Masterkard haqida

Assalomu alaykum! Men chetelda ishlayman. Oyligimiz tushadigan bankdan Masterkard olib ishlataman, bankimiz islomiy bank emas. Masterkard agar hisobingizda pul bo‘lmasa qarzga ishlatib turish uchun pul beradi, lekin Masterkard kontraktida shunday kelushuv bor, agar man har oyning 21-sanasigacha ishlatkan pulimni joyiga qo‘ymasam, keyingi oydagi oyligimdan berilgan qarzni foizi bilan echib oladi. Buni avvaldan bilganim uchun ham, hozirgacha ishlatkan pulimni vaqtidan o‘tkizmay joyiga qo‘yaman va shu bilan riboga kirib qolishni oldini olishga muvaffaq bo‘lyapman. Lekin yaqinda bir do‘stimizga bu haqda gapirgan edim u kishi agar kontaktni boshidayoq shuni bilib, rozi bo‘lgan bo‘lsangiz demak riboga rozi bo‘lganingniz bo‘ladi dedi. Qalbimda shubha paydo bo‘p qoldi. Do‘stimiz haqmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bir vaqtlar hozirgi kunda butun dunyoda tarqalgan “garantiya” sharti yangi chiqqanida ulamolarimiz “bu moldan tashqari evazsiz shart. Shuning uchun bay’ni buzadi” deganlar. Bay’ taqozo qilmagan shart tufayli bay’ni fosid bo‘lishini illati nima ekanligida fuqaholar ixtilof qilganlar. Imom Kosoniy “Bu kabi shartlar tufayli bay’ni fosid bo‘lishiga sabab, u shartlar riboni o‘z ichiga olgani uchundir. Bunday bo‘lishi aqdda evazsiz bir manfaatni shart qilinadi” deganlar. Masalan: bir kishi 10 so‘mga 1 kilo olma sotib olmoqchi bo‘lsa va sotuvchi bilan shunga kelishsa shu vaqtda boshqa bir dona anor ham qo‘shib berish sharti bilan olaman desa 10 so‘m 1 kilo olmaning evazi bo‘ladi, anor esa evazsiz olingan bo‘ladi. Shuning uchun bu bay’ fosid bo‘ladi. Ibn Obidin rahmatullohi alayh esa “Bu shartlarning fosid shart ekanligi ular janjalga olib boradi. Shuning uchun urfga kirgan shartlar joiz, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bay’da shart qo‘yishlikdan qaytarishlari o‘rtada janjal chiqishini oldini olish uchun bo‘lgan. Urf esa o‘sha janjalni yo‘q qiladi. Shu bilan urf hadisdan ko‘zlangan maqsadga muvofiq bo‘ladi” deganlar.  Ibn Obidin rahmatullohi alayhning gaplari ikki jihatdan kuchliroq. Birinchisi hanafiy ulamolari urfga kirib ketgan shartlarga urfning hukmi bilan ijozat berganlar. Go‘yoki xalqni endi bu urf odatdan sug‘irib olishni ilojisi qolmadi. Agar shart qo‘yishni illati riboni o‘z ichiga olgani uchun bo‘lganida har qancha urfga kirmasin bu shartga ijozat berishmagan bo‘lar edi. Chunki ribo urf odat bilan halol bo‘lib qolmaydi. Ikkinchi ish. Sotiladigan moldan tashqari beriladigan barcha ortiqcha narsa ribo bo‘laverishi ham ochiq-oydin ish emas. Chunki o‘sha shart qilingan ortiqcha narsa kelishilgan pulni bir juzi evaziga bo‘lib, sotiladigan molning bir bo‘lagiga aylanadi. Masalan yuqoridagi misolni olsak 10 so‘m pul 1 kilo olma va 1 dona anorning narxi deb olinadi. To‘g‘ri, bu erda bir savdoda ikki savdo qilganga to‘g‘ri kelib qoladi. 10 so‘mdan anorning narxi qancha, olmaning narxi qanchaligi aniq bo‘lmay qoladi. Bu janjalga olib borishi mumkin, ammo o‘sha shart urfga aylanib ketsa urf o‘shandek bitmni joiz bo‘lishiga hukm qilaveradi. Masalan avvalda ham bir poy oyoq kiyimni sotib olgan odam narigi poyini ham tikib berasan deb shart qilishgan. Keyinchalik ipsiz sotilayotgan tuflilarga ip ham qadab berasan degan shartni qo‘yishgan. “Fatavoi Bazzoziya” kitobida “Eski kiyim sotib olgan odam sotuvchiga yirtig‘ini yamab berishni shart qilib sotib olsa durust” deyilgan. Hozirgi kunimizda bunaqangi shartlar nihoyatda ko‘payib ketdi. Qanday maishiy texnika sotib olsangiz yonida garantiya(buzilsa tekinga tuzatib berish) sharti ham qo‘yiladi. Butun dunyoda bu shart keng tarqalgani uchun fuqaholarimiz ham shu shart bilan savdo qilish joiz deganlar. Musulmon kishi kechiktirsa penya to‘lash sharti bilan bo‘lgan bitmni tuzishi mumkinmi? Bu borada zamonamiz ulamolari ixtilof qilishdi. Shu shart bilan bo‘lgan bitmga imzo qo‘yishi, harom ishga qo‘l urish hisoblanadi va bunday qilish joiz emas. Garchi muddatidan kechiktirib yubormaslik niyatini qilsa ham deganlar. Boshqa ba’zilari esa kechiktirmaslikka yuz foiz ishonsa bunday savdoga imzo qo‘yishi mumkin. Bu gapga to‘liq dalil bo‘lmasada dalillikka yaqinlashishi mumkin bo‘lgan Oisha onamizning Barira roziyallohu anho qissasidagi hadisni keltirganlar. Shariatimizda ozod qilingan qulni merosxo‘r xech kimi bo‘lmasdan vafot topsa merosi ozod qiluvchiga tegadi. Shunday tegishini valo deyiladi. Bariraxon cho‘ri edi, uni sotishayotganda Oisha onamizga o‘sha valo huquqi bizda qoladi deb sotishgan. Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Valosi ularda qolish sharti bilan meni sotib olishim durustmi” deganlarida “Valoni ularga shart qilib sotib olavering, chunki(ular xohlasalar ham xohlamasalar ham) valo ozod qilganniki(ya’ni siz ozod qilsangiz sizniki) bo‘ladi deganlar va ularni shu shartni qo‘yishiga ruxsat berganlar. Chunki bu shartga aslo amal qilinmas edi”. Bu hadisni dalil qiluvchilar go‘yoki shartga amal qilinmasa o‘sha shart bilan bo‘lgan bitmni tuzish mumkin degandek bo‘lganlar. Lekin ularni bu dalillari ko‘p ham to‘g‘ri emas. chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keyinchalik u shartni o‘z xutbalarida botil qilib yo‘qqa chiqarganlar. Bizni kunimizda esa bu shartni bekorga chiqaruvchi yo‘q. Birgina narsa u ham bo‘lsa bu shartlar garantiya kabi umumiy urfga aylanib ketsa odamlar usiz savdo qilmay qo‘ysa yoki usiz savdo qilishni aslo iloji qolmasa shu shart bilan savdoga kirishish mumkin, ammo o‘sha shart ijro qilinadigan holatga tushmaslikka harkat qilish kerak. Ya’ni peniya to‘lanadigan holatga tushmaslik kerak. Iloji qolmasligiga bir misol hamma hozirgi kunda elektr, gaz, telefon kompaniyalar bilan har oyning 10 sanasidan kechiktirsa foiz qo‘shilish sharti bilan shartnoma tuzgan. O‘zbekistonda 10chi sanadan kechiktirilsa foiz qo‘shilishi qarori chiqarilgan. Odamlar buni bilsalarda yoki bilmasalarda shartnoma shunday tuziladi. Ommatan xalqqa shu shart bo‘lgani uchun davlatdan svet, gaz olib yoqmang deyishni iloji yo‘q. Boshqa tomondan gaz yoki svetni topishni ham ilojisi yo‘q. Boshqa savdolar hozirgi kunimizda u darajaga etgani yo‘q. Lekin kelgusida bu shart gaz va svetni holatiga tushsa kechiktirmaslikka qasd qilib bitm tuzish mumkin. Boshqa mamlakatlarda bu narsa o‘sha holga kelib bo‘lgan. Shuning uchun o‘sha mamlakatlarning muftiylari bunga fatvo berib bo‘lishgan. Kechiktirmaslikni to‘liq ehtiyot choralarini ko‘rib aniq ko‘zi etgach, o‘sha shart bilan qilinadigan shartnomalarga imzo qo‘yishga ruxsat berishgan. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 18:07 | Savol-javoblar | 144 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar