G‘ayridin nikohi

Assalomu alaykum! Kitob ahlidan bo‘lganlar Islomni qabul qilishsa ularni nikohi buzilmasdan qolishini bilaman. Lekin kitob ahlidan bo‘lmaganlar shaman yoki buddist bo‘lishsa islomni qabul qilgandan so‘ng yangi nikoh o‘qitishadimi? Agar ularni farzandlari bo‘lsa ular zinodan tug‘ilgan bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Majusiyning eri yoki kofirning xotini Islomga kirganda ikkinchisiga Islom arz qilinadi. Agar musulmon bo‘lsa, nikohlarida qoladilar. Aks holda oralari ajratiladi.
Bunga dalillar ko‘p. Ularni ba’zilarini keltiramiz: عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ رَجُلًا جَاءَ مُسْلِمًا عَلَى عَهْدِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، ثُمَّ جَاءَتِ امْرَأَتُهُ مُسْلِمَةً، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهَا كَانَتْ أَسْلَمَتْ مَعِي، فَرُدَّهَا عَلَيَّ، فَرَدَّهَا عَلَيْهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir kishi musulmon bo‘lib keldi. So‘ngra uning xotini ham muslima bo‘lib keldi. Shunda u: “Ey Allohning Rasuli, u (ayol) men bilan birga Islomga kirgan edi. Uni menga qaytib bering”, dedi. Bas, u zot uni eriga qaytardilar.”
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan. وَعَنْهُ قَالَ: أَسْلَمَتِ امْرَأَةٌ عَلَى عَهْدِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَتَزَوَّجَتْ، فَجَاءَ زَوْجُهَا إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي قَدْ كُنْتُ أَسْلَمْتُ، وَعَلِمَتْ بِإِسْلَامِي، فَانْتَزَعَهَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مِنْ زَوْجِهَا الثَّانِي، وَرَدَّهَا إِلَى زَوْجِهَا الْأَوَّلِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: 
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir ayol Islomga kirdi va erga tegdi. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga uning birinchi eri kelib: “Ey Allohning Rasuli, men musulmon bo‘lgan edim. U (ayol) buni bilar edi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ikkinchi eridan ajratib olib, birinchi eriga qaytarib berdilar”.
Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, biri musulmon bo‘lganidan keyin ikkinchisiga Islomga kirish taklif qilinsa-yu, u bosh tortsa, nikohlari buziladi. Shuningdek, ikkovlaridan biri dorul Islomdan dorul harbga ko‘chib ketsa ham. (Kifoya kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 21:19 | Savol-javoblar | 163 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar