Mast holatda bo‘lgan homila

Assalomu alaykum! Men kayf holatda ayolimga yaqinlik qildim, ayolimda saqlanish moslamasi bor edi, lekin taqdir ekan ayolim homilador bo‘ldi. Bola 6 haftalik ekan. Bu holatda men bu kayf holatda bo‘lgan bola buni oldirib tashlash kerek diyabman. Lekin bu ishni qilishga Allohdan qo‘rqyabman, boshim qotib qoldi nima qilsam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bolani oldirmaysiz. Alloh biror baloni boishingizga solmasidan oldin tavba qilib bu narsani tashlang. Alloh taolo "Niso" surasida marhamat qiladi:  وَمَن يَعْصِ اللّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا وَلَهُ عَذَابٌ مُّهِينٌ۝ 14. «Kim Alloh va Rasuliga itoatsizlik qilib, Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Xamr harom qilingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayrim sahobalari boshqalarining oldiga borib: «Xamr harom qilindi va shirkka tenglashtirildi», dedilar» (Tabaroniy, Hokim rivoyati).
Xamr, shak-shubhasiz, barcha nopok ishlarning onasi bo‘lib, ko‘plab hadislarda uni ichgan odam la’natlangandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Kimki bu dunyoda xamr ichsa va uni ichishga odatlangan holda vafot etsa, oxirat sharobini ichmaydi» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Mast qiluvchi ichimlikni ichgan kishini «Tiynatul xobal»dan (chiqindilar aralashmasi) sug‘orish xususida Alloh huzurida ahd, qat’iy qaror bor», dedilar. «Yo Rasululloh, «Tiynatul xobal» nima?» deb so‘rashgan edi, «Do‘zax ahlining terlari yoki do‘zax ahlidan ajralgan suyuqliklar», deya javob berdilar» (Muslim rivoyati).
Xamrga mukkasidan ketgan kimsa tavba qilmay vafot etsa, jannatga kirmasligi xususida Abu Dardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar:
«Xamrga mukkasidan ketgan kimsa jannatga kirmaydi!»
Boshqa bir hadisda: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: xamrga mukkasidan ketgan, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzgan va sehrni tasdiq qilgan kimsa», deyilgan (Imom Ahmad, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 10:59 | Savol-javoblar | 160 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar