Alloh nazar qilmaydigan 3 toifa inson

Assalomu alaykum! Alloh qiyomatda 3 toifa insonga nazar qilmas ekan. Men shu haqida ma’ruzalar eshitdim, lekin taniqli qori domlalar har xil aytishgan. Sizlardan so‘ramoqchi edimki shu 3 toifa insonlar kimlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Aslida unday Alloh nazar qilmaydiganlar juda ko‘p. Ularning ba’zilari quyidagi hadisda kelganlari. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ثَلَاثَةٌ لَا يُكَلِّمُهُمُ اللهُ، وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ وَلَا يُزَكِّيهِمْ، وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ: رَجُلٌ عَلَى فَضْلِ مَاءٍ بِطَرِيقٍ يَمْنَعُ مِنْهُ ابْنَ السَّبِيلِ، وَرَجُلٌ بَايَعَ رَجُلًا لَا يُبَايِعُهُ إِلَّا لِلدُّنْيَا، فَإِنْ أَعْطَاهُ مَا يُرِيدُ وَفَى لَهُ، وَإِلَّا لَمْ يَفِ لَهُ، وَرَجُلٌ سَاوَمَ رَجُلًا بِسِلْعَةٍ بَعْدَ الْعَصْرِ، فَحَلَفَ بِاللهِ لَقَدْ أُعْطِيَ بِهِ كَذَا وَكَذَا، فَأَخَذَهَا  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Uch kishi borki, Alloh ularga gapirmaydi ham, nazar ham solmaydi, ularni poklamaydi ham. Ularga alamli azob bor: yo‘lda ortiqcha suvi bo‘la turib, uni yo‘qsil yo‘lchiga bermagan kishi; birovga faqat mol-dunyo uchun bay’at qilib, agar istagan narsasini bersa, vafo qilgan, aks holda unga vafo qilmagan kishi; yana shunday kishiki, u birov bilan asrdan keyin bir tijorat molini savdolashib, unga falon baho berilganini aytib, Allohning nomiga qasam ichadi, natijada (xaridor) o‘shani oladi».

Izoh: Aslida yolg‘on qasam ichish ulkan gunoh. Ammo ulug‘ va sharafli paytlarda, muqaddas joylarda yolg‘on qasam ichish yanada mudhishroq jinoyatdir. Jumladan, asrdan keyingi vaqt ham kunduzgi va tungi farishtalar hozir bo‘lgani uchun alohida ulug‘vorlik kasb etadi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ثَلَاثَةٌ لَا يُكَلِّمُهُمُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ: رَجُلٌ حَلَفَ عَلَى سِلْعَةٍ لَقَدْ أَعْطَى بِهَا أَكْثَرَ مِمَّا أَعْطَى وَهْوَ كَاذِبٌ، وَرَجُلٌ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ كَاذِبَةٍ بَعْدَ الْعَصْرِ لِيَقْتَطِعَ بِهَا مَالَ امْرِئٍ مُسْلِمٍ، وَرَجُلٌ مَنَعَ فَضْلَ مَاءٍ فَيَقُولُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: الْيَوْمَ أَمْنَعُكَ فَضْلِي، كَمَا مَنَعْتَ فَضْلَ مَا لَمْ تَعْمَلْ يَدَاكَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Uch kishi borki, Alloh qiyomat kuni ularga gapirmaydi ham, qaramaydi ham:
– savdo moli ustida uning uchun berganidan ko‘ra ko‘proq bergani haqida yolg‘on qasam ichgan kishi;
– bir musulmon odamning mol mulkidan urib qolish uchun asrdan keyin yolg‘on qasam bilan ont ichgan kishi;
– ortiqcha suvni bermagan kishi. Alloh: «Sening qo‘ling yaratmagan narsaning ortiqchasini bermaganingdek, Men ham bugun senga fazlimdan bermayman», deydi».
(“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:50 | Savol-javoblar | 154 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar