Daraxtni kesish haqida hadis

Assalomu alaykum! Bizlar bir joyga uy qurish uchun beton qurishga bordik va halaqit qilgani uchun o‘rik va tut daraxtlarini chopib qo‘porib tashladik. Shunda bir tariqatchi odam keldi va suxbat asnosida ho‘l daraxtni mevali yoki soyali daraxtni chopib bo‘lmaydi agar chopish kerak bo‘lsa o‘nta odam o‘nta qog‘ozga daraxt qurigan deb guvohlik berishi kerak shunda chopcha bo‘ladi dedi. Bizlar dalil so‘rasak aytmaydi. Ho‘l daraxtni chopgan yuzi bilan do‘zaxga kiradi degan hadis bor dedi. Haqiqatdan shunday hadis bormi? Yana aytdiki tut daraxti va tuya hayvoni 20 yil yashasa avliyo darajasiga etarkan va qiyomat kuni Alloh ularni guvoxligini qabul qilarmish. Bizlarga aytdiki sizlar tutni chopib avliyoni o‘ldirganlik gunohini oldinglar dedi. Shu gapi to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U tariqatchi odamni hamma gapi ham to‘g‘ri emas. Haqiqatda u kishi aytganga o‘xshash hadis vorid bo‘lgan. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ حُبْشِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَطَعَ سِدْرَةً صَوَّبَ اللهُ رَأْسَهُ فِي النَّارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Abdulloh ibn Hubshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim sidrni kessa, Alloh uning boshini do‘zaxga to‘g‘rilaydi», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Sharh: Sidr - daraxtning nomi. Bu hadisi sharifda odamlarga foyda beradigan daraxtni befoyda kesish haqida so‘z ketmoqda. Hammaga ma’lum sabablarga ko‘ra, foyda olish uchun o‘zining haqi bor daraxtlarnigina kesish mumkin.
Ushbu hadisi sharifdan Islomning nabotot olamiga qanchalik ahamiyat berganini bilib olsak bo‘ladi. Daraxtni behuda kesish tufayli bir kishining do‘zaxi bo‘lishi - oson ish emas. (“Hadis va Hayot” kitobidan).
Hadisi sharifdan xulosa qiladigan bo‘lsak, odamlarga foydasi tegib turadigan daraxt va o‘simliklarni behuda kesib tashlash mumkin emas. Xususan ko‘chalardagi ko‘pchilikning haqi bo‘lgan darxtlar bo‘lsa, bugungi kunda mutasaddi taraflardan ruxsat olib kesish kerak bo‘ladi. Agar daraxt o‘zining erida va o‘zining mulki bo‘ladigan bo‘lsa, uy qurish yoki shunga o‘xshagan zarurat uchun kesilsa zarari yo‘q.
Tuya va tut daraxtining avliyo bo‘lishi to‘g‘risidagi gaplarning hech qanday shar’iy asosi yo‘q. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 19:18 | Savol-javoblar | 147 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar