Bozordagi saygaklar

Assalomu alaykum! Hozirgi kunda bozorlarda saygaklik ancha ko‘payib ketgan. Ular bozorga kelgan xaridordan nima kerak ekanligini so‘rab o‘zlari bilgan do‘konlarga olib borishadi va o‘zlarini mollari bo‘lmasa ham o‘zlari xoxlagan narxda sotishadi. Yani do‘konning egasi 100 ming deb turgan tovarni o‘zlari hohlagan narxda sotishadi masalan 150 ming 200 ming 300 ming deb sotishadi. Masalan o‘sha do‘konga xaridorni o‘zi kirsa 100 mingga olishi mumkin bo‘lgan tovar bo‘ladi shunday qilib tijorat qilsa bo‘ladimi? Bita ukamiz so‘raganida mumkin deganida men mumkin emas buning ortidan oddiy va sodda xalq ziyon ko‘radi asl narxidan 2-3 barobar qimmatga olishga majbur bo‘ladi degan edim. Va u bola aytishicha ularning do‘kondorlar bilan ham kelishuvlari bo‘lar ekan masalan men sening do‘koninga xaridor ob kiraman sen sotish narxingni menga sekin qulog‘imgami yoki imo ishora bilan aytib qo‘yasan u yog‘iga o‘zim narx qo‘yib sotaman va senga o‘zing aytgan pulni beraman deb kelshuvlari bo‘lar ekan. Saygaklar aytishicha ular o‘rtada ikki tomon uchun qilayotgan xizmatlaridan pul olishlari sharan joiz ekan, chunki maxsulotning egasi bilan kelishuvimz bor deyapti. Shunday qilib tijorat qilish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz aytgan holda joiz emas. Birinchidan o‘ziniki bo‘lmagan molni sotib bo‘lmaydi. Ikkinchida “dallollik” bilan odamlarni chalg‘itib ularga molni sun’iy qimmat qilib sotib aldashda katta farq bor. Mol egasi bilan kelishib unga vakil bo‘lib sotsa joiz. Lekin bunda xizmatiga yarasha haq olish kerak. Mol egasi faqat molini sotilishini, “saygak” foyda qilishni o‘ylab, xaridorga haqiqatni bayon qilmay aldashlari joiz emas. Xaridorning mol egasi bilan o‘zi muloqot qilishga imkoni bo‘lish kerak. “Saygak”lar o‘rtaga tiqilib, xaridorga ham mol egasiga ham o‘zi shartlarini qo‘yib majburlamasliklari kerak. Bu haqida quyidagi hadislarda shunday deyiladi: وَلأَصْحَابِ السُّنَنِ: لاَ يَحِلُّ سَلَفٌ وَبَيْعٌ وَلاَ شَرْطَانِ فِي بَيْعٍ وَلاَ رِبْحُ مَا لَمْ يُضْمَنُ وَلاَ بَيْعُ مَا لَيْسَ عِنْدَكَ Sunan egalari keltirgan rivoyatda:
«Qarz ustiga savdo halol emas, bir savdoda ikki shart ham, zomin bo‘lmagan narsaning foydasi ham, huzuringda bo‘lmagan narsani sotish ham», deyilgan».
Sharh: 
Ushbu rivoyatda to‘rt xil savdo halol emasligi haqida so‘z bormoqda:
1. «Qarz ustiga savdo».
Bunda bir odam ikkinchisiga bir narsani qarzga beradi. Keyin esa o‘sha narsani ustiga narx qo‘yib, unga sotadi. Bunda riboning shubhasi borligidan ruxsat yo‘q. Chunki Islomda qarzdan foyda olish mumkin emas, riboxo‘rlik bo‘ladi. Qarzning ustiga foyda qo‘yib savdo qilinganda ham shundoq bo‘lganidan man qilingan.
2. «Bir savdoda ikki shart» qo‘yish ham harom.
Misol uchun, senga ushbu kiyimni tikish va bo‘yash sharti ila sotdim, deb bo‘lmaydi. Bitta shart bo‘lsa, bo‘ladi.
3. «Zomin bo‘lmagan narsaning foydasi ham», harom. Ya’ni, bir narsani savdolashib qo‘yib, qo‘liga kelmasdan boshqa odamga sotib yuborishi ham mumkin emas. Chunki bu o‘rtada hech narsa qilmay foyda ko‘rmoqda. Mol hali sotgan odamning qo‘lida turibdi, agar unga biror narsa bo‘lsa ham qo‘lida turgan odam zomin bo‘ladi. Savdolashib qo‘yib qo‘liga olmagan odam zomin bo‘lmaydi.
Demak, bu o‘rtadagi odam faqat foyda ko‘rishi mumkin, xolos. Uning zimmasiga biror mas’uliyat tushmayapti. U xuddi birovning narsasini ustiga foyda qo‘yib sotib, daromad olgan bo‘ladi.
4. «Huzuringda bo‘lmagan narsani sotish ham» harom. Chunki avval ham o‘rganganimizdek, xaridorga berish imkoni bo‘lmagan narsani sotish yo‘q narsani sotish bilan barobar. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لاَ تَلَقَّوُا الرُّكْبَانَ وَلاَ يَبِعْ حَاضِرٌ لِبَادٍ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: فَإِنْ تَلَقَّاهُ إِنْسَانٌ فَابْتَاعَهُ فَصَاحِبُ السِّلْعَةِ فِيهَا بِالْخِيَارِ إِذَا وَرَدَ السُّوقَ. وَلِمُسْلِمٍ وَالتِّرْمِذِيِّ: لاَ يَبِعْ حَاضِرٌ لِبَادٍ دَعُوا النَّاسَ يَرْزُقِ اللهُ بَعْضَهُمْ مِنْ بَعْضٍ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ulov minganlarning oldini to‘sib chiqmanglar. Erlik odam sahrolikka sotib bermasin», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Boshqa rivoyatda:
«Agar bir inson uning oldini to‘sib chiqib, sotib olsa, savdo molining egasi bozorga kelganda ixtiyori o‘zida bo‘ladi», deyilgan.
Imom Muslim va Imom Termiziyning rivoyatida:
«Erlik odam sahrolikka sotib bermasin. Odamlarni tek qo‘yinglar. Alloh ba’zilarini ba’zilaridan rizqlantiraversin», deyilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda bozor qoidalaridan yana biri bayon etilmoqda. Bozor atrofida aylanib yurib, oson yo‘l bilan boylik orttirish maqsadida narx-navoning o‘sishiga sabab bo‘ladigan kishilarning ishi noto‘g‘ri ekani bayon qilinmoqda.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
«Ulov minganlarning oldini to‘sib chiqmanglar» deganlari, tashqaridan bozorga sotgani o‘z mahsulotlarini olib kelayotganlarning oldini to‘sib chiqib, bozordagi narxni bilmaslaridan oldin arzon-garov sotib olmanglar, deganlaridir.
Johiliyat davrida shundoq qiladiganlar bor edi. Hazrati Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu o‘zlari, biz ulov minganlarning oldini to‘sib chiqib, bozorga kelmaslaridan oldin taomlarini sotib olar edik, deganlar.
Sahroda, qishloqda yashaydigan kishilar odatda bozordagi narxdan yaxshi xabardor bo‘lishmaydi, savdo-sotiq ishlarida shahar aholisicha ustomon ham bo‘lishmaydi. Shuning uchun yo‘lini to‘sib chiqib, molini sotib olmoqchi bo‘lgan odamga arzonga sotib qo‘yishi mumkin. Natijada, u ham, bozorga keladigan oddiy kishilar ham zarar ko‘radilar.
Ammo bozorga kelib, vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, mulohaza qilib sotgani yaxshi bo‘ladi. Agar bir kishi o‘z molini oldini to‘sib chiqqan chayqovchiga sotsayu, keyin bozorga kelib, narx-navoni ko‘rib aynib qolsa, molini qaytarib olishga haqi bor.
«Erlik odam sahrolikka sotib bermasin».
Ba’zi rivoyatlarda «dallollik qilib» deyilgan. Shuning uchun ham ulamolarimiz erlikning sahrolikning molini sotib berishi dallollik qilmaslik ila bo‘lsa joiz, deyilgan.
Chunki erlik dallollik qilganda o‘zi foydasini ko‘zlab qimmatroq sotishga harakat qiladi va ko‘pchilik sahrolikning o‘zi sotgan paytdagi arzon narxga ololmaydi. Shuning uchun ham bozorning narxini sun’iy ravishda o‘stirmay, tabiiy holiga qo‘yib berish kerak.
Shariat doirasida harom-xarish aralashmay, o‘zaro rozi bo‘lgan holda tijorat yuraverishi kerak. Bu qoidani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining:
«Odamlarni tek qo‘yinglar! Alloh ba’zilarini ba’zilaridan rizqlantiraversin», degan gaplari bilan ifoda etganlar. Boshqacha qilib aytganda, erkin savdo bo‘lsin, deyilgandir.
Ushbu qoidada Islom shariatida ko‘pchilikning foydasini ko‘zlab ish tutish ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ulov minganning oldini to‘sib chiqish man qilinganda ish bir kishi bilan bitar edi. Shuning uchun sodda odamni ustomon aldamasin, degan asosda ish ko‘rildi. Ya’ni, bitta ustomon sodda dehqonni aldab, arzon narxga molini sotib olmasin, deyildi. Shu bilan birga, o‘sha ustomon molni olib kelib sotganda sodda dehqondan ko‘ra qimmatga sotishi va oraga vositachi kirib narx o‘sishiga sabab bo‘lishi ham nazarda tutilgan.
Hozir ham bunday ishlarning sodir bo‘lishi narx-navoning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Mahsulot etishtiruvchi bilan xaridor orasida vositachi qancha ko‘paysa, narx shuncha o‘sadi. Ba’zi joylarda ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini bevosita sotishi man qilib qo‘yilgan. Natijada narx-navoni rejali ravishda ko‘tarish yuz beradi. Oddiy fuqaro zarar ko‘radi. Uning peshona teri bilan topgan pulini hech bir mehnat qilmay oladiganlar ko‘payadi.
Ikkinchi holatda ish sahrolikning zarariga ketayotganga o‘xshaydi. Chunki agar erlik odam unga sotib bersa, u o‘zi sotgandan ko‘ra ko‘p foyda olishi mumkin edi. Ammo bu holda ko‘pchilik, undan kelib narsa sotib oladiganlar manfaati e’tiborga olingan. Bunda ham vositachilar mehnat qilmay narx-navoni sun’iy ravishda yuqori ushlab turishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun shundoq qilingan. Har bir bozorda shunga o‘xshash tamagirlar bo‘ladi. Ular o‘z foydalarini ko‘pchilik hisobidan topadilar. Islom shariatida bu narsaga ruxsat berilmagan. (“Has’dis va hayot” qitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 00:12 | Savol-javoblar | 166 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar