Ilmsizning savoli

Assalomu alaykum! Biz studentmiz 8 kishi kvartirada yashaymiz ovqatlanib o‘trganmizda choy quyib tarqatyotganmizda oramizdan birimiz o‘ng qo‘lda quyin deydi albatta o‘ng qo‘lda uzatamiz adashib yoki atayin chap qo‘lda quysek o‘sha sherigimiz u choyni ichmaslikkacha boradi ovqat qolib ketadi savolim: bu qanchalik muxim ish. Shariyat olamiga ilk qadam qo‘ygan inson sifatida so‘radm.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tortishadigan narsa emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir yaxshi ishni o‘ng tarafdan qilishni yoqtirar edilar. Shu e’tibordan tarki avlo bo‘lishi mumkin xolos. Ammo chap qo‘lda quyilgan suvni ichmaslikka hech qanday asos yo‘q. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: إِنْ كَانَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم لَيُحِبُّ التَّيَمُّنَ فِي طُهُورِهِ إِذَا تَطَهَّرَ، وَفِي تَرَجُّلِهِ إِذَا تَرَجَّلَ، وَفِي انْتِعَالِهِ إِذَا انْتَعَلَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam poklansalar, poklanishlarida ham, taransalar, taranishlarida ham va kavush kiysalar, kavush kiyishlarida ham doimo o‘ngdan boshlashni juda yaxshi ko‘rar edilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Hadisda yaxshilik, poklikka doir ishlarni o‘ng tarafdan boshlash Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam juda yaxshi ko‘rgan, doimo qilib yurgan ish ekanligini aytish bilan siz bilan biz, ummatlar ham shu ishga ergashishimiz kerakligiga targ‘ib qilinmoqda.
Hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam poklanganlarida ham o‘ng tomondan boshlashni juda yaxshi ko‘rganliklari haqida gap borganligi uchun u g‘usl bobida keltirilmoqda.
Demak, g‘uslda hamma a’zolarni yuvishni o‘ngdan boshlash kerak.
Tahoratda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar.
U zot sollallohu alayhi vasallam sochlarini tarasalar ham boshlarining o‘ng tomonini tarashdan, oyoq kiyimini kiysalar, o‘ng poyini kiyishdan boshlar edilar.
Ushbu hadisning Imom Buxoriy qilgan rivoyatida:
«Barcha ishlarida o‘ngdan boshlashni yaxshi ko‘rar edilar», deyilgan.
Chindan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam barcha yaxshilik, ehtirom, xayr ma’nosidagi bir narsani olish yoki berish, ichish, eyish, kiyish, yuvish kabi ishlarni o‘ng qo‘l bilan qilar va o‘ngdan boshlar edilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 01:49 | Savol-javoblar | 163 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar