْ لِبَعْضٍ فِتْنَةً أَتَصْبِرُونَ وَكَانَ رَبُّكَ بَصِيرًا۝20...Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilarmikansizlar?! Robbing ko‘rib turuvchi(Zot)dir.
Sabrning mukofoti quyidagi “Oli Imron” surasidagi oyatda bayon qilingan. وَاللّهُ يُحِبُّ الصَّابِرِينَ۝  146...Alloh sabrlilarni sevadir. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 07:30 | Savol-javoblar | 162 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar