Payg‘ambarimizni Oisha onamizga muhabbatlari haqida hadis sahihmi

Assalomu alaykum! "Oisha onamiz Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasulalloh! Sizning menga bo‘lgan muhabbatingiz qay darajada?” deb so‘raganlarida, u zot sallAllohu alayhi vasallam tabassum qilib: “Ey Oisha! Bilmaysizmi? Men sizni hech kim echa olmaydigan mustahkam arqonning tugunidek yaxshi ko‘raman” dedilar. Mo‘minlar onasi jufti halollari, Allohning habibidan o‘zi uchun aytilgan bundan ko‘ra shirin, bundan ko‘ra yoqimli so‘z eshitgan emas. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu muhabbat izhorlarini azbaroi yaxshi ko‘rganlaridan, keyinchalik ham u zotning muborak qo‘llaridagi jon tomirlarini ushlab: “Menga muhabbatingiz qanday?” deb so‘rar edi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham kulib: “Ey Oisha! Hali ham avvalgidek” deb javob berar edilar". Mana shu hadis haqida iloji bo‘lsa ma’lumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu hadisni ko‘p ulamolar mavzu (to‘qima) hadislar qatorida keltirishgan. Bu ma’nodagi sahih hadislardan imom Buxoriy Sahihlarida rivoyat qilgan quyidagi hadisni bilsak kifoya qiladi: حَدَّثَنِي عَمْرُو بْنُ الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَعَثَهُ عَلَى جَيْشِ ذَاتِ السَّلَاسِلِ، فَأَتَيْتُهُ فَقُلْتُ: أَيُّ النَّاسِ أَحَبُّ إِلَيْكَ؟ قَالَ: عَائِشَةُ». فَقُلْتُ: مِنَ الرِّجَالِ؟ فَقَالَ: «أَبُوهَا. قُلْتُ: ثُمَّ مَنْ؟ قَالَ: ثُمَّ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ. فَعَدَّ رِجَالًا Amr ibn Os roziyallohu anhu shunday so‘zlab berdi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-salosil qo‘shiniga bosh qilib yubordilar. U zotning huzurlariga kelib: «Odamlarning qay biri siz uchun eng sevimli?» dedim. «Oisha», dedilar. «Erkaklardan-chi?» dedim. «Uning otasi», dedilar. «Keyin kim?» dedim. «Keyin Umar ibn Xattob», deb turib, bir qancha kishilarni sanadilar». (Oltin silsila kitobidan ""Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 18:46 | Savol-javoblar | 186 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar