Savdodagi yolg‘on gap

Assalomu alaykum! Men yaqinda bir ayol kishidan 23milionga mashina sotib oldim savdoyimiz bitgandan keyin haligi ayol erimga 25milionga oldim deb ayting dedi. Eri kelganida mana bular 25milion pul berishdi deb aytdi. Men nima qilishni ham nima deyishni ham bilmay qoldim. Men nima qilishim kerak edi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Yolg‘on gapirish musulmonning xarakteri emas. Kim yolg‘on gapirsa 25% munofiq hisoblanadi. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَرْبَعٌ مَنْ كُنَّ فِيهِ كَانَ مُنَافِقًا خَالِصًا، وَمَنْ كَانَتْ فِيهِ خَلَّةٌ مِنْهُنَّ كَانَتْ فِيهِ خَلَّةٌ مِنْ نِفَاقٍ حَتَّى يَدَعَهَا: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وَإِذَا عَاهَدَ غَدَرَ، وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ، وَإِذَا خَاصَمَ فَجَرَ. رَوَاهُمَا الْأَرْبَعَةُ  Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kimda to‘rta 
(xislat) bo‘lsa, to‘liq munofiq bo‘ladi. Kimda o‘sha xislatlardan bittasi bo‘lsa, o‘shani tark qilmaguncha unda nifoqning bitta xislati bo‘ladi. Qachon gapirsa, yolg‘on gapiradi. Qachon ahdlashsa, ahdni buzadi. Qachon va’da bersa, ustidan chiqmaydi. Qachon xusumatlashsa, fojirlik qiladi», dedilar».
Ikkisini to‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning mazkur ikki hadisi shariflarida munofiqning beshta sifati haqida so‘z ketmoqda. Albatta, bu besh sifat munofiqning mashhur sifatlaridir. Shu bilan birga, munofiqning boshqa sifatlari yo‘q, deb bo‘lmaydi. Munofiqning boshqa sifatlari haqida turli oyati karimalar va hadisi shariflarda so‘z yuritilgan.
Keling, o‘zimiz o‘rganayotgan ushbu ikki hadisi sharifda zikri kelgan munofiqlikning besh sifati haqida alohida to‘xtalib o‘taylik.
1. «Qachon gapirsa, yolg‘on gapiradi».
Yolg‘onchilik munofiqlikning bosh sifatlaridan biri ekan. Yolg‘on gapirgan odam o‘zida munofiqning bir sifati borligini esidan chiqarmasligi lozim.
2. «Qachon ahdlashsa, dog‘da qoldiradi».
Munofiq o‘ziga qarshi taraf bilan yarashuv yoki boshqa maqsadda ahdnoma tuzadi. Ammo u bu ahdnomani unga amal qilish uchun emas, o‘zi bilan ahdnoma tuzgan tarafni dog‘da qoldirish uchun tuzadi. Ikkinchi taraf ahdnomaga ishonib, munofiqdan o‘ziga nisbatan yomonlik sodir bo‘lishidan g‘ofil qoladi. Munofiq esa ahdiga vafo qilmay, qarshi tarafga zarar etkazishda davom etadi. Kelishilgan ahdga vafo qilmaydiganlar o‘zlarida munofiqlikning bir sifati borligini unutmasliklari lozim.
3. «Qachon va’da bersa, ustidan chiqmaydi».
Munofiq va’dani beraveradi, ammo ustidan chiqmaydi. Chunki uning nomi o‘zi bilan munofiq-da. Uning sirti boshqacha, ichi boshqacha. U sirtida va’dani berayotganida ichida unga amal qilishni o‘ylab ham qo‘ymagan bo‘ladi. Va’dasiga vafo qilmaydiganlar o‘zlarining munofiqlardan ekanliklarini esdan chiqarmasliklari lozim.
4. «Qachon xusumatlashsa, fojirlik qiladi».
Bu erdagi xusumatlashish haqni talab qilib tortishish bo‘lishi ham mumkin. Hatto o‘sha paytda ham fojirlik qilish – yomonlikda haddan oshish mumkin emas. Ba’zi bir kishilar o‘z dushmanini qoralashda haddan oshib ketadilar. Bu ham munofiqlikning alomatlaridan biri ekan. Dushman bo‘lsa ham, xusumatlashayotgan bo‘lsa ham uni yomonlashda haddan oshmaslik lozim ekan. Xusumatlashganda fojirlik qilishga o‘tadiganlar o‘zlarida munofiqning sifatlaridan biri borligini eslab quymoqlari lozim.
5. «Omonat unga ishonilsa, xiyonat qiladi».
Bu omonat o‘zaro suhbatdagi bir og‘iz so‘z bo‘lishi mumkin. Yoki o‘ta qimmatbaho narsa bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lsa ham baribir. Omonatga xiyonat qilish munofiqlikning sifatlaridan biriga sohib bo‘lishdir. Chunki xoin omonatni olayotganda sirtini vafodor qilib ko‘rsatadi. Ichida esa omonatga xiyonat qilishni o‘ylayotgan bo‘ladi. Bu esa ayni munofiqlikdir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 09:34 | Savol-javoblar | 159 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar