Hadis bo‘yicha

Assalomu alaykum! O‘zing ham, moling ham aslida otangnikidir. 1001 hadis Bir joyda shu hadisni ko‘rib qoldim bu hadis to‘g‘rimi va agar to‘g‘ri bo‘lsa ma’nosini umumiy tushintirsangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobida quyidagicha kelgan: جَاءَ رَجْلٌ إِلَى النَّبِيِّ  فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ لِي مَالًا وَوَلَدًا وَإِنَّ وَالِدِي يَحْتَاجُ مَالِي، فَقَالَ: أَنْتَ وَمَالُكَ لِوَالِدِكَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, mening molim, bolam bor va shu bilan birga, otamning molimga ehtiyoji bor», dedi. U zot:
«Sen ham, moling ham otangnikidir», dedilar». 

Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Sharh: Shu ikki rivoyatdan ulamolarimiz «Ota-onaning nafaqasi bola uchun vojibdir», degan hukmni olganlar.
Imom Shofe’iy «muhtoj» so‘zini e’tiborga olib, «agar muhtoj bo‘lsalar», degan shartni qo‘shganlar.
Ammo jumhuri ulamolar «Muhtoj bo‘lsalar ham, bo‘lmasalar ham, baribir. Chunki bola kasb bo‘lganidan keyin muhtoj bo‘lishi shart emas», deganlar. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 06:22 | Savol-javoblar | 179 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar