Nazr yoki qasam

Assalomu alaykum! Inson o‘g‘il farzand ko‘rsam xar yili falon ziyoratgox joylarga ziyorat qilib oborib turaman dib qasam yoki nazr va shunga o‘xshash biror niyat qilishligi (Allohga yuzlanib albatta) mumkinmi? Agar obormasa biror ziyon etishi mumkinmi(o‘ziga, moliga, ishiga...)? Aytgan inson vafot etganligi bois aynan qanday niyat yoki qasam va shunga uxshash biror nima digani aniq emas. Umuman shunga o‘xshash atashlik bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Nazr haqida hadisi shariflarda shunday deyilgan: عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ النَّذْرِ وَقَالَ: إِنَّهُ لاَ يَرُدُّ شَيْئًا وَإِنَّمَا يُسْتَخْرَجُ بِهِ مِنَ الْبَخِيلِ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam nazrdan qaytardilar va u hech narsani qaytarmaydi, u ila baxildan bir narsa chiqarib olinadi, xolos, dedilar».
Sharh: 
Ushbu hadisi sharif haqida ba’zi ulamo ahllarining alohida mulohazalari bor. O‘sha mulohazalarni o‘rgansak, hadisi shariflarni o‘rganish, ular bilan ishlash qoidalaridan yirigini o‘rgangan bo‘lamiz, inshaalloh.
Shayx Muhammad G‘azzoliy quyidagilarni yozadilar:
«Qur’oni Karimni oz tilovat qilishlik va hadislarni ko‘p qiroat qilishlik Islomning daqiq suvratiga erishishga olib bormaydi. Balki, bu ish, agar aytish mumkin bo‘lsa, noto‘g‘ri ovqatlanish bilan barobardir. Chunki, aql va jism barobar bo‘lishi uchun kerakli unsurlarning tavozuni lozim.
Asta-sekin yangidan boshlab, daqiq qarab misollar keltiraylik:
San’oniy nazrni harom deb biladi. U o‘zining bu hukmida Ibn Umarning:
«Nabiy alayhissalom nazrdan qaytardilar va u hech narsani qaytarmaydi, u ila baxildan bir narsa chiqarib olinadi, xolos, dedilar», degan hadisiga suyanadi.
Hech narsani qaytarmaydigan nazr tijoriy oldi-berdilarga o‘xshash, insonning agar bemorligimdan tuzalsam yoki o‘g‘lim imtihondan o‘tib olsa, Alloh uchun falonni nazr qilaman, deyishidir.
Ammo Allohning toati uchun qilinadigan bosh-qa nazrlarda hech qanday tanglik yo‘q. Fiqhiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lsa, bo‘ldi, boshqa to‘siq yo‘q.
Savol shuki, Alloh taolo abrorlarning vasfida:
«Nazrga vafo qilurlar va yomonligi keng tar-qaladigan bo‘lgan Kundan qo‘rqurlar», deb tursa va yana boshqa oyatda:
«So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va qadimgi uyni tavof qilsinlar», degan bo‘lsa, qandoq qilib, nazrlarning barchasi harom, deb hukm chiqarish mumkin?!»
Biz shayx Muhammad G‘azzoliy rahmatullohi alayhining ushbu gaplariga to‘la qo‘shilish bilan birga, yana boshqa ba’zi mulohazalarni ham aytib o‘tmoqchimiz.
Agar Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisi sharifga binoan, «nazr qilish harom» deydigan bo‘lsak, Alloh taoloning:
«Qilgan nafaqangizni yoki nazringizni Alloh, albatta, biladi. Zolimlarga yordamchilar yo‘qdir», degan oyati karimasi qayoqda qoladi?!
Demak, Islom shariati, uning ahkomlari haqida bahs yuritmoqchi bo‘lgan, ularni to‘g‘ri tushunmoqchi bo‘lgan va umuman, dinimiz haqida fikr-mulohaza yuritmoqchi, biror gapni odamlarga etkazmoqchi, o‘zicha ijtihod qilmoqchi bo‘lgan har bir odam avvalo, Qur’oni Karimni yaxshilab o‘rganmog‘i lozim. So‘ngra hadisi shariflarni o‘rganib, keyin boshqa masdarlarga o‘tishi kerak bo‘ladi.
Ulamo ahllarimiz hadisi shariflarning sahih bo‘lishi uchun ularning Qur’oni Karim oyatlariga mos kelishi lozimligini asosiy shart qilib qo‘yganlar. Qur’oni Karimga zohirida zid bo‘lib ko‘ringan har bir hadisni ilmiy yo‘l bilan, ma’lum qonun-qoidalar asosida ta’viyl qilinadi. Agar ta’viyl qilish imkoni bo‘lmasa, hadis deb da’vo qilinayotgan narsani hadis emas, deb e’lon qilinadi.
Ushbu siz bilan biz o‘rganayotgan, munozaralarga sabab bo‘layotgan, Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisi sharifning ham zohiriy ma’nosini olinsa, Qur’oni Karim oyatiga zid bo‘ladi. Shuning uchun ulamo ahllarimiz bu hadisni ta’viyl qilib: «Bu hadisdagi nahyini zohiriy ma’no bo‘yicha olinmaydi. Agar shundoq qilinadigan bo‘lsa, nazrning hukmi botil bo‘ladi. Nazrga vafo qilish ham soqit bo‘ladi. Bu hadisdagi nahyi nazr qazoi qadarni qaytaradi, insonga o‘zida yo‘q narsani keltiradi, deb e’tiqod qilish mumkin emasligiga oiddir», deydilar.
Bu masala bo‘yicha yana bir mulohaza bor. Agar Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisning zohiriy ma’nosiga qarab, nazr qilish haromdir, degan hukm chiqaradigan bo‘lsak, boshqa yoqdagi ko‘plab hadislarni qo‘yayligu, ushbu o‘zimiz o‘rganayotgan bobdagi, ushbu hadisdan keyin keladigan hadislarga nima deymiz?!
Ha, biror hukmni chiqarishdan oldin unga tegishli barcha dalillar va ma’lumotlarni yaxshilab o‘rganib, solishtirib chiqish lozim bo‘ladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ النَّذْرَ لاَ يُقَرِّبُ مِنِ ابْنِ آدَمَ شَيْئًا لَمْ يَكُنِ اللهُ قَدَّرَهُ لَهُ وَلَكِنِ النَّذْرُ يُوَافِقُ الْقَدَرَ فَيُخْرَجُ بِذَلِكَ مِنَ الْبَخِيلِ مَا لَمْ يَكُنِ الْبَخِيلُ يُرِيدُ أَنْ يُخْرِجَ. رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, nazr odam bolasiga Alloh unga taqdir qilmagan biror narsani yaqin qilmaydi. Lekin nazr qadarga muvofiq keladi va u ila baxil chiqarmaydigan bo‘lgan narsani undan chiqarib olinadi», dedilar».
Ikkovini Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharif o‘zidan oldin kelgan hadisni sharhlamoqda. Bu borada aytilayotgan hadislar aqiyda bobiga, xususan, qazoi qadar masalasiga tegishli ekanligini endi to‘liq tushundik. Islomiy aqiydaga binoan, bu dunyodagi kattayu kichik har bir ish faqatgina Alloh taoloning qazoi qadari ila bo‘ladi. Shunga binoan, musulmon insonning «Menga taqdir qilinmagan narsani keltiradi» degan e’tiqod ila nazr qilishi haromdir.
Agar bundoq nazrdan biror narsa qoladigan bo‘lsa, u ham bo‘lsa, oddiy holatlarda hech kimga biror narsa bermaydigan baxil odam mazkur no-to‘g‘ri e’tiqod bilan nazr qilsa, undan ba’zi kishilar foydalanib qolishlari mumkin, xolos. Lekin Islomda bu kabi «foydalarning» boridan yo‘g‘i yaxshi hisoblanadi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 19:18 | Savol-javoblar | 149 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar