G‘ayridinlarga qabr qazish

Assalomu alaykum! Rassiyada musulmon bo‘lmagan insonlar vafot etsa yani rus millatiga mansub (ruslar) odamlar shularni qabristonida qabrini qazib pul ishlasa bo‘ladimi? Agar bir nechta qabir qazib qo‘ygan bo‘lsa gunohini kaforati bo‘ladimi nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mumkin emas. Savobli ishlar qilib Alloh taologa istig‘for ayting. Alloh taolo "Hud" surasida marhamat qiladi:  وَأَقِمِ الصَّلاَةَ طَرَفَيِ النَّهَارِ وَزُلَفًا مِّنَ اللَّيْلِ إِنَّ الْحَسَنَاتِ يُذْهِبْنَ السَّيِّئَاتِ ذَلِكَ ذِكْرَى لِلذَّاكِرِينَ۝ 114. Nahorning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa eslovchilarga eslatmadir.
Ulamolarimiz «Oyati karimadagi «Nahorning ikki tarafida» ado qilinadigan namoz Bomdod, Peshin va Asr namozlari, «kechaning bir bo‘lagida» ado etiladigan namoz Shom va Xufton namozlaridir», – deyishgan.
Darhaqiqat, namoz haqiqiy ruhiy ozuqa, bandaning o‘z Robbi va haqiqiy yordamchisi – Alloh taolo bilan bevosita bog‘lanishidir.
Namoz og‘ir va nozik paytlarda kishiga madad beruvchi omildir.
Namoz dinning ustunidir. Usiz hech bir ahamiyatli ishni ko‘ngildagidek oxirigacha etkazib bo‘lmaydi.
«Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi».
Mo‘min kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi. Namoz o‘sha yaxshiliklarning gultojidir.
Ushbu oyatda og‘ir va ahamiyatli ishlarni qilishda, Allohning amriga bo‘ysunishda, ko‘rsatgan yo‘li va yo‘llagan dinida mustaqim turishdek mas’uliyatli ishda namoz va yaxshilik qilish ila oldinga yo‘l ochishga undash bor. Xuddi shu ma’no Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgandir.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qaerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlik ortidan yaxshilik qil. Uni yuvadi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil!» – deganlar.
«Bu esa eslovchilarga eslatmadir».
Zotan, namoz ham zikr – eslashdir. Yaxshiliklar ham shunday.
Allohning yo‘lida, Uning dinida mustaqim turish uchun sabr ham kerak. Shuning uchun kelasi oyatda sabrga chaqiriladi:وَاصْبِرْ فَإِنَّ اللّهَ لاَ يُضِيعُ أَجْرَ الْمُحْسِنِينَ۝ 115. Va sabr qil. Bas, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoe qilmas. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 00:48 | Savol-javoblar | 179 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar