Kredit va baxolash faoliyati

Assalomu alaykum! Biz baxolash firmasida ishlaymiz. Bunda ko‘proq mijozlarning mulklari ya’ni bino va avtomashinari baxolab beriladi. Va mijoz bu baxolangan xisobotni bankka taqdim qilib kredit oladi. Bunda biz riboga sherik bo‘lib qolamizmi? Biz faqat mulk qiymatini aniqlab beramiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Aynan kreditga aloqasi bo‘lgan xizmatlarni qilmang. Aks holda riboning kotibi bo‘lib qolasiz.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ آكِلَ الرِّبَا وَمُؤْكِلَهُ وَكَاتِبَهُ وَشَاهِدَيْهِ وَقَالَ: هُمْ سَوَاءٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam riboxo‘rni, uning ediruvchisini, kotibini hamda ikki shohidini la’natladilar va «Ular (gunohda) barobardirlar», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisdan riboning qanchalar yomon narsa ekanligini yana ham aniqroq tushunib olamiz. Unga aralashgan har bir kishi Allohning la’natiga qolishi turgan gap. Ular:
1. «Riboxo‘r»
Alloh taolo harom qilgan narsani egan odam albatta, Tangri taoloning la’natiga qolishi tabiiy bir hol.
2. «Uning ediruvchisi»
Ribo beruvchi ham Allohning la’natiga qoladi. Chunki u moliyaviy muomalani harom qilingan yo‘l bilan amalga oshirdi. Holbuki, halol yo‘l bilan tasarruf qilishi kerak edi.
3. «Kotibi»
Ya’ni, ribo muomalasini yozib, hujjatlashtirgan kishi. Chunki u Alloh harom qilgan ishga xizmat qildi va harom ishning yurishiga hissa qo‘shdi.
4. «Ikki shohidni»
Ribo muomalasiga shohid bo‘lib turgan odam ham gunohkordir. Chunki u ham harom ish uchun xizmat qildi, uning rivojiga hissa qo‘shdi. Bu ishga guvoh bo‘lishga rozi bo‘lganligi ana shu harom ishni tan olganining alomatidir.
Islomda ushbu yordamchi ishlarni qiluvchilar ham asosiy aybdorlarga tenglashtirilishi bejiz emas. Har bir jamiyatda biror yomon ishning tarqalishiga asosiy aybdor bilan birga, yordamchi aybdorlar ham barobar hissa qo‘shadilar.
Ba’zi hollarda ishning yuzaga chiqishiga aynan o‘sha yordamchilar sabab bo‘ladilar. Faraz qilaylik, gunoh ishga yordamchi bo‘lishdan hamma barobar bosh tortib, turib olsa, ushbu harom ish o‘sha jamiyatda keng tarqalishi mumkinmi?! Albatta, yo‘q! Shuning uchun ham harom ishlarga umuman yaqinlashish kerak emas.
Biror sababga ko‘ra aralashib qolganlar bo‘lsa, darhol tavba qilib, o‘zlarini chetga olishlari lozim. Hadisi sharifda «ular barobardirlar» deyilishi bejiz emas. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 08:59 | Savol-javoblar | 178 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar