Xadis va Kur’ondagi faktologik xatoliklar

Assalomu alaykum! 1)O‘stoz, Qur’onda(24:26)  "nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir, nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pok xotinlar pok erkaklar uchundir, pok erkaklar pok xotinlar uchundir"  deb aytilgan. Lekin men xaetimda taqvodor ayol fosiq odamga teyganini kurganman. Shunaka holatlar sababli aytilgan oyat avtomatik botil qilinmaydimi? Axir maxsus xolat umumiy qonunga qondirilmagan bulsa, umumiy qonun botil deb xisoblanadiku. Yani "Xamma odamlarning sochi qora" degan gapimga,isbot sifatida birta qora soch ega bulmagan odamni kursatsangiz, gapim botil deb xisoblanadiku. 2) Sheyx Muxammad Sodiq raximaxullox Isrof kitobining 54 betida Ali va Fotima onamizning tuylariga "Ansoriylardan bir guruxi birt necha so’ juxori jamlab kelishdi" deyilgan. Lekin tarix buyicha bilamizki juhori fakat Amerika kontinentida usgani sababli Kolumb uni yerlariga yetmagunicha juxori Evroaziya va Afrika kontinentida 15 asr gacha mavjud bulmagan. Qanday kilib 7 asrda arabistonda juxori mavjud bulganligini tushunmay qoldim. 3) O‘stoz, kuyida aytilgan Qur’on,xadis va real xaetdagi faktlar orasidagi qarama-qarshiligliklarni kupiga uchragan man. Oldin shu qarama-qarshiliklarga "Men noto‘g‘ri tushungandurman, ilmim kam " fikr bilan unchalik axamiyat bermaslikka xarakat qilar edim. Lekin ilm-fan urganganim sari shu qarama-qarshiliklar ko‘payib ketib yuragimi qisa boshladi. Qur’on va xadislarga oshiqligim yuqolib ketishini kundan-kunga kuproq sezyapman. Shu xolat meni rosa kattiq tashvishlantiryapti. Menga nima qilishni maslaxat berasiz. Xurmat va mennatdorchilik bilan, R.U. P.S. ona tilimni yaxshi bilamaganim sababli maktubimda grammatik/orfografik xatoliklardan uzur surayman
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1) Iymon-e’tiqod masalasi ishonchga asoslanadi. Alloh muyassar qilsa, kishi hidoyat topadi. Bo‘lmasa zalolatda yuraveradi. Dunyoda nima sodir bo‘lsa ham, Allohning oyatini botil qila olmaydi. Siz shu narsani yozishingizning o‘zi iymoningizni zaifligiga dalolat qiladi. Bu bilan iymoningizga ham zarar etadi. Shuning uchun oyatni tarjimasini o‘zidan xulosa chiqarmay, uning tafsiriga yoki o‘sha tafsirni biladigan odamga murojaat qilish kerak. Bu oyatning tafsirida ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh shunday deganlar: «Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir. Ana o‘shalar u(bo‘htonchi)lar aytayotgan narsalardan poklangandirlar. Ularga mag‘firat va go‘zal rizq bordir».
Ushbu oyati karimada Alloh taolo islomiy jamiyat hayotidagi muhim bir asosni bayon qilmoqda. U ham bo‘lsa, nopok qalblar o‘zlariga o‘xshagan nopoklar bilan topishishi, o‘z navbatida, pok qalblar o‘zidek pokiza qalblar bilan topishib birlashishidir. Asli nopok insondan doimo nopoklik sodir bo‘ladi. U o‘ziga o‘xshagan nopoklarni yoqtiradi, ular bilan topishadi, doim birga bo‘ladi. Lekin pok kishilarga qo‘shila olmaydi. Shuningdek, pok odam ham doimo poklik bilan yashaydi. Pok kishilarni qidiradi, topadi, birga bo‘ladi. Eru xotin bo‘lishda ham shu. Pok xotinga pok er, nopok xotinga nopok. Agar nopok bilan pok birlashib qolsa, bu hamdamlik uzoqqa bormaydi. Chunki pok bilan nopokning birga bo‘lishlari amri mahol. Shunday ekan, Alloh pok qilib yaratgan, payg‘ambarlikka tanlagan zot – Muhammad sollallohu alayhi vasallam Oishai Siddiqani hamma ayollaridan yaxshi ko‘rishlari u ayolning nihoyatda pokligi sababidan emasmi?! Oisha onamizda zarracha nopoklik bo‘lganida, u muhtarama zotni Allohning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunchalar yaxshi ko‘rishlari mumkin edimi?!
Ana o‘sha pok er va ayollar bo‘htonchilar ularga qo‘yayotgan ayblardan pokdirlar.
«Ularga mag‘firat va go‘zal rizq bordir».
Ularga bu dunyoda mag‘firat – gunohlarini kechish va u dunyoda go‘zal rizq – jannat bordir.
Shu bilan ifk hodisasi — musulmonlar jamoasini katta musibatga solgan hodisa haqidagi oyatlar nihoyasiga etdi. Bu hodisa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oilasining pokligini va bu oilani Allohning O‘zi saqlashini isbot etdi. («Tafsiri Hilol» kitobidan). 
Siz guvohi bo‘lgan holatdagi er-xotin sizning nazdingizda pok yoki nopok. Allohning nazdida ular qandayligini U Zot O‘zi biladi. Bu masalaning birinchi tarafi. Ikkinchidan bu erdagi gap umumiy qoidani ifoda qiladi. Undan istisnolar bo‘lishi mumkin. Siz keltirgan soch masalasida ham shunday. Dunyodagi aksar insonlarning sochi qora (ba’zi hisoblarga ko‘ra 70 %) va har bir irq va millat vakillarida uchraydi. Shu nuqtai nazardan odatda inson sochining rangi deyilganda qora rang kishining zehniga keladi. Undan keyin bu keltirgan misolingiz ham noqis misol. Chunki oyatda hamma poklar yoki nopoklar deyilmagan. Aytilgan gapda faqat shunday bo‘ladi degan ma’no ham yo‘q. Shuning uchun haqiyqiy musulmon dininining ta’limotlarida biror narsani tushunmasa, aqlini va o‘zining ilmini kamligiga yo‘yadi. Allohning oyatini botil qilishga urinmaydi.2). Jo‘xori masalasi ham siz aytganingizdek aniq faktlarga asoslangan gap emas. Bu gaplar hammasi taxmin. Jo‘xori ettinchi asrda hadisi sharifda zikr qilingani kabi, yahudiylarning bizning eramizdan oldi yozilgan muqaddas kitobi «Talmud»da ham zikr qilingan. Jo‘xorini Kolumb Amerikadan o‘n oltinchi asrda olib kelgan deganlar ham, dinni bilmaydigan, ilmga bo‘lgan nisbatlari haminqadar bo‘lgan kishilar ekan. Bo‘lmasa yaxshi o‘rganmay turib bu kabi gapni aytishmas edi. Evropada bo‘lmagan bo‘lsa, yaqin sharqda bo‘lgan. Shuning uchun siz musulmon sifatida o‘z diningizga emas, bugungi aytilyapgan nazariyalarga gumon bilan qarashingiz kerak. Bu hadisi shariflar bizgacha hozirgacha hech qaysi din yoki millat vakillarida yo‘q aniqlik va omonat bilan etib kelgan.3). Sizga nasihatimiz, Alloh taologa taqvo qiling. O‘zidan hidoyat so‘rang. Islom dinini yaxshi o‘rganishga harakat qiling. «Men noto‘g‘ri tushungandurman, ilmim kam» degan fikringizga qayting. Allohning kitobiga shak keltirmang. Iymoningizga zarar etadi. Imkon topib tezroq biron taqvodor ustoz bilan muloqotda bo‘lib turing. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 16:57 | Savol-javoblar | 168 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar