Alloh yo‘lida xizmat

Assalomu alaykum! Bir xamkasbimning shunday deyayotganini eshitdim «Alloh bizlarni namoz o‘kishimiz uchun emas, balki Alloh bizlar o‘z yo‘lida xizmat kilishimiz, unga qulchilik qilishimiz uchun yaratgan. Bizning asosiy va oliy maksadimiz Alloh yo‘lida xizmat kilish. Agarda namoz o‘qish bilan jannatga kirib bo‘lganida saxobalarimiz boshlarini sajdadan ko‘tarishmasdi, Qanchadan-qancha saxobalarimiz Alloh yo‘lida xizmat qilayotib jon berishgan. Bir tasavvur qilib ko‘ring, sizning fermangiz va qullaringiz bor, qullaringiz biror ish qilishmaydida lekin ertalabdan kechgacha sizga sajda qilib, sizdan o‘z extiyojlarini so‘rab chiqishadi, vaxolanki mollaringiz ochlikdan o‘lyapti. Qullar sizga xizmat qilishi kerak emasmi?». Xamkasbimning bu gaplari qanchalik to‘gri? O‘zbek axli ilmlaridan xam, internet tarmoklaridan xam «Alloh yo‘lida xizmat qilish» mavzusida biror maqola yoki maruza topolmadim. «Alloh yo‘lida xizmat qilish» kanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo insoniyatni unga ibodat qilishlari uchun yaratgan.
O‘sha hamkasbingiz dinni yaxshilab o‘rganib keyin gapirsin. Namoz balog‘atga etgan har bir musulmonga farz (majburiy)dir. Namozning farzligini inkor qilgan kishi kofir bo‘ladi. Namoz – Islom dinining ikkinchi rukni, kalimai shahodatdan keyingi eng ulug‘ farz sanaladi. Namozdan muhimroq, undan ulug‘roq va ahamiyatliroq boshqa ibodat yo‘q. Qur’oni Karimning juda ko‘p o‘rinlarida insonlar namoz o‘qishga targ‘ib qilingan, namoz musulmonlikning asosiy belgilaridan, Islomning muhim ruknlaridan ekani zikr etilgan. Qur’oni Karimning oltmish besh oyatida namoz kishi iymonining dalili ekani zikr etilib, mo‘minlar namozni to‘kis ado etishga, namozlarini muhofaza qilishga buyurilgan.Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:"إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلاَتُهُ فَإِنْ صَلُحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ"...رَوَاهُ الإمامُ الدَّارِمِيُّ وَالإمامُ أَحْمَدُ ya’ni: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani – uning namozidir. Agar (namozi) to‘g‘ri (ado etilgan)bo‘lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar (namozi) fosid bo‘lsa, shubhasiz, noumid bo‘libdi, yutqazibdi ...” (Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyatlari). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 10:32 | Savol-javoblar | 152 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar