Ayolimga mas’ulmasman deb kelishdim

Assalomu alaykum! Men ichmayman, chakmayman, aql xushim joyida, Allohdan juda qo‘rqaman, qisqacha aytsam ayolim ko‘p aytganlarimni qilmaydi. Chorlasam ham ko‘pincha yo‘q deydi, ko‘chaga bo‘yanib-yasanib chiqma desam aytganimni to‘liq qilmaydi, ota-onamga nisbatan ham sal behurmatlik qiladi, ro‘mol o‘raydi lekin shariatga muvofiq deb o‘ylamayman chunki tomoq va elka qismini to‘liq yopmaydi, yupin kiyinadi, qaynanam ham qiziga nasihat o‘rniga o‘zini past sanamaslik, qadrini bilishga o‘rgatadilar. O‘zlari bevalar faqat ikki qizlari bor, men katta kuyovlariman. Bizni uy sharoitimiz juda ham yaxshi, ayolimga mashina oberganman, o‘ziga shaxsiy biznes qiberganman. Shunda xam nidavollniy, onasi bilan yashash uchun aloxida dom olmoqchi kreditga yoki rassrochkaga, urushaverib charchadim, asabiy bo‘lib qoldim, o‘ylab qolaman urib o‘ldirib qo‘ysamchi deb. Xullas ayolimga aytdim, men sendan noroziman, hammasi uchun noroziman dedim. Buni qaynanam xam onam xam biladilar, uchta farzandimiz bor, shularni deb zo‘rg‘a chidyapmande.  Man ayolimga aytdim kel kelishib olamiz qiyomatda menga osilmisan, men senga javob bermayman deb kelishib oldik. Shu kelishishimiz joizmi? Men ayolim uchun qiyomatda javob bermaymanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz bunchalik o‘z holiga tashlab qo‘ymang. Sekin asta qalbini islomga ulfat qilish harakatida bo‘ling. Javobgar bo‘lasiz. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ أَلَا كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، فَالْإِمَامُ الَّذِي عَلَى النَّاسِ رَاعٍ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ عَلَى أَهْلِ بَيْتِهِ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُمْ، وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ عَلَى بَيْتِ زَوْجِهَا وَوَلَدِهِ وَهِيَ مَسْئُولَةٌ عَنْهُمْ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ogoh bo‘linglar. Barchangiz rahbarsizlar va o‘z qo‘l ostidagilaringizdan so‘ralursizlar. Odamlar ustidan turgan imom rahbardir va u o‘z qo‘l ostidagidan so‘ralur. Er kishi o‘z ahli baytida rahbardir va u o‘z qo‘l ostidagidan so‘ralur. Ayol kishi eri va 
(erining) O‘g‘li uyida rahbardir va u o‘z qo‘l ostidagidan so‘ralur…» – dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifdan oila borasida er ham, ayol ham mas’ul ekani ko‘rinib turibdi.
«Er kishi o‘z ahli baytida rahbardir va u o‘z qo‘l ostidagidan so‘ralur».
Islomda oila boshlig‘i bo‘lish ulkan sharaf hisoblanishi bilan bir vaqtda, buyuk mas’uliyat hamdir. Erkak kishi o‘z oilasidagi barcha ahli baytga mas’uldir. Mas’ul bo‘lganda ham, moddiy-ma’naviy, ruhiy-tarbiyaviy, dunyoviy-uxroviy – hamma-hamma tomonlama mas’uldir. U o‘z ahli baytini: xotini, bola-chaqasini to‘ydirib, kiydirish, uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim-tarbiyali qilish, axloqli-odobli qilish, Allohning yo‘lida yuradigan inson qilish, tinch-omonliklarini ta’minlash va shunga o‘xshash barcha ishlarda mas’uldir.
«Ayol kishi erining uyida rahbardir va u o‘z qo‘l ostidagidan so‘ralur».
Islomda oila bekaligi buyuk sharaf bo‘lishi bilan birga, ulkan mas’uliyat hamdir. Oilaning bekasi bo‘lganidan keyin, uning ichki ishlarining hammasi o‘sha bekaning qo‘lida, ixtiyorida bo‘ladi. Oilaning iqtisodi bekaning tejamkorligiga, o‘ziga ishonib topshirilgan tirikchilik vositalariga xiyonat qilmasligiga va isrof qilmasligiga bog‘liq bo‘ladi. Eng ulkan mas’uliyatlardan biri esa, farzandni tug‘ib, chiroyli boqish, etuk inson qilib tarbiyalashdir. Bu mas’uliyatni muslima ayollar doimo sharaf bilan ado etib kelganlar. Xulosa qilib aytilganda, muslima ayolning oiladagi mas’uliyati beqiyosdir. Erning ishlari muvaffaqiyatli bo‘lishida ayolning tutadigan o‘rnini hech kim inkor qila olmaydi. «Erni er qiladigan ham xotin, er qiladigan ham xotin» deb bejiz aytilmagan. Gap har bir muslima ayol o‘z mas’uliyatini to‘la tushunib etishida qolgan, xolos. (“Baxtiyor oila” kitobidan).
Yuqoridagilarni bilib oilaviy munoabatlarda tajribali solih bir inson topib shu odam bilan maslahat qilib ish tuting. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 16:05 | Savol-javoblar | 163 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar