Ayollar kiyimini kiyuvchi erkaklar haqida

Assalomu alaykum! Erkak kishi ayol kishiga taqlid qilib xalqqa tomosha qo‘yishi qanchalik gunoh? O‘sha taqlidchiga qanday nasihat bersa bo‘ladi? Men ijtimoiy tarmoqda bir o‘zbek yigit bo‘yanib ayollar libosini kiyib qo‘shiq aytayotganini ko‘rdim. U(parodist) ekan, Yulduz Usmonovani taqlid qilarkan. Shu kabi ayollar va kelinlar kiyimini kiyadigan yigitga bu qilayotgan ishi noto‘g‘riligini isbotlashga yordam beringlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Unday inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan la’nati inson hisoblanadi. Hoziroq bu ishni tark qilmasa oxirati o‘ta ayanchli bo‘ladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَعَنَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّجُلَ يَلْبَسُ لِبْسَةَ الْمَرْأَةِ، وَالْمَرْأَةَ تَلْبَسُ لِبْسَةَ الرَّجُلِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَلِأَبِي دَاوُدَ وَالطَّبَرَانِيِّ: مَنْ تَشَبَّهَ بِقَوْمٍ فَهُوَ مِنْهُمْ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarga o‘xshab libos kiygan erkakni va erkaklarga o‘xshab libos kiygan ayolni la’natladilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Abu Dovud va Tabaroniy qilgan rivoyatda:
«Kim bir qavmga taqlid qilsa, u o‘shalardandir», deyilgan.
Sharh: O‘z qavmi, o‘z dini va urf-odati turib, boshqalarning turmush tarzini, kiyinish va hayotdagi boshqa narsalarini ustun qo‘yib, jon-jahdi bilan ularga o‘xshashga harakat qilish odamga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. O‘sha odam «har kimga niyatiga yarasha» qoidasiga binoan o‘zi taqlid qilgan qavmdan bo‘ladi. Kofirlarga o‘xshashni orzu qilib uringan bo‘lsa, kofirlardan bo‘ladi. Fojirlarga o‘xshashga harakat qilgan bo‘lsa, fojir bo‘ladi va hokazo...
Islom ummati Alloh taolo yuborgan ta’limotlarning eng mukammaliga, har bir zamon va har bir makonga munosib ta’limotga ravo ko‘rilgan ummatdir. Alloh taolo bu ummatni boshqa barcha ummatlar ustidan shohid qilib qo‘ygandir. Alloh taolo bu ummatga har bir narsada o‘ziga xoslikni berib qo‘ygandir. Shuning uchun ham bu ummatga o‘zidan boshqalarga o‘xshashga harakat qilish, o‘ziga Alloh taolo osmondan tushirib bergan narsani qo‘yib, boshqa millatlar erdan chiqargan narsalarga havas qilish mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Erkaklar ayollarni boshqalardan ajratib turadigan, ularning ayolligini bildiruvchi belgi, alomat bo‘lgan kiyimlarni kiymasligi, ayollarga xos bo‘lgan tashqi qiyofa madaniyatini o‘ziga ravo ko‘rmasligi kerak.
Xuddi shuningdek, musulmonlar boshqa millatlarga xos bo‘lgan, ularni musulmonlardan ajratib turadigan narsalarda ularga taqlid qilmasliklari lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:41 | Savol-javoblar | 151 | Administrator
|
Boshqa savol-javoblar