Rizqni kengroq qilish xaqida

Assalomu alaykum! Oilamizda pul masalasida muammolar bo‘lib turadi, ya’ni etishmovchilik. Rizqimiz kengroq va baraka bo‘lishi uchun qaysi oyatlarni va duolarni o‘qib yurishimiz kerak? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Kunida imkon qilsangiz besh yoki o‘n ming bor istig‘for ayting. Oila a’zolaringizni hammasi aytishsa yanada yaxshi. Bir hafta yoki o‘n kun aytdikku bo‘lmayapti deb turib olmang. Astag‘firullooha robbii min kulli zanbin va atuubu ilayh deb duo qilish kerak. Bu oyat emas, lekin quyidagi oyat asosida aytilgan. Alloh taolo "Nuh" surasida marhamat qiladi: فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا۝ 10. «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta, U ko‘plab mag‘firat qiluvchidir», – dedim».
«Istig‘for»ning lug‘aviy ma’nosi «mag‘firatni (gunohning kechirilishini) so‘rash»dir. Amalda banda tilida «astag‘firulloh» va shu ma’nodagi kalimalarni aytib, dil bilan tasdiqlashidir. Umumiy ma’noda esa istig‘for dindorlikni ifoda etadi. Agar bu oyatga amal qilsangiz... يُرْسِلِ السَّمَاء عَلَيْكُم مِّدْرَارًا۝ وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ وَيَجْعَل لَّكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَل لَّكُمْ أَنْهَارًا۝11. «Shunda ustingizga yomg‘irni mo‘l ko‘l qilib yuboradir.
12. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘u rog‘lar qilib berur hamda anhorlar qilib beradir.
Buyuk vatandoshimiz imom Abul Barakot Nasafiy o‘zlarining «Madorik» nomli mashhur tafsirlarida ushbu oyati karima tafsiriga quyidagi qissani keltiradilar:
Hazrati imom Hasan Basriy o‘z davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida, bir odam kelib, qurg‘oqchilikdan shikoyat qilibdi. Hazrati imom Hasan Basriy: «Istig‘for aytinglar», – deya maslahat beribdilar. Ikkinchisi kelib, kambag‘allikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilibdilar va barchalariga «Istig‘for aytinglar», degan maslahatni aytibdilar. Shunda suhbatdoshlardan Robiy’ ibn Subayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: «Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?» – debdi. Hazrati Imom bu savolning javobiga yuqorida keltirilgan oyatlarni o‘qib beribdilar.
Mazkur oyatda istig‘for bilan rizq bir-biriga bog‘liqligiga ishora qilinmoqda. Qur’oni Karimning ko‘pgina oyatlarida qalb pokligi, dindorlik va hidoyatda yurishdan rizqning mo‘lligi, farovonlik va serobchilik kelib chiqishi ta’kidlangan. Jumladan, «A’rof» surasining 96-oyatida: «Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu erdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik», – deyiladi. Shunga o‘xshash oyatlar «Moida», «Hud» va boshqa suralarda ham bor.
Demakki, qaysi xalq Alloh taolodan qo‘rqsa, yaxshi amallarni qilsa, adolat va omonlikni joriy qilsa, Alloh taolo u xalqni er yuzida peshqadam qilib qo‘yadi. U xalq farovonlik, taraqqiyot va baxtli hayotga erishadi.
Gohida Allohdan qo‘rqmaydigan, iymonsiz xalqlar ham farovonlikka etishishi mumkin, lekin bu sinov uchun bo‘ladi. Keyinroq haqiqiy holat zohir bo‘lib, ko‘zga ko‘rinib turgan faravonlik ortidagi muammolar oshkor bo‘la boshlaydi. Bu Alloh taoloning O‘zidan qaytgan, bandalariga yuborgan azobining boshlanishi bo‘ladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:02 | Savol-javoblar | 191 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar