Ayollarga mashina haydashni o‘rgatish

Assalomu alaykum! Muhtaram ustozlar, bir oz oldin shu saytda “ayollarga mashina haydash joiz emas” deb yozilgan javobni o‘qidim. Qarindoshlarimiz orasida avtomaktab o‘qituvchilari ham bor. Tabiiyki bugungi kunda yurtimizdagi avtomaktablarda ayollar ham mashina haydashni o‘rganishmoqda. Shu javobdan kelib chiqib ayollarga mashina haydashni o‘rgatish ham joiz emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Aslida mashina boshqarishni o‘rganish va o‘rgatish muboh ishdir. Ayol kishini mashina boshqarishini foydali tomonlari bo‘lgani kabi, zararli tomonlari ham juda ko‘p. Bu hech kimga sir emas. Bu ishni ayollar xulqiga sezilarli darajada salbiy ta’siri bor. Ustozimiz rahimahulloh bizning sharoitimizdan kelib chiqib, ayollarni mashina boshqarishlarini ma’qul ko‘rmaganlar. Qolaversa ustoz shogird ayol bilan mashinada yolg‘iz qolsa joiz emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mo‘mina-muslima ayollarning har qanday begona erkak bilan, hatto erkak qarindoshi bilan ham yolg‘iz qolishini man qilganlar. Faqat yonida mahrami bo‘lsagina, bir joyda boshqalar bilan birga tursagina joiz. Imom Termiziy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Eri g‘oyib ayollarning oldiga kirmanglar. Chunki shayton har biringizning qoningizda yuradi», deganlar. Imom Ahmad ibn Hanbal Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mahrami yo‘q ayol bilan xoli qolmasin, aks holda uchinchilari shayton bo‘ladi», deganlar. Agar nomahram erkak va ayol birga qolsalar, hech bo‘lmaganda boshqalarda shubha tug‘iladi, turli gap-so‘zlar ko‘payadi. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 21:32 | Savol-javoblar | 209 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar