Xristian dinidagilar

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir narsaga aniqlik kiritib olmoqchi edim. Haq din Islom dini deb atalgandan so‘ng, xristian dinida vafot etgan odam nima bo‘ladi? Ular qanday savol javob qilinadi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Oli Imron” surasi 19-20-oyatlarida marhamat qiladi : إِنَّ الدِّينَ عِندَ اللّهِ الإِسْلاَمُ وَمَا اخْتَلَفَ الَّذِينَ أُوْتُواْ الْكِتَابَ إِلاَّ مِن بَعْدِ مَا جَاءهُمُ الْعِلْمُ بَغْيًا بَيْنَهُمْ وَمَن يَكْفُرْ بِآيَاتِ اللّهِ فَإِنَّ اللّهِ سَرِيعُ الْحِسَابِ۝ 19. Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir. Kitob berilganlar faqat ularga ilm kelganidan so‘ng o‘zaro zulmu hasad qilibgina ixtilof qildilar. Kim Allohning oyatlariga kufr keltirsa, bas, albatta, Alloh o‘ta tez hisob qiluvchidir. Ibodatga sazovorlik yagona Zotga xos bo‘lganidan keyin din yuritish ham yagona Zotning ishi bo‘lishi kerak-da. O‘sha Zotga sig‘inish, Uning amrlariga bo‘ysunib, aytganlarini qilib yashash uslubi ham bir xil bo‘lishi kerak. Shu boisdan: «Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir». Allohning huzurida Islomdan boshqa din yo‘q. Yahudiy, nasroniy, buddiy yoki yana boshqa har xil dinlar Allohning huzurida e’tiborini yo‘qotgan dinlardir. Ularga e’tiqod va amal qilganlar behuda yuribdilar. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin aqiyda ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom aqiydasidir. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin shariat ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom shariatidir. Dunyoda Alloh yagona bo‘lganidan keyin din ham yagona bo‘lishi kerak. U Islom dinidir. Islom bandalarning faqat Allohga to‘liq bo‘ysunishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taologa to‘liq ibodat qilishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘ldan yurishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taoloni ibodatga sazovor yagona Zot deb tan olishidir. Islom bandalarning faqat Alloh taoloni o‘zlari ustidan yagona qoim turuvchi deb tan olishlaridir. Musulmonlardan boshqalar bu haqiqatni tushunib etmaydilar, ixtilof qiladilar. Ularning ixtiloflari sababini kelasi jumla bayon qilib beradi: «Kitob berilganlar faqat ularga ilm kelganidan so‘ng o‘zaro zulmu hasad qilibgina ixtilof qildilar». Ahli kitobning kelishmovchiligi ilmsizlikdan, johillikdan emas. Ularga Alloh tomonidan ilm kelgan edi. Ular Allohning yagonaligini, ibodatga sazovorlikda ham yagonaligini, bandalarning vazifasi nimadan iborat ekanini yaxshi bilar edilar. Bilib turib, ixtilof qildilar. Yahudiylik va masihiylik tarixini o‘rgangan olimlar, hatto ularning o‘z millatlaridan bo‘lgan tarixchilar ilmiy bahslardan so‘ng shuni e’tirof etishganki, bu ikki diyonatdagi ixtiloflar va mazhablarning kelib chiqishiga doir siyosiy tortishuvlar o‘zaro hasad va siyosiy nufuzni oshirish maqsadida qilingan harakatlarning natijasidir. Demak, ular bu buzg‘unchiliklarni bilib turib, qasddan qilganlar. Shu boisdan ham: «Kim Allohning oyatlariga kufr keltirsa, bas, albatta, Alloh o‘ta tez hisob qiluvchidir», – deyilmoqda. Ahli kitobning o‘zaro hasad va dushmanlik tufayli ixtilof qilishlari «Allohning oyatlariga kufr keltirish» deb baholanmoqda. Kufr keltirganlarga esa hisobni tez qiluvchi sifatiga ega bo‘lgan Alloh tezda jazosini beradi. So‘ngra Alloh taolo kelasi oyatda Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ahli kitob va mushriklar bilan orani ochiq qiladigan gapni o‘rgatib, «Ularga gapni cho‘rt kesgin-da, ochiq-oydin yo‘lingda bardavom bo‘laver», – deya buyurmoqda: فَإنْ حَآجُّوكَ فَقُلْ أَسْلَمْتُ وَجْهِيَ لِلّهِ وَمَنِ اتَّبَعَنِ وَقُل لِّلَّذِينَ أُوْتُواْ الْكِتَابَ وَالأُمِّيِّينَ أَأَسْلَمْتُمْ فَإِنْ أَسْلَمُواْ فَقَدِ اهْتَدَواْ وَّإِن تَوَلَّوْاْ فَإِنَّمَا عَلَيْكَ الْبَلاَغُ وَاللّهُ بَصِيرٌ بِالْعِبَادِ۝ 20. Agar sen bilan tortishsalar: «Yuzimni Allohga taslim etdim va menga ergashganlar ham!» – deb ayt. Va kitob berilganlarga hamda savodsizlarga: «Islomga kirdingizmi?» – deb ayt. Agar Islomga kirsalar, bas, batahqiq, hidoyat topibdilar. Agar yuz o‘girsalar, sening zimmangda etkazish, xolos. Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir. Yuz insonning eng oliy a’zosi hisoblanadi. Yuzni Allohga taslim qilish esa o‘sha yuzning egasi butun vujudini Allohga topshirganini bildiradi. «Agar sen bilan tortishsalar: «Yuzimni Allohga taslim etdim va menga ergashganlar ham!» – deb ayt». Nabiy alayhissalomki, o‘zlariga ushbu yo‘lni tanlabdilar, u kishiga ergashgan ummatlari ham albatta shu yo‘lni tanlaydilar. Bundan boshqa gap bo‘lishi mumkin emas. Gap shu erda kesildi. Xo‘sh, talashib-tortishayotgan ahli kitoblar (yahudiy va nasorolar) va kitobi yo‘qlar (savodsiz mushriklar) bunga nima deydilar? «Va kitob berilganlarga va savodsizlarga: «Islomga kirdingizmi?» – deb ayt». Chunki ahli kitob bo‘lsin yoki ahli kitob bo‘lmasin, ular ham Islomga kirishlari kerak, ularga da’vat kelgan. Boshqa chora yo‘q. «Agar Islomga kirsalar, bas, batahqiq, hidoyat topibdilar». Hidoyat topishning yagona yo‘li bor, u ham bo‘lsa, Islomga kirishdir. Boshqa yo‘llar to‘g‘ri emas, hidoyat bo‘la olmaydi. «Agar yuz o‘girsalar, sening zimmangda etkazish, xolos». Nabiy alayhissalomning bu boradagi vazifalari, zimmalariga yuklangan majburiyat etkazib qo‘yish – hidoyat nima ekanini, odamlar qaysi yo‘lga yursalar, najot topishlarini bayon qilish, xolos. «Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir». Ko‘rib turganidan har bir bandaning nima qilganini, qaysi yo‘lga yurganini yaxshi biladi. Va amaliga yarasha jazo yoki mukofot beradi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:01 | Savol-javoblar | 167 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar