Oldindan to‘lov

Assalomu alaykum! Hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoratlar rivojlanib ketdi. Yaqinda ayolim ham shunaqa savdo bilan ish boshladi. Tovar qo‘limizda bo‘lmasdan uni sotish harom ekanligini bilamiz. Hozirda sotiladigan tovarlar boshqa shahar va yurtlardan olib kelinadi (pochta va kargo orqali). Boshqa joylardan molni olib kelish uchun biz ularga pulini to‘laganimizdan keyin ular tovarni bizga yuborishadi. Bizlar kuyib qolmasligimiz uchun mijozlardan ham oldidan to‘lov talab qilamiz. Ko‘p hollarda pulning yarmisi yoki to‘liq qismi olinadi. Ba’zi mijozlardan tovar qo‘liga etgandan keyin puli olinadi. Ba’zi hollarda esa mijozlar tovarni buyurtma berib, uni kelishini kutib o‘tirmasdan buyurtmani bekor qilish holatlari ham uchramoqda. O‘z o‘rnida savol tug‘iladi: Bizlar hali sotib olinmagan tovar uchun oldidan to‘lov olishimiz joizmi? Mijoz buyurtma bergandan keyin, bizlar chet elga buyurtma beramiz va tovarning pulini to‘laymiz. Shundan keyin hali kelmagan tovar uchun mijozdan pul olishimiz joizmi? Ikkala holatda ham mijozlarning pullari savdoda ishlatilmaydi. Alohida olib qo‘yilib, o‘zimizning pulimiz savdoda ishlamoqda. Agar joiz bo‘lmasa, bizlar qanday yo‘l tutishimiz kerakligini aytib o‘tsangizlar. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!Bayi salam.Bayi salam deb sotuvchi va xaridorning orasida “Xaridor pulni darhol beradi, sotuvchi esa sotayotgan narsasini ma’lum bir muddatdan keyin beradi”-deb kelishilgan savdoga aytiladi.Bayi salam savdosi vaqtida sotilayotgan narsa mavjud ham ta’yin ham va na sotuvchining mulkida ham bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bu savdo aslida joiz bo‘lmasligi lozim. Ammo shari’at odamlarning zarur hojatlari, xususan dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan kishilarning ehtiyojlarini e’tiborga olib bu savdoga ijozat bergan. Chunki, bu savdoda sotuvchi va xaridorning har ikkisiga foyida bor. Masalan, sotuvchi pulni oldindan olsa, u pul bilan oilasini boqadi va yana dehqonchilikka tegishli urug‘ va boshqa narsalarni ham sotib oladi. Xaridor esa, oldindan pul bergani uchun olayotgan narsasini ommaviy narxdan arzonroqqa oladi. Yana bir jihatdan pul oldindan to‘langanligi uchun kelajakda bozordagi narxning ko‘tarilib tushishidan ikkovlari ham omonda bo‘ladilar. Bunday yo‘l bilan ikkovlari ham o‘z tijoratlarini rejalashtirib oladilar.Bay salam to‘g‘ri bo‘lishining shartlari 1. Kelishilgan savdo molining jinsi, navi, sifati va boshqa tegishli narsalari to‘liq bayon qilinishi lozim.2.Kelishilgan savdo molining miqdorini, topshirish muddatini, narxini va agar u narsa tashib olib boriladigan narsalardan bo‘lsa, uni topshirish joyini ta’yin qilib ochiqchasiga bayon qilinishi lozim.3. Kelishilgan savdo moli savdo vaqtidan topshiradigan muddatgacha bozorlarda topiladigan narsa bo‘lishi lozim.4. Kelishilgan savdo molining sifati va miqdori aniq tarzda ta’yin qilingan va ajratilgan bo‘lsin.5. Kelishilgan savdo molini topshirishning eng kam muddati bir oy bo‘lsin. Ko‘pini chegarasi yo‘q.6. Sotuvchi pulni xaridordan savdo vaqtida olsin.7. Bay salamda ta’yin narsani sotib bo‘lmaydi. Masalan, oldida mavjud bo‘lgan biror moshinani bayi salam savdosi bilan sotib bo‘lmaydi. Chunki, bu moshina xaridorga topshiriladigan muddatgacha turmasligi ham mumkin. Shuningdek bir xos bog‘ning mevalarini ham bayi salam savdosi bilan sotib bo‘lmaydi. Masalan, bir kishi “Shu bog‘ning olmalarini bayi salam savdosida sotaman”-desa joiz emas. Chunki, u bog‘dagi olmalarning pishib etilishini yoki biror talofatga uchrashini hech kim bilmaydi. Ammo, salam savosida “Falon navli olmani falon vaqtda tayyorlab beraman”-deb kelishsa va hohlagan bog‘idan ularni tayyorlasa joiz bo‘ladi.8. Salam savdosi faqat bir hil bo‘lgan narsalardagina bo‘ladi. Masalan, bug‘doy borasida. Uning har donasi boshqa donalari bilan bir hil bo‘ladi. Narxida farq qiladigan darajada har-hil bo‘lmaydi. Bunday narsalarni fiqhda “Zavaatul amsaal” ya’ni bir hil narsalar deyiladi. Odatda kilolab yoki litrlab sotiladigan barcha narsalar bir hil narsalar hisoblanadi.Biri boshqasidan farq qiladigan narsalarda bayi salam savdosi joiz emas. Masalan, jonivorlar biri biridan bir oz bo‘lsada farq qiladi va qiymati ham alohida-alohida bo‘ladi. Bunday narsalarni fiqhda “Zavaatul qiyam” ya’ni qiymat egalari deyiladi. Odatda kilolab yoki litrlab sotilmaydigan barcha narsalar “Zavaatul qiyam” narsalardan hisoblanib, ularning har birini narxi alohida-alohida bo‘ladi. Ammo, tuxum kabi biri boshqasidan ko‘p farq qilmaydigan donalab sotiladigan narsalarda bayi salam joiz.  Bayi salamga tegishli ba’zi hukmlar 1). Salam savdosida sotuvchi kelishilgan narsani xaridorga topshirmaguncha xaridor uni boshqa odamga sotishi joiz emas. Chunki, kelishilgan narsani qo‘lga kiritmasdan oldin sotishning joiz emasligi borasida Hakim Ibn Hizom roziyallohu anhudan quyidagicha hadis rivoyat qilingan:  عَنْ حَكِيمِ بْنِ حِزَامٍ رضي الله عنه قَالَ : أَتَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَقُلْتُ : يَأْتِينِي الرَّجُلُ يَسْأَلُنِي مِنْ الْبَيْعِ مَا لَيْسَ عِنْدِي ، أَبْتَاعُ لَهُ مِنْ السُّوقِ ثُمَّ أَبِيعُهُ ؟ قَالَ : (لَا تَبِعْ مَا لَيْسَ عِنْدَكَ) رواه الترمذي “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni oldilariga kelib “Meni oldimga bir kishi kelib huzurimda bo‘lmagan narsani sotishimni so‘raydi. Men u uchun bozordan olaman keyin unga sotaman? (shu to‘g‘rimi? deb so‘radim). U zot “O‘z mulkingda bo‘lmagan narsani sotma” dedilar”, deyilgan.2. Sotuvchi kelishilgan vaqtda kelishilgan narsani xaridorga bera olmasa xaridor o‘sha narsaning o‘rniga boshqa narsani olishi joiz emas. Bunday suratda xaridor bergan pulini qaytarib oladi yoki sotuvchiga yana muhlat beradi va sotuvchi u narsani olganda xaridorga etkazib beradi. 3. Salam savdosida shart qo‘yish yoki ko‘rib tanlash ixtiyori bo‘lmaydi. Sotuvchi savdoda kelishilgan narsani kelishilgan sifatga muvofiq topshirishi lozim. Agar kelishilgan narsa kelishilgan sifatga muvofiq bo‘lmasa, xaridor uni qabul qilmasligi mumkin. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 10:47 | Savol-javoblar | 163 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar