Inson yana hayot kechiradimi

Assalomu alaykum! Inson qayta tiriladimi? Ya’ni yana shunga o‘xshagan hayot kechradmi yo faqat qiyomatda tiriladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! - Mazkur tushunchani “Tanosuxul arvoh” deyiladi. Ya’ni, ruhlar bir narsadan boshqa narsaga ko‘chib yuradi. Qur’oni Karim va hadisda siz aytib o‘tgan bu tushuncha umuman, e’tiborga olinmaydi.Alloh taolo ruh haqida Qur’oni Karimda marhamat qiladi:«Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt.Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida ikki rivoyat keltiriladi.Imom Ahmad ibn Hanbal, imom Nasaiy, Hokim va Ibn Hibbon kabi muhaddislar hazrati Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Qurayshliklar yahudiylarga: «Bizga bir narsa o‘rgating, manavi odamdan so‘raylik», deyishdi. Ular: «Ruh haqida so‘ranglar», dedilar. Shunda qurayshliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘radilar. Bu so‘rovga javoban: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar», oyati nozil bo‘ldi».Imom Buxoriy va imom Muslim hazrati Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda esa, quyidagilar aytiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madiyna ko‘chalaridan birida borar edim. U kishi bir shoxga tayanib olgan edilar. Shu payt bir guruh yahudiylar duch keldilar. Ular bir-birlariga: «Bundan ruh haqida so‘ranglar», dedilar. Ulardan ba’zilari o‘rinlaridan turib kelib ruh haqida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob bermay, jim turib qoldilar. Men u zot sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelayotganini darhol sezdim. Turgan joyimda kutdim. Vahiy nuzuli to‘xtagandan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar», oyatini tilovat qildilar».Shuning uchun ham, tafsirchi ulamolarimiz, ushbu oyati karima ikki marta, ya’ni, Makkada bir, Madiynada bir nozil bo‘lgan, deydilar.Shu masalada kelgan boshqa rivoyatlarga ko‘ra, yahudiylar ruh haqidagi savolga Allohdan boshqa hech kim javob bera olmasligini avvaldan bilganlar. Tavrotda shu haqda ma’lumot bo‘lgan. Ular qu-rayshliklarga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashni o‘rgatishlari bilan barobar, agar javob bersa, Payg‘ambar emas, javob bermasa, haqiqiy Payg‘ambar bo‘ladi, deyishgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqiqiy Payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham, ruh va uning mohiyati haqidagi savollarga javob bermadilar. Alloh taolo bergan javobni ularga o‘qib berdilar. Bu javob:«Ruh Robbimning ishidir», deyishlik edi. Ruh, uning mohiyati va unga tegishli boshqa narsalar Allohning ishi, bandaning ishi emas. Banda qanchalik maqtanmasin, ilmi ozdir:«Sizga juda oz ilm berilgandir».Bandaning ana shu oz ilm bilan gerdayishi ham olamni oladi. Aslida esa, o‘z idroki etadigan, o‘ziga foyda keltiradigan narsalarni bildirgan Allohga shukr etib, qolganini Allohga havola qilishi kerak edi. Insonning hamma narsasi cheklangandir. Jumladan, aqli, idroki ham mahduddir. U aqli, idroki doirasidagi ishlar ila shug‘ullanib, undan tashqaridagi narsalar xususida behuda bosh qotirmasligi kerak. Bular qatoriga ruh masalasi ham kiradi. Hozirgacha insonning ruh haqida biror narsa bilish uchun qilgan barcha harakatlari behuda ketdi. Ruh haqida hech narsa bila olmadi. Inson ruh haqida bilgan birdan-bir narsa Alloh yuborgan vahiy, xolos.Ana o‘sha Alloh yuborgan vahiy asosida aqoid kitoblarimizda ruh haqida quyidagilar aytiladi. Olamlar ruhlarini olishga vakil qilgan o‘lim farishtasiga iymon keltiramiz. Dalil: 1-«Sen: «Sizlarni o‘zingizga vakil qilingan o‘lim farishtasi vafot etdiradi. So‘ngra, Robbingizga qaytarilursiz»-deb ayt». (Sajda: 11) Jon oluvchi bitta farishta bo‘lmagani uchun boshqa oyatda: 2–«Farishtalar vafot etdiradilar», (Naxl: 28) deyilgan. Shuningdek: 3-«Toki, birortangizga o‘lim kelganida, elchilarimiz sizni vafot etdirur. Ular kamchilikka yo‘l qo‘ymaslar», (An’omsurasi, 61) degan. Farishtaalar jonlarni Allohning amri va izni bilan qabz qiladigan bo‘lganlari uchun: 4-«Alloh jonlarni ularning o‘limi paytida vafot etdirur va uyqusida o‘lmaganlarini ham», (Zumar: 41) degan. O‘lim farishtasiga jonlarni qabz qilish va chiqarib olish topshirilgan. So‘ngra, ularni rahmat farishtalari yoki azob farishtalari qabul qilib oladilar va Alloh taolo xohlaganicha yaxshi va yomon jonlarning turar joylariga olib boradilar. Bularning hammasi, Allohning izni, qazoi qadari, hukmi va amri bilan bo‘ladi. Shuning uchun ham, ularning har biriga, o‘z vazifasiga qarab jon olishni izofa qilsa-nisbat bersa bo‘ladi. Endi ruh va nafs haqida muhim bahslarni qisqagina qilib zikr etamiz. Umid qilamizki, ushbu masalalarni bilishga qiziqqan odamga foyda beradi. Birinchi savol: Ruh nima o‘zi? Bilinki, ruh haqiqati haqida eng avvalo idrok qilish lozim bo‘lgan narsa shulki, u jonli narsalarda hayotning asosidir. Albatta, o‘sha jonli narsa unga ruhning puflanishi bilan tirik bo‘ladi. Undan ruh ajrab chiqishi bilan o‘lik bo‘ladi. Bu ruhning eng yuqori ta’rifidir. Uning chegarasi emas. Ruh ishiga chuqur nazar solinganidan keyin «ruh» so‘zi ikki narsaga ishlatilishi zohir bo‘ladi. 1. Qalbda (yurakda) g‘izolarning xulosasidan tug‘iladigan, his qiluvchi, harakatlantiruvchi, g‘izoning tadbirini qiluvchi latif bug‘ga ruh deyiladi. Bunda barcha joni bor narsalar sherikdirlar. Ya’ni, bu narsa ularning hammasida bordir. O‘sha bug‘ning yupqa yoki qalin, musaffo yoki kir, bo‘lishiga qarab jonli narsadan turli narsalar zohir bo‘ladi. Uning badanda bo‘lishi, xuddi atirguldagi suv yoki ko‘mirdagi olovga o‘xshaydi. Ushbu «Bug‘ga hayvoniy ruh yoki havoyi ruh, deyiladi. 2. Idrok qiluvchi ruh bo‘lib, uni haqiqiy ruh, deyiladi. U esa, haligi bug‘ yoki hayvoniy ruh ustida bo‘ladi. Badan havoyi ruhni ko‘taradigan bo‘lganidek, havoiy ruh ham haqiqiy ruhni ko‘taradigan bo‘ladi. (Hujjatullohi al-Bolig‘a 2-38). Ushbu haqiqiy ruhga, nafs, ham deyiladi. Qur’on, sunnat, sahobalarning ijmo’i va aql dalolat qiladiki, o‘sha nafs-nuroniy, oliy, engil, tirik, harakatlanuvchi, bir jism bo‘lib, a’zolarning javhariga kiradi. Unda xuddi suv atirgulda yurganiga o‘xshab, yog‘ zaytunda yurganiga o‘xshab va olov ko‘mirda yurganiga o‘xshab yuradi. Modomiki, a’zolar ushbu latif jismdan oqib chiqqan ta’sirlarni qabul qilishga solih ekan, o‘sha latif jism ularda yurib turadi. Uning belgilari his qilishni va irodali harakatni ifoda qiladi. Qachonki, a’zolar, ularga qo‘pol axlatlarning ustun kelishi sababli mazkur ta’sirlarni qabul qila olmay qolsa, ruh badandan ajrab chiqib, ruhlar olamiga qo‘shiladi. RUHNING BOShQA MA’NOLARI 1. Gohida Qur’onni ham, ruh, deb nomlanadi. «Shundoq qilib, Biz senga o‘z amirlarimizla Ruhni vahiy etdik». (Shuro: 52) 2. Gohida Jibroil alayhissalomga ham Ruh deyiladi: «Uni Ruhul amiyn olib tushdi». ( Shuaro: 193) 3. Inson badanida kirib-chiqib turadigan havoga ham aytiladi. 4. Allohning tanishlik, Unga qaytishlik quvvatiga ham aytiladi.«Ana o‘shalarning qalblariga iymonni yozdi va ularni O‘zidan bo‘lgan ruh bilan qo‘lladi». (Mujodala: 58) Ikkinchi savol: Ruh qadimiymi yoki keyin paydo bo‘lganmi? Ba’zi so‘filar va faylasuflar, ruh qadimiydir, deganlar. Ammo barcha payg‘ambarlar, ruh keyin paydo bo‘lgan, xalq qilingan, yasalgan, tarbiyalangan narsa ekaniga ittifoq qilganlar. Barcha dinlar olam keyin paydo bo‘lgan narsa ekanligiga iqrordirlar. Sahobalar va tobe’inlar ham ushbu aqiyda ila o‘tganlar. Qur’on va sunnat ta’limoti shunga dalaolat qiladi. Alloh taolo: «Alloh har bir narsaning yaratuvchisidir. U zot har bir narsaga vakildir», (Zumar: 39) deydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bo‘lgan edi. Alloh bilan hech narsa bo‘lmagan edi», deganlar. Uchinchi savol: Ruh o‘ladimi yoki o‘lmaydimi? Ba’zi toifalar, ruh o‘ladi, deganlar. Chunki, u–nafsdir. Har bir nafs esa, o‘limni tatiguvchidir. Shuningdek, u er ustidadir. Alloh esa: «U (er)ning ustidagi har bir kimsa foniydir», (Ar-Rahmon: 26) degan. Nafs - «narsa»dir. Alloh taolo: «U zotning yuzidan boshqa har bir narsa halok bo‘luvchidir», (Qasos: 88) degan. Boshqa toifalar esa, ruhlar o‘lmaydi, degan. Chunki, ular boqiylik uchun yaratilganlar. Badanlargina o‘ladi. Ko‘pgina oyat va hadislar, ruhlar badandan ajraganidan so‘ng ularga yana qaytib kelgunlaricha rohat yoki azobda bo‘lishiga dalolat qilgan. To‘g‘risi shulki; Jasadlardan ajrab chiqish - ruhlarning o‘limidir. Agar o‘limdan ushbu narsa iroda qilinsa, ruhlar o‘ladi. Agar butunlay yo‘q bo‘lib ketishi iroda qilinsa, unda o‘lmaydi. Ular boqiy qoladilar. Dalil: «Ular u erda birinchi o‘limdan boshqa o‘limni tatimaydilar». (Duxon: 56) O‘sha o‘lim ruhning jasaddan ajralishidir. Ruh uchun jasaddan ajrashdan boshqa o‘lim yo‘q. To‘rtinchi savol: «Ruh bir narsami yoki ayri-ayri ikki narsami? Tahqiq shuni ko‘rsatadiki, ruhning zoti bir, e’tibori ikkidir. Idrok qiluvchi narsaga badandan ajragan holida «ruh», deyiladi. Badanda turganida esa nafs, deyiladi. Ular orasidagi farq shunda. Gohida birining o‘rniga ikkinchisi aytilaveradi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:54 | Savol-javoblar | 195 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar