Aybini berkitib sotish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, savdo sohasida ish yuritaman, mebel magazinda savdogar bo‘lib ishlayman. Kecha bir shunday voqea yuz berdi. Bir mijoz yumshoq mebel sotib oldi va yonida jurnalnыy stoli ham bor edi. Uni braki, ya’ni ozgina titilgan joyi borakan, man buni sheriklarimga aytsam “xech nima qilmaydi, oborib beruramiz, agar mijoz ko‘rib qolsa almashtirib beramiz” deyishdi. Mijoz xabar topmadi, oborib tashlab keldik. Aytingchi ustozlar, shunday holatda gunohi kimga bo‘ladi? Boshlig‘imizga shuni xabarini beraymi? Agar boshliqni o‘zi ham shu ishni qilishiga qarshilik qilmasa bizga topganimiz halol bo‘ladimi? Bu birinchi marta bo‘layotgan voqea emas, deyarli har doim bo‘lib turadi. Hadislarda o‘qiganimda bir joyda yomonlik bo‘lsa qaytarish kerak deganini. Savdoda aybini aytib sotish kerakligini bilaman, lekin sheriklarimga har safar shu narsani tushuntirmoqchi bo‘lsam “san berilib ketibsan, taqvodor bo‘p ketibsan” deb gapimni inobotga olishmaydi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Moldagi aybni oldi-sotdida berkitishlik harom amallardan hisoblanadi. Shuning uchun musulmon molini aybini aytishligi yoki hech bo‘lmaganda molni qarab oling keyinchalik aybi chiqsa, men unga kafil bo‘lmayman deyishi zarurdir.لَا يَحِلُّ كِتْمَانُ الْعَيْبِ فِي مَبِيعٍ أَوْ ثَمَنٍ ؛ لِأَنَّ الْغِشَّ حَرَامٌ “Mol yoki puldagi aybni yashirish halol emas. Chunki, aldov haromdir” (Raddul muhtor).إذَا بَاعَ سِلْعَةً مَعِيبَةً، عَلَيْهِ الْبَيَانُ وَإِنْ لَمْ يُبَيِّنْ قَالَ بَعْضُ مَشَايِخِنَا يَفْسُقُ وَتُرَدُّ شَهَادَتُهُ “Aybli molni sotayotganda aybini aytib sotish vojib bo‘ladi. Agar bayon qilmasa, ba’zi mashoyixlarimiz (o‘sha sotuvchi) fosiq bo‘ladi va shahodati rad etiladi deganlar” (Raddul muhtor).وَصَحَّ الْبَيْعُ بِشَرْطِ الْبَرَاءَةِ مِنْ كُلِّ عَيْبٍ وَإِنْ لَمْ يُسَمِّ بِأَنْ قَالَ بِعْتُك هَذَا الْعَبْدَ عَلَى أَنِّي بَرِيءٌ مِنْ كُلِّ عَيْبٍ “Nomlarini aytmay har bir aybdan baroatni shart qilib oldi-sotdi qilish durust bo‘ladi. Masalan, bu qulni barcha aybidan bari’man (yaxshilab ko‘rib oling keyin aybi chiqsa, tan olmayman) deb sotish kabi”. (Raddul muhtor). Haromni ko‘rib turib qaytarish kerak edi. Qaytarmasangiz siz ham sherik bo‘lib qolasiz.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإِيمَانِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّAbu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan kim bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin, ana o‘sha eng zaif iymondir», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Boshqa muhaddislar bu hadisi sharifni ko‘proq amri ma’ruf va nahyi munkar bobida keltiradilar. Bizning muallifimiz esa iymonning ziyoda va kam bo‘lishi bobida keltiribdilar. Buning farqi yo‘q, ikkisi ham barobar. Bu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min-musulmon kishining munkar, Islom dini tomonidan inkor qilingan ishlarga nisbatan munosabatiga qarab, iymoni kuchli yoki zaif bo‘lishini bayon qilmoqdalar. «Munkar ish» deganda din, shariat tomonidan inkor qilingan yomon ish tushuniladi. Chin mo‘min inson o‘z jamiyatida bo‘layotgan munkar ishni ko‘rib-bilib turib, befarq qola olmaydi. Mo‘min kishi munkar ishni ko‘rganida uch holatdan birida bo‘lishi mumkin, xolos:
1. «Munkar ishni qo‘li bilan qaytarish».  Bu «kuch ishlatib» degan ma’noni bildiradi. Ya’ni bo‘layotgan yomon ishni to‘xtatish, uni qaytarish uchun kuch sarflasin. Bu ko‘proq qo‘lida hukmi bor, imkoni bor mo‘minlarga tegishli bo‘ladi. Yana munkarni qaytarishdan oldin holatga qaraladi. Har qanday shaxs aralashsa bo‘ladigan, kuchi etadigan ish bo‘lsa, albatta, o‘sha odamga bu munkarni kuch bilan qaytarish vojib bo‘ladi.
2. Munkar ishni tili bilan qaytarish.  Bu qo‘li bilan qaytarishga qodir bo‘lmaganlarning ishi. Bu ish ikkinchi navbatda, birinchisiga qodir bo‘lmagan taqdirdagina joriy bo‘ladi. U vaqtda mo‘min-musulmon odam tili bilan gapirib, munkar ishning yomonligini bayon etadi, uni qilmaslikka chaqiradi. Bu ish har bir imkoni bor mo‘minga vojibdir. Iymoni taqozo qilgan burchdir. Lekin gohi vaqtlarda zulm, tazyiq haddan oshib, og‘iz bilan gapirgan mo‘minga zarar etishi, uning joniga, shaxsiga va boshqa tomonlariga tahdid solinishi mumkin. Bunday noiloj holda qolgan odam so‘nggi, uchinchi darajaga tushishga majbur bo‘ladi.
3. Munkar ishni dili bilan qaytarish. Chin dildan «shu ish bo‘lmasligi kerak edi, ammo, ming afsuski, bo‘ldi. Bu ishni qo‘lim bilan o‘zgartirishim kerak edi, ammo qila olmadim. Bu ishni hech bo‘lmasa tilim bilan o‘zgartirishim kerak edi. Ammo buni ham qila olmadim. Endi dilim bilan inkor qilishdan boshqa choram qolmadi», deyiladi. Bu esa eng zaif iymon bo‘ladi. Bundan ham zaif iymon bo‘lishi mumkin emas. Buni ham qilmasa, o‘sha zaif iymon ham qolmaydi. Iymoni kuchli mo‘minlar esa hech narsadan qo‘rqmay, munkar ishni o‘z vaqtida inkor qiladilar. Alloh xohlasa, «Amri ma’ruf va nahyi munkar» bobida bu haqda batafsil so‘z yuritamiz. Ushbu bobda esa yomonlikni inkor qilish iymonga taalluqli ish ekanligini yaxshilab tushunib olishimiz lozim. Kishi yomonlikni qanchalik ko‘p inkor qilsa, qaytarsa, shunchalik iymoni ziyoda va baquvvat bo‘lishini tushunib olishimiz kerak. Aksincha, yomonlikni inkor qilishi qanchalik oz va kuchsiz bo‘lsa, iymoni ham shunchalik zaiflashib borishini bilmog‘imiz lozim. Ana o‘shanda nima uchun iymonsiz jamiyatda, iymon bilan ishi yo‘q, iymon qadrlanmaydigan jamiyatda yomonlik ko‘payib ketishini anglab etamiz. Ana shundagina Allohning oxirgi va mukammal dini – Islomda munkar ishni o‘zgartirishga, inkor qilishga bunchalar katta ahamiyat berilganini tushunib etamiz. Ana shundagina nima uchun musulmonlar ushbu hadisi sharifga to‘liq amal qilgan davrlarida dunyodagi peshqadam millat bo‘lganlarini anglab etamiz. Ana o‘shandagina nima uchun musulmonlar bu hadisga amal qilmay qo‘yganlarida tushkunlik tomon yuz tutganlarini to‘g‘ri fahmlaymiz. Bu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Munkar ishlarga nisbatan murosasiz bo‘lish. 2. Imkoni bo‘lsa, munkar ishni qo‘l bilan qaytarish, o‘zgartirish. 3. Qo‘l bilan qaytarishning imkoni bo‘lmaganda munkar ishni til bilan qaytarish. 4. Qo‘l bilan ham, til bilan ham qaytarishning imkoni bo‘lmaganda dil bilan qaytarish. 5. Munkar ishni dil bilan qaytarish eng zaif iymon ekanligini anglash. Bu hadisning hikmatlari va insoniyatning mazkur hikmatlarga ehtiyoji haqida qancha gapirsak, shuncha oz. Chunki, yomonni yomonlik qilishdan qaytarmaslik har qanday jamiyatni, bora-bora butun insoniyatni halokatga olib borishi turgan gap. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 13:57 | Savol-javoblar | 184 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar