Tahoratda tirsakdan tepani qo‘shib yuvish

Assalomu alaykum! Taxoratda qo‘lni tirsakdan tepasini xam qo‘shib yuvish sunnatmi? Agar sunnat bo‘lsa, Xazrati Umardan bizga sunnatmi yoki Xazrati Biloldanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi:عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إنَّ أُمَّتِي يُدْعَونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ غُرّاً مُحَجَّلِينَ مِنْ آثَارِ الْوُضُوءِ، فَمَنِ اسْتطَاعَ مِنْكمْ أَنْ يُطِيلَ غُرَّتَهُ فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ummatim qiyomat kuni tahoratning asaridan peshonalari va oyoq-qo‘llaridan oppoq nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar. Bas, sizdan kim o‘z peshonasidagi qashqasini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar».

Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Qiyomat qoim dahshatlari, u kunning zulmatlari va to‘s-to‘polonlari ma’lum. U kunda birov-birovni taniy olmaydi. Ko‘pchilikning yuzlari qoraygan, ularning betlarini g‘ubor qoplagan bo‘ladi. Ammo bir guruh odamlar yuzlaridan va qo‘l-oyoqlaridan kishining havasini keltiradigan darajada nur taralib, go‘zal holatda ajralib turadilar. Bu baxtiyor insonlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlaridir, umr bo‘yi tahorat qilib, namoz o‘qib o‘tgan musulmonlardir. Ular haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari quyidagilarni aytadilar:
«Albatta, ummatim qiyomat kuni tahoratning asaridan peshonalari va oyoq-qo‘llaridan oppoq nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar».
Biz, «peshonalari oppoq va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan hollarida», deb tarjima qilgan jumla hadisi sharif matnida «g‘urran muhajjaliyn» deb kelgan. Arablarda aslida «g‘urran» lafzi peshonasida oppoq qashqasi bor otga, «muhajjaliyn» esa old va orqa oyoqlarining tuyoqlaridan yuqori qismi oppoq bo‘lgan otga aytiladi. Odatda bu toifa otlar go‘zalligi bilan nihoyatda ko‘p otlar ichida ham ajralib, tanilib turadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlari ham bu dunyoda umr bo‘yi tahorat qilib o‘tganlari tufayli u dunyoda tahorat suvi tekkan joylari oppoq bo‘lib, kishining havasini keltiradigan darajada yaltirab, porlab turar ekan.
Bu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qiyomat kunining qoim bo‘lishiga shak yo‘qligi.
2. Tahoratning qanchalik fazilatli ekanligi.
3. Qiyomat kunida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlari tahorat asaridan peshona va qo‘l-oyoqlaridan nur taralgan holda chaqirilishlari.
4. Qiyomat kunida tahorat asaridan peshonada paydo bo‘ladigan nurni uzaytirish imkoni borligi. Buning uchun yuzni yuvganda bo‘yin taraflarni ham qo‘shib yuvish kerakligi.
5. Qiyomat kunida tahorat asaridan qo‘l va oyoqda paydo bo‘ladigan nurni uzaytirish imkoni borligi. Buning uchun qo‘lni tirsakdan yuqorisini ham qo‘shib, oyoqni to‘piqdan yuqorisini ham qo‘shib yuvish lozimligi. 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham, ushbu hadisning roviysi Abu Hurayra roziyal­lohu anhu ham xuddi shunday qilganlar.
 Odatda, tahorat qilayotganda yuz to‘laligicha, qo‘l chig‘anog‘i bilan, oyoq to‘piq bilan qo‘shib yuviladi. Negaki, insonning bu a’zolari doimo chang-to‘zon va turli nopokliklarga duchor bo‘lib turadi. Islomda aynan ana shu a’zolarni kuniga bir necha bor yaxshilab yuvish har bir musulmonga farz qilingan va u tahorat deb ataladi.  (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 04:44 | Savol-javoblar | 158 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar