Ilmda musobaqa qilish

Assalomu alaykum! Ilm o‘rganish jarayonida yoki Qur’on karimni yodlashda yoki boshqa diniy ta’lim olish mobaynida musobaqalashish shar’an joizmi? Meni ilmim raqibimnikidan kam bo‘lmasligi kerak degan ma’noda niyat bilan musobaqalashsa riyo bo‘lmaydimi? Sahobalar shunday musobaqalar o‘tkazishkanmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Mutoffifun" surasida marhamat qiladi:  يُسْقَوْنَ مِن رَّحِيقٍ مَّخْتُومٍ۝ خِتَامُهُ مِسْكٌ وَفِي ذَلِكَ فَلْيَتَنَافَسِ الْمُتَنَافِسُونَ۝ 25. Ular nihoyatda pok, muhrlangan ichimlikdan ichirilurlar.
26. Uning oxiri miskdir. Va musobaqa qiluvchilar shu narsa uchun musobaqa qilsinlar.
Ahli jannat rohat-farog‘atlarining oliy nuqtalaridan biri jannat sharobini ichish ila bo‘ladi. Mazkur sharob «rohiyq» – o‘ta pok, hech narsa aralashmagan bo‘ladi. Bu dunyoda fujjorlar ichgan har turli harom-harish va iflos narsalar aralashgan bo‘lmaydi. Jannat sharobi muhrlangan bo‘ladi. Uning muhrini faqat ichadigan jannatiyning o‘zigina ochadi. Bu dunyodagi fujjorlarning sharobiga o‘xshab, ichiga turli narsalar tushib qolishi, birovlardan ortib qolgan bo‘lishi mumkin emas. Buning ustiga,
«Uning oxiri miskdir».
U ichib, tugatilishi bilan hamma yoqni misku anbar (mushku anbar) hidi tutib ketadi. Bu dunyodagi fojirlar xamrni ichib, tugatganda o‘ta achchiq ta’m va noxush hid chiqishiga aslo o‘xshamaydi.
«Va musobaqa qiluvchilar shu narsa uchun musobaqa qilsinlar».
Ha, oxiratda jannat degan joyda ana shunday noz-ne’matlar, rohatlar mavjud. Bandalar o‘sha narsalarga erishish uchun musobaqa qilishlari lozim. Buning uchun esa iymon keltirib, ibodat va solih amallar qilish kerak.
Bu dunyoda odamlar turli narsalarda bir-biridan o‘tish uchun musobaqa qilishadi, kimo‘zarga urinishadi. Aslida esa yuqorida zikr qilingan oliy maqomga erishish uchun musobaqa qilish lozimdir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 15:25 | Savol-javoblar | 171 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar