Kufr ziyoda bo‘lish ma’nosi

Assalomu alaykum! Ustozlar! Kufr keltirib kufrda ziyoda bo‘lish ma’nosini tushuntirib berishlaringizni iltimos qilaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hozir kofir bo‘lib turib musulmonni ustidan kulayotgani shu kufrda ziyoda bo‘lganida. Farzga qarshi chiqib undan fahrlanayotgani kufrda ziyoda bo‘lganida. Alloh taolo "Oli Imron" surasida marhamat qiladi:   إِنَّ الَّذِينَ كَفَرُواْ بَعْدَ إِيمَانِهِمْ ثُمَّ ازْدَادُواْ كُفْرًا لَّن تُقْبَلَ تَوْبَتُهُمْ وَأُوْلَئِكَ هُمُ الضَّآلُّونَ۝  إِنَّ الَّذِينَ كَفَرُواْ وَمَاتُواْ وَهُمْ كُفَّارٌ فَلَن يُقْبَلَ مِنْ أَحَدِهِم مِّلْءُ الأرْضِ ذَهَبًا وَلَوِ افْتَدَى بِهِ أُوْلَئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ وَمَا لَهُم مِّن نَّاصِرِينَ۝  90. Albatta, iymonlaridan keyin kufr keltirib, so‘ngra kufri ziyoda bo‘lganlarning tavbasi hech-hech qabul qilinmas. Ana o‘shalar – o‘zlari adashganlardir.
 91. Albatta, kufr keltirib, kofir holida o‘lganlarning birortasidan, agar er yuzi to‘la oltinni tovon qilib to‘lasa ham, aslo qabul qilinmas. Ana o‘shalarga alamli azob bor. Va ularga hech qanday yordamchilar yo‘q.
Hammasi ma’lum. Sharhning ham hojati yo‘q. Har kim qilganiga yarasha jazosini oladi.
Xuddi shu ma’noda Imom Buxoriy, Muslim va Ahmadlar Nabiy alayhissalomdan quyidagi hadisi sharifni rivoyat qilganlar:
«Qiyomat kuni do‘zax ahllaridan biriga:
– Agar er yuzi to‘la narsang bo‘lganida, o‘zingni qutqarishga fido qilarmiding? – deyiladi. U:
– Ha, – deydi. Shunda Alloh taolo unga:
– Men sendan undan ko‘ra ozroq narsa so‘ragan edim. Otang Odamning sulbidaligingda menga hech narsani shirk keltirmasligingga ahd olgan edim. Sen bo‘lsang, shirk keltirding, – deydi». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 19:39 | Savol-javoblar | 188 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar