Bizda uzr bormi?

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar Alloh ishingizga baraka bersin! Savol:1.Men islom.uz telegram kanalida mana bu hadisni o‘qib qoldim Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim nido qiluvchi, ya’ni muazzinni eshitsa-yu, unga ergashishga uzr mone’lik qilmasdan (namozga kelmasa) o‘qigan namozi qabul bo‘lmaydi», dedilar». «Uzr nimadir?» deyildi. «Xavf va bemorlik», dedilar». Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisda uzrsiz masjidga borib, jamoat bilan namoz o‘qimaslik gunoh hisoblanishi, unday odamning o‘zi o‘qigan namozi qabul bo‘lmasligi haqida so‘z bormoqda. 1. Xavf. Agar inson dushman, yirtqich hayvon, yong‘in yoki shunga o‘xshash narsalardan xavfu xatarda bo‘lsa, jamoat namoziga bormasa, uzri maqbul. 2. Bemorlik. Bemor kishi ham ma’zur hisoblanadi. Chunki u jamoat namoziga borishga mashaqqat chekadi. Islom dini odamlarga mashaqqat bo‘lishini xohlamaydi. Mazkur uzrlari yo‘q insonlar, albatta jamoat namoziga borishlari kerak. Bormasliklari mutlaqo mumkin emas. «Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi. Men har kuni ishxonada namoz o‘qiyman menda tepada korsatilgan uzrlar yoq lekin ishxonadan chiqishning imkoniham yo‘q shu ishxonada o‘qilgan namozlarim qabul bo‘lmaydimi?2.Uzr tufayli tayammum qilingan bo‘lsa. Tayammumdan keyin bet qolini yuvsa tayammum ketadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Hadisi sharifdagi “namozi qabul bo‘lmaydi” jumlasidan murod “namozi mukammal bo‘lmaydi, nuqsonli bo‘ladi” deganidir.2). Suv topa olmaganligi sababli tayammum qilgan kishi suv topishi bilanoq tayammumi ketadi. Shuningdek, boshqa biror shar’iy uzr tufayli tayammum qilgan bo‘lsa, o‘sha uzri yo‘qolishi bilan tayammumi ham buziladi. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 08:08 | Savol-javoblar | 152 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar