Qarzi xasana nima

Assalomu alaykum! Xurmatli ustozlar qarzi xasana nma ekanligi tushuntirib bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Allohga «qarzi hasana» beradigan kishi bormi?! Bas, U Zot unga bir necha marta ko‘paytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor.
Aslida, «qarz» so‘zi lug‘atda «kesmoq» ma’nosini bildiradi. Qarz beruvchi kishi o‘z molidan kesib, qarz so‘rovchiga beradi. Alloh taolo O‘z dini yo‘lida sarflanadigan molu mulkni Unga berilgan «qarzi hasana»ga, ya’ni oraga sudxo‘rlik va boshqa g‘arazlar qo‘shilmagan qarzga o‘xshatmoqda.
«Allohga «qarzi hasana» beradigan kishi bormi?!»
Bunda ehson, nafaqa qilishga katta targ‘ib bordir. Chunki qarzni muhtojlar oladi, Alloh esa hech narsaga muhtojligi yo‘q, balki barchaning Unga muhtojligi bor Zotdir. Oyatda Alloh taolo ehson qilganlarning sarfini ko‘paytirib berishga va buning ustiga, ularni karamli jannatga kiritishga va’da qilmoqda.
«Bas, U zot unga bir necha marta ko‘paytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor».
Ulamolar Alloh taolo qabul qiladigan yaxshi qarzning shartlarini ham zikr qilganlar:
1. Sadaqa qiluvchining niyati sof bo‘lsin.
2. Sadaqa chin ko‘ngildan, riyosiz, Allohning roziligi uchun berilsin.
3. Halol moldan bo‘lsin.
4. Sifatsiz bo‘lmasin.
5. Eng zarur joyga sarflansin.
6. Sadaqa yashirin holda qilinsin.
7. Minnat qilinmasin.
8. Ko‘p bo‘lsa ham, oz sanalsin.
9. O‘zining yaxshi ko‘rgan molidan bo‘lsin.
10. O‘zini boy sanab, oluvchini kambag‘al sanamasin.
Ma’lumki, sahobai kiromlar har bir oyatga to‘liq amal qilishga shoshilar edilar. Shu ma’noda ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi rivoyat juda ham ibratlidir. Ushbu oyat nozil bo‘lganda Abu Dahdah Ansoriy ismli sahoba:
– Ey Allohning Rasuli, Alloh bizdan qarz xohlayaptimi? – dedi.
– Ha, ey Abu Dahdah, – dedilar sarvari olam. Shunda Abu Dahdah Rasululloh alayhissalomga:
– Qo‘lingizni bering, – dedi-da, u zoti bobarakotning muborak qo‘llaridan tutdi. So‘ngra: – Men o‘z Robbimga bog‘imni qarz berdim, – dedi.
Uning bog‘ida olti yuz tup xurmosi, xotini Ummu Dahdah va farzandlari bor edi. Abu Dahdah bog‘iga kelib, xotini Ummu Dahdahni chaqirgan edi, u:
– Labbay! – deb chiqdi. Abu Dahdah:
– Bog‘dan chiq, men uni Robbimga qarz berdim, – dedi. Ayol esa:
– Qilgan savdoingning daromadi ko‘p bo‘lsin, – dedi-da, darrov bolalari va asbob-anjomlarini ko‘tarib, ko‘chdi. Shunda Nabiy alayhissalom:
– Jannatdagi duru yoqutdan bo‘lgan qanchadan-qancha xurmolar Abu Dahdahniki bo‘ldi, – dedilar.
Yuqoridagi oyatlar ehson-nafaqa qilishga da’vat etdi va buning uchun ulug‘ ajr borligining xabarini berdi. Kelasi oyat esa mazkur ajrning bir qismi haqida bayon qiladi.
("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 01:06 | Savol-javoblar | 207 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar