Xasaddan qo‘rqyapman

Assalomu alaykum! Studentman, bo‘sh vaxtimda tortlar pishiraman, pishiriqqa juda qiziqaman. Yaqin bir dugonam xam xar xil taomlar, tortlar pishirishga juda usta, ammo u pishirgan taomlar manikidan chiroyliroq bo‘ladi, rasmlarini ko‘rganimda ichimdan g‘alati xis o‘tadi, go‘yo man xasad qilgandek bo‘laman, shunda xasad gunoxligini eslab o‘zimni chalg‘itaman, o‘zim bundan juda qattiq qo‘rqaman, xasad qilib qo‘ymay deyman, bunaqa xolatlarda nima qilish joiz, xasad qilmaslik uchun nima kilish kerak.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! «Va hasad qilgan hasadchining yomonligidan», deb ayt». Falaq surasi 5-oyat.
Hasad bir shaxsning birovga etgan yaxshilikning yo‘q bo‘lib, o‘ziga o‘tishini orzu qilishidir. Chunki hasad qiluvchi birovga yomonlikni orzu qiladi. Lekin «Falonchiga etgan yaxshilikka havas qildim, Alloh menga ham shu narsani bersaydi», desa, bu hasad emas.
Alloh taologa osmonda ham, erda ham birinchi isyon hasad tufayli sodir bo‘lgan. Iblis Odam Atoga hasad qildi, unga Alloh bergan martabani ko‘ra olmadi. Allohning amriga bo‘ysunmadi. Odam Atoga sajda qilmadi, osiy bo‘ldi. Natijada Alloh taolo Iblisni jannatdan haydadi va qiyomatgacha unga O‘z la’natini yog‘diradi.
Erdagi isyon Qobil Hobilga hasad qilgani tufayli sodir bo‘ldi. Chunki Alloh Hobilning qurbonligini qabul qilib, Qobilnikini qabul qilmagan edi.
Hasad nihoyatda katta gunoh va xaloyiq boshiga tushgan ulkan musibatdir. Hasad jamiyatning va uning har bir a’zosining boshiga kulfat soladi. Odamlar orasidagi dushmanliklar, kelishmovchiliklar va barcha yomonliklar hasad tufayli kelib chiqadi. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’onda boshqa yomonliklarni jamlab aytsa ham, hasaddan panoh so‘rashni alohida zikr qilyapti. «Hadis va hayot» kitobidan.
Hasad birinchi bo‘lib hasadchiga zarar beradi, shuning uchun siz o‘zingizga yoqqan narsani ko‘rsangiz Maashaa Alloh deng va uni uddalagan inson haqiga yaxshi tilak ayting, o‘zingiz ham shunday yaxshi ishlar qilishga harakat qilib ilm oling. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 12:32 | Savol-javoblar | 166 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar