Nuh to‘fonida faqat bir joyni suv bosganmi

Assalomu alaykum! Nuh alayissalom to‘g‘rilarida shu kungacha kema yasaganlar va o‘sha kemaning ichiga kirgan odam hayvon hashorotlardan boshqa dunyoda tirik jon qolmagan deb bilardim. Savolim hashorot hayvonlar emas odam zot haqida. Bir maruzada eshittim suv toshishi faqatgina Nuh Payg‘ambarimiz qavimlarigagina kelgan balo va boshqa qavmlar o‘sha zamonda ham tirik qolganlar, ularga suv zarar bermagan deb. Shuni tushuntirib bersangizlar. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Hud" surasida marhamat qiladi:   حَتَّى إِذَا جَاء أَمْرُنَا وَفَارَ التَّنُّورُ قُلْنَا احْمِلْ فِيهَا مِن كُلٍّ زَوْجَيْنِ اثْنَيْنِ وَأَهْلَكَ إِلاَّ مَن سَبَقَ عَلَيْهِ الْقَوْلُ وَمَنْ آمَنَ وَمَا آمَنَ مَعَهُ إِلاَّ قَلِيلٌ۝ 40. Nihoyat, amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U(kema)ga har bir(tur)dan bir juftdan hamda avval u haqida so‘z ketgan kimsadan boshqa ahlingni va iymon keltirganlarni ol», – dedik. U bilan birga faqat juda ozchilik iymon keltirgan edi.
Bunday holatlarda har xil gaplar bo‘lishi avvalgi tafsirlarimizda aytilgan. «Tannur nima, kattaligi qancha, favvora qanday otilgan, kemaga nimalar chiqqan-u, qanday chiqqan, qaysinisi oldin chiqqan-u, qaysinisi keyin chiqqan» va hokazo gaplar ko‘p. Bunga o‘xshash narsalar eski paytda «isroiliyot» deb nomlanmish yahudiylarning qissalaridan ba’zi kitoblarimizga o‘tib qolganini muhaqqiq olimlarimiz alohida o‘rganib, isbot qilganlar. Bu ishlarni tushungan holda, ulardan iloji boricha chetlanganimiz ma’qul. Ishonchli bo‘lmagan xabarga, turli asossiz rivoyatlarga suyanib, gapni ko‘paytirishning hojati yo‘q. Qur’oni Karimda aytilganining o‘zi etarli. Tarix, jug‘rofiya ilmlariga kelganda, ijtihod qilish emas, aniq ma’lumotlar kerak. Qur’oni Karim esa hidoyat Kitobi bo‘lganidan, asl e’tiborni ibratga qaratgan. Misol uchun, ushbu to‘fon hodisasida bizga tannurning kattaligi yoki undan favvora qanday otilib chiqqanligi emas, balki nima uchun to‘fon bo‘lib, olamni suv bosdi-yu, bu hodisadan qanday ibrat olishimiz kerakligi muhim. Agar tannurning shakli yoki shunga o‘xshash boshqa ma’lumot biz uchun zarur bo‘lganda, Qur’oni Karimda zikr qilingan bo‘lardi.
Alloh taolo ushbu oyatda to‘fon hodisasining boshlanishidan xabar bermoqda:
«Nihoyat, amrimiz kelib, tannur favvora otganda…»
Ya’ni «To‘fon bo‘lishi haqidagi farmonimiz kelib, tannurdan suv otilib chiqa boshlagan vaqtda Nuhga xitob qilib, dedik:
«U(kema)ga har bir(tur)dan bir juftdan hamda avval u haqida so‘z ketgan kimsadan boshqa ahlingni...»
Ya’ni «Maxluqotlarning har turidan bir juftdan – bir erkak, bir urg‘ochi (qilib) ol. Shuningdek, ahling – oila a’zolaringni ham ol. Magar ahlingdan halok bo‘lishiga so‘z ketib qolganlarini olma», – dedik.
Nuh alayhissalomning oilalaridan halok bo‘lishlariga so‘z ketib qolganlar – xotini bilan bir o‘g‘li. Ularni kemaga olmaslik amr qilindi.
Shuningdek:
«...va iymon keltirganlarni ol», – dedik».
Bundan keyin Allohning O‘zi:
«U bilan birga faqat juda ozchilik iymon keltirgan edi», – deb bayon qilmoqda.
Ha, Nuh alayhissalom uzoq vaqt – ellik sanasi kam ming yil da’vat qilishlariga qaramay, sarkash qavmning ozginasidan boshqasi iymonga kelmadi. Shu sababdan, bu tuzalmas dardisarlarni dunyo tanasidan butunlay kesib tashlash uchun Alloh taolo ularning hammasini g‘arq etishni iroda qildi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:13 | Savol-javoblar | 155 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar