Ishorai sabboba

Assalomu alaykum! Namozda tashahhud paytida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish haqida ma’lumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qachon namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, panjalarini tugib bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo‘yar edilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Ushbu hadisi sharifda tashahhudda o‘tirish va unda qilinadigan ishlar haqida so‘z ketmoqda.
Tashahhudda o‘tirganda o‘ng kaftni o‘ng songa, chap kaft-ni chap songa qo‘yib o‘tirish. Panjalarni qiblaga qaratib o‘tirish.
O‘ng barmoq panjalarini tugib, bosh barmoq yonidagi ko‘rsatgich barmoq ila ishora qilish.
O‘sha barmoqni arabchada «sabboba» deyiladi.
Shuning uchun, tashahhudda qilinadigan ishorani ham «ishorai sabboba» deyiladi.
«Ishorai sabboba» tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha» deganda «Laa ilaaha»ni aytayotganda ko‘rsatgich barmoqni yuqoriga ko‘tarish va «Illallohu»ni aytganda tushirish bilan bo‘ladi. O‘sha barmoqni ko‘tarishda boshqa barmoqlarni yig‘ib olinadi.
Ba’zilar ushbu rivoyatdagi «panjalarini tugib»ni tashahhudga o‘tirishda tugib o‘tiradi, deb tushunganlar. Shuning uchun, avvaldan qo‘llarini mushtga o‘xshatib o‘tirishadi va «Laa ilaaha»ga kelganda ko‘rsatgich barmoqlarini yuqoriga ko‘tarishadi. Panjalarini tugmasdan, barmoqlarni oddiy holatda qiblaga qaratib, uchlarini tizzaga etkazib o‘tirish ko‘proq ma’qul bo‘lgan.
«Sabboba» so‘kish deganidir. Binobarin, «ishorai sabboba» – «so‘kish ishorasi» bo‘ladi.
Tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha Illallohu»ning «Laa ilaaha»sida ko‘rsatgich barmoqni ko‘tarish shaytonni so‘kish bo‘ladi. «Ishorai sabboba»ni qilib barmoqni tushirish shaytonni temir qamchi bilan urishdek gap, deyiladi.
Ishorani qilgandan so‘ng, namoz tamom bo‘lguncha o‘sha barmoqqa qarab turiladi. Ishorai sabboba paytida tugilgan panja namoz oxirigacha ham yozib yuborilmaydi. Vallohu a’lam.

27 Aprel 2022, 17:29 | Savol-javoblar | 257 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar