Buyumlarni yo‘qotganda savob bo‘ladimi

Assalomu alaykum! hayotta insonga kerakli qimatbaho yoki arzon narsalarni yo‘qotganda bu holatni qanday tasvirlash lozim? Va bu savolning asosiy qiysmi shuki bu yo‘qotilgan narsa uchun kuyunish, gapirish, urushish joizmi? Bu yo‘qotilgan narsalar uchun kuyunish hirsga kiradimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Musulmonning boshiga musibat tushganida nima qilish haqida hadislarda quyidagicha keladi: عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَا مِنْ عَبْدٍ تُصِيبهُ مُصِيبَةٌ فَيَقُولُ: إِنَّا للهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ، اللَّهُمَّ أْجُرْنِي فِي مُصِيبَتِي وَاخْلُفْ لِي خَيْرًا مِنْهَا، إِلَّا أَجَرَهُ اللهُ فِي مُصِيبَتِهِ وَأَخْلَفَ لَهُ خَيْرًا مِنْهَا. قَالَتْ: فَلَمَّا تُوُفِّيَ أَبُو سَلَمَةَ قُلْتُ كَمَا أَمَرَنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَأَخْلَفَ اللهُ لِي خَيْرًا مِنْهُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Qaysi bir bandaga musibat etganda «Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun. Allohumma’jurnii fii musibati vaxluf lii xoyrom minha» desa, albatta, Alloh unga ajr beradi va unga buning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi», deganlarini eshitdim.
Abu Salama vafot etganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga amr qilganidek aytdim. Alloh menga uning o‘rniga undan yaxshi zotni – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni berdi».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifda yuqorida o‘rganib chiqqan oyati karimamizning istirjo‘ga, ya’ni «Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun»ni aytishga tegishli qismi ta’kidlanib kelmoqda. Ha, mo‘min-musulmon o‘ziga musibat etganda ham yoki ba’zi hadisi shariflarda aytilganidek, oyoq kiyimining ipi uzilganida ham istirjo‘ aytmog‘i lozim. Undan so‘ng esa ushbu rivoyatda kelayotgan duoni o‘qishi kerak:
«Allohumma’jurnii fii musibati vaxluf lii xoyrom minha» («Allohim, menga musibatimda ajr va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin»).
Bu duoda etgan musibatga sabr qilish, Allohning irodasiga taslim bo‘lish va Alloh taoloning rahmatidan eng og‘ir paytlarda ham noumid bo‘lmaslik sifatlari mujassam bo‘lgan.
Ushbu hadisi sharifning boshqa rivoyatlarida Ummu Salama onamiz roziyallohu anho quyidagilarni aytadilar:
«Abu Salama vafot etganida istirjo‘ aytdim va haligi duoni o‘qidim. So‘ngra o‘zimcha «Menga Abu Salamadan yaxshiroq er qayda», dedim. Iddam chiqqandan so‘ng Rasululloh kelib, kirishga izn so‘radilar. Teri oshlab o‘tirgan edim. Qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. U zotga ichiga xurmoning yumshoq qobig‘i to‘latilgan teri yostiq berdim. O‘tirganlaridan so‘ng menga uylanmoqchi ekanliklarini aytdilar. U zot gaplarini tugatgach, men:
«Ey Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman. Sizga yoqmaydigan narsa mendan sodir bo‘lib, Allohning azobiga duchor bo‘lmay, deb qo‘rqaman. So‘ngra yoshim katta bo‘lib qoldi, buning ustiga, bolalarim bor», dedim. Rasululloh alayhissalom:
«Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yosh to‘g‘rida gapirsang, mening ham yoshim bir erga borib qoldi. Bolalaring bo‘lsa, ular mening ham bolalarim», dedilar. Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi zotni – Rasulullohni berdi».
Ummu Salama onamiz «Bir er bo‘lsa, Abu Salamachalik bo‘lar, men bu duoni o‘qisam, undan yaxshiroq er nasib qilarmidi», deb duoni o‘qimay qo‘yishlari ham mumkin edi. Lekin xayollaridan mana shu fikr o‘tgan bo‘lsa ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytganlariga amal qilish ishtiyoqigina ushbu duoni o‘qishga undadi va o‘zlari kutmagan tomondan Alloh taolo u kishiga dunyodagi eng afzal erni ato etdi. Shuning uchun dinimiz amrlarini surishtirmay, amalga oshirishga harakat qilish kerak. Shundagina to‘liq saodatga erishiladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 14:46 | Savol-javoblar | 164 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar