Er belgilarini o‘zgartirgan kimsa haqida hadis

Assalomu alaykum! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kitobini o‘qiyotgan edim. Bir xadisni to‘liq tushunmadim. Tushunmagan joyimi keltiraman: Bid’atchiga joy bergan kimsani Alloh la’natlasin. Er belgilarini uzgartirgan kimsani Alloh la’natlasin. Iltimos shu gaplarni sharxlab bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobida quyidagicha keladi: وَقِيلَ لِعَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَخْبِرْنَا بِشَيْءٍ أَسَرَّهُ إِلَيْكَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا أَسَرَّ إِلَيَّ شَيْئًا كَتَمَهُ النَّاسَ، وَلَكِنِّي سَمِعْتُهُ يَقُولُ: لَعَنَ اللهُ مَنْ ذَبَحَ لِغَيْرِ اللهِ، وَلَعَنَ اللهُ مَنْ آوَى مُحْدِثًا، وَلَعَنَ اللهُ مَنْ لَعَنَ وَالِدَيْهِ، وَلَعَنَ اللهُ مَنْ غَيَّرَ الْمَنَارَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.«Ali roziyallohu anhuga:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam senga sir qilib aytgan narsaning xabarini bizga ayt», deyildi. Bas, u:
«U zot menga biror narsani odamlardan berkitib, sir qilib aytmaganlar. Lekin u zotning:
«Allohdan o‘zgaga 
(jonliq) so‘yganni Alloh la’natlasin. Bid’atchiga joy berganni Alloh la’natlasin. Ota-onasini la’natlaganni Alloh la’natlasin. Er belgisini o‘zgartirganni Alloh la’natlasin», deganlarini eshitdim», dedi».
Muslim rivoyat qilgan. Alloh oliy va bilguvchidir.
Sharh: Ushbu rivoyatdan bir necha haqiqatlarni yaxshilab tushunib olishimiz mumkin. Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nasab jihatidan qanchalar yaqinliklari va u zot alayhissalomning kuyovlari bo‘lganlari uchun yana ham yaqin bo‘lganlari hammaga ma’lum edi. Shuning uchun ham ba’zi kishilar mazkur yaqinlik tufayli «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Aliga va uning oilasiga boshqa birovga aytmagan sirli gaplarini aytgan bo‘lsalar kerak», degan fikrda yurar ekanlar. Shuning uchun ham Ali roziyallohu anhuga bir kishi tomonidan:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam senga sir qilib aytan narsaning xabarini bizga ayt», deyildi».
So‘rovchi o‘zicha, gumon qilinayotgan sirli gapda osonlik bilan ko‘p narsaga erishish yo‘li bayon qilingan bo‘lsa kerak, degan yoki shunga o‘xshash boshqa gumonlarni qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin Hazrati Ali roziyallohu anhu barcha gumonlarni rad etib, haqiqatni aytdilar:
«U zot menga biror narsani odamlardan berkitib, sir qilib aytmaganlar».
Ya’ni «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam odamlarga nimani aytgan bo‘lsalar, menga ham shuni aytganlar. Menga nimani aytsalar, odamlarga ham shuni aytganlar».
Islomda boshqa din va tuzumlardagi kabi, ma’lum toifaga alohida imtiyoz berilmaydi. Barcha odamlar Allohning bandasi. Ularning hammalari Alloh huzurida tenglar. Faqat taqvolari va qilgan amallariga qarab taqdirlanadilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu o‘zicha Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan aytilgan sirli gapni eshitmoqni orzu qilgan shaxsga u zot alayhissalomning ahamiyati sirli gapdan qolishmaydigan bir hadislarini aytib berishga qaror qildilar va:
«Lekin u zotning:
«Allohdan o‘zgaga (jonliq) so‘yganni Alloh la’natlasin. Bid’atchiga joy berganni Alloh la’natlasin. Ota-onasini la’natlaganni Alloh la’natlasin. Er belgisini o‘zgartirganni Alloh la’natlasin» deganlarini eshitdim», dedi».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarida to‘rt toifa kishilarga Alloh taoloning la’nati bo‘lishi ta’kidlanmoqda:
1. «Allohdan o‘zgaga (jonliq) so‘yganni Alloh la’natlasin».
Ushbu hadisi sharifni bu joyda keltirishimizning asosiy boisi ushbu jumladir.
Islomda faqatgina Alloh taologa atab so‘yish so‘yiladi. Alloh taolodan boshqa hech kimga, hech narsaga atab so‘yish so‘ymoq mutlaqo mumkin emas. Islomda kim bo‘lishidan qat’i nazar, na farishtalarga, na Payg‘ambarlarga, na aziz-avliyolarga va na boshqa shaxslarga atab hayvon so‘yish haromdir, Alloh taoloning la’natiga sabab bo‘ladigan ishdir. Shuning uchun har bir musulmon inson bu hukmni yaxshi tushunmog‘i va unga og‘ishmay amal qilmog‘i o‘ta zarurdir.
2. «Bid’atchiga joy berganni Alloh la’natlasin».
Islomda bid’atchilik qanchalik yomon olinishini ushbu jumladan bilib olsak bo‘laveradi. Bid’atchi dinu diyonatimizda yo‘q narsani bor, deb e’tiqod qilishga va uni jamiyatimizda joriy qilishga harakat qiladi. Bu Alloh taoloning diniga o‘zgartirish kiritishga urinish, deb baholanadi. Bid’atchilik dinu diyonatga, elu yurtga va jamiyatga hadsiz-hisobsiz zararlar etkazadi.
Bid’atchiga joy bergan odam esa uni himoya qilgan, unga yordam bergan bo‘ladi. Bid’atchiga joy bergan odam unga buzg‘unchilikda sherik bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo bunday kimsaga joy berganni la’natlaydi.
Har bir o‘zini bilgan musulmon bid’atchidan iloji boricha uzoq bo‘lishga, unga qarshi kurashishga harakat qilmog‘i lozim. Hatto bid’atchi o‘tirgan majlisda o‘tirmasligi kerak.
3. «Ota-onasini la’natlaganni Alloh la’natlasin».
Har bir musulmon farzand o‘z ota-onasiga doimo rahmat, yaxshi duolar olib berishi kerak. Hech vaqt farzand tufayli ota-ona la’nat eshitishi, ularning sha’niga yomon gap aytilishi kerak emas. «Seni tuqqan onangga la’nat», «Seni boqqan otangga la’nat» kabi gaplarga sabab bo‘lgan farzand ota-onasini la’natlagan farzand bo‘ladi. Unday farzandni esa Alloh taolo la’natlaydi.
4. «Er belgisini o‘zgartirganni Alloh la’natlasin».
 «Er belgisi» deganda qo‘shnilarning erlarini bir-biridan ajratish uchun, davlat yoki jamoatchilikka oid erlarni ajratish uchun qo‘yilgan belgilar tushuniladi. Kim o‘sha belgilarni o‘z foydasiga o‘zgartirib olsa, Alloh taoloning la’natiga uchraydi. Chunki bu ish ulkan xiyonat, birovning haqqini hiyla yo‘li bilan o‘ziniki qilib olishdan iboratdir. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 15:45 | Savol-javoblar | 147 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar