Xabar to‘g‘rimi?

Assalomu alaykum! Ustozlar shu xabar tug‘ri mi? fatvo.uz telegram kanalida uqidim : KORONAVIRUS YuZASIDAN ShAYX TAQIY USMONIY TAVSIYaLARI Zamonamiz allomasi, faqihi, Pokiston diyori sobiq bosh qozisi, muftiy shayx Muhammad Taqiy Usmoniy (hafizahulloh) aytadilar: “Kecha bir solih kishi telefondan menga aloqaga chiqdi. Men u kishini taniyman. Tushida ko‘p bora Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilib turishi haqida xabarim bor edi. Aytishicha, kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushida ko‘ribdi. Ul zot hozirgi kunda hammani tashvishga solayotgan vabo va boshqa barcha yomonliklardan saqlanish uchun quyidagilarni o‘qishni tavsiya qilibdilar: 1. Fotiha surasini 3 marta; 2. Ixlos surasiini 3 marta; 3. “Hasbunalloohu va ni’mal vakiil (- Bizga Alloh taolo kifoyadir va Ul Zot eng yaxshi vakildir)” duosini 313 marta. Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy (hafizahulloh) tush ko‘rgan kishining gapini aytib bo‘lib shunday dedilar: “To‘g‘ri, tush Qur’oni Karim va hadisi sharifday shar’iy hujjat bo‘lmasa-da, bizga tush orqali biror hushxabar kelsa, odatda unga amal qilish foydadan xoli bo‘lmaydi. Shuning uchun tushni ko‘rgan birodarimiz barchaga manfaatli bo‘lishini umid qilib, mendan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mazkur tavsiyalarini tarqatishimni iltimos qildi. Qaysi bir musulmon mazkur tavsiyalarni astoidil bajarsa, Alloh taolo uni bu “KORONAVIRUS” vabosidan O‘z hifzida saqlashini umid qilamiz. Alloh taolo barchamizni panohida asrasin. G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hozirgi kunda biror gapni aytish ko‘p mulohazalarni taqazo qiladigan bo‘lib qoldi. Bir xabarni rost ekanligi kifoya qilmay qoldi. Uni odamlar aqli ko‘taradimi yoki yo‘qmi shunga ham qarash kerak bo‘lib qoldi. Chunki odamlar diniy tushunchalari juda sayoz hamda ba’zi diyor musulmonlari bilan boshqa diyor musulmonlarining din to‘g‘risidagi tushunchalari bir-biridan juda katta farq qilib qolmoqda. Shaxsan o‘zimiz guvoh bo‘lganimiz, Devband ulamolari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilish oddiy bir holat. Oddiy bir misol Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh zamonamizning ruhiy tarbiya borasidagi sanoqli kishilardan hisoblanadilar. O‘zlarining bir maruzalarida balog‘at yoshiga etmasidan turib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yuzdan ziyod ziyorat qilganlarini aytganlar. Mavritaniya olimlaridan Muhammad Hasan Deddu hafizahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni necha bor tushda ziyorat qilganligini so‘ralganida sanog‘ini bilmayman deganlar. Ikki xabar ham Yutub kanalida joylashtirilgan. Hozir ham topishingiz mumkin. Bizni diyor ahli bu ne’matdan ko‘pham nasibador bo‘lmaganlari uchun bu haqida so‘z yuritilsa mazax qilish darajasigacha borishmoqda. Avvalroq shu kabi bir holatni zikr qilganimizda odamlar aqliga sig‘dirisholmay tuhmat qilib xayollariga kelgan gaplarni gapirib yuborishdi. Biz bu borada xabarni noto‘g‘ri deyolmaymiz. To‘g‘ridan to‘g‘ri bu haqida o‘zlaridan so‘rattirgan edik, bu xabarni tasdiqladilar.  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:46 | Savol-javoblar | 150 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar