Ayol eridan javobini so‘rasa

Assalomu alaykum! Do‘stimnmng ayoli eridan sizda ko‘nglim yo‘q, javobimni bering deb 3-4 marta so‘rabdi. Do‘stim bunday dema o‘rtamizda qizimiz bor, meni sendan ko‘nglim qolmagan debdi. Xozirgi kunga kelib ayoli qizlik uyiga ketib qolgan bormayman deb turib olgan va bo‘lar bo‘lmas gaplar bilan do‘stimning oilasini uyidagilarga yomonlagan. Ikki quda janlallashib qolgan. Bu orada Do‘stimning ham ayolidan ko‘ngli qolgan. Farzandi uchun yana yashayman deyabdi, lekin ayoli uyga qaytmoqchi emas. Agar do‘stim ayolini javobini bersa gunoxkor bo‘lib qo‘yilgan taloq uchun javobgar bo‘lib qolmaydimi? Shuni so‘rab bkrishimni iltimos qilgan edi. O‘zi so‘rashga uyaldi. Boshqa tafsilotlarini bilmayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bunday vaqtda er ayoliga bergan mahrini qaytarib olib, talog‘ini berishi joiz. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:  الطَّلاَقُ مَرَّتَانِ فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ وَلاَ يَحِلُّ لَكُمْ أَن تَأْخُذُواْ مِمَّا آتَيْتُمُوهُنَّ شَيْئًا إِلاَّ أَن يَخَافَا أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلاَّ يُقِيمَا حُدُودَ اللّهِ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِمَا فِيمَا افْتَدَتْ بِهِ تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَعْتَدُوهَا وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ اللّهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ۝ 229. Taloq ikki martadir. So‘ngra yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo‘yib yuborish. Ularga bergan narsangizdan biror narsani olish sizga halol bo‘lmas, ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqsalar, mustasno. Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasliklaridan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir.
Agar ayol eri bilan turishni xohlamay, o‘z ixtiyori bilan ajrashishni talab qilsa, unda istisno tariqasida, er nikoh paytida xotiniga bergan mahrini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi:
«…ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqsalar, mustasno».
Ya’ni bunday holda er bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib olsa bo‘ladi.
Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo‘rqish holati xotin kishi eri bilan yashay olmaydigan darajaga borib, o‘zi ajrashmoqchi bo‘lganida vujudga keladi. Ya’ni ajrashishga harakat xotin kishi tomonidan bo‘ladi. Islomda ayol kishiga ushbu huquq berilgan.
«Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasliklaridan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir».
Ya’ni bu shunday holatki, mabodo er-xotin ikkovlari birga yashashda davom etsalar, shariatning hukmi buzilib, gunohkor bo‘lishlari havfi tug‘iladi: xotin kishi ajrashishni qattiq talab qilmoqda. Shunda ayol o‘z roziligi bilan mahrning hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, ikkovlariga gunoh bo‘lmaydi. Bu ish shariatda «xulu’» deyiladi.
Islomdagi birinchi xulu’ Sobit ibn Qays bilan uning xotini o‘rtasida bo‘lgan.
Imom Molik ibn Anas o‘zlarining «Muvatto» nomli kitoblarida rivoyat qiladilarki, Habiba binti Sahl Ansoriy Sobit ibn Qays ibn G‘ammosga turmushga chiqqan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni tong chog‘ida tashqariga chiqsalar, qorong‘ida Habiba binti Sahl turgan ekan.
– Bu ayol kim? – dedilar. U:
– Men Habiba binti Sahlman, men bilan Sobit ibn Qays birga yashay olmaydiganga o‘xshaymiz, – dedi. Uning eri Sobit ibn Qays kelganida, Nabiy alayhissalom:
– Mana bu Habiba binti Sahl Allohning xohlaganicha aytadigan gapini aytdi, – dedilar. Shunda Habiba:
– Ey Allohning Rasuli, hamma bergan narsasi menda turibdi, – dedi. Rasululloh alayhissalom Sobitga:
– Undan bergan narsalaringni ol, – dedilar.
Xuddi shu hodisaning tafsilotini to‘ldirgan boshqa rivoyatlardan bilib olamizki, jumladan, Habiba binti Sahl Rasululloh alayhissalomga:
– Men uni dinida yoki xulqida ayblay olmayman, lekin Islomda kufr keltirishdan qo‘rqaman, – degan. (Ya’ni er haqidagi diniy amrlarni bajara olmay, gunohkor bo‘lishdan qo‘rqaman). U yana: – Pardani ko‘tarib qarasam, bir guruh odamlar bilan kelayotgan ekan, nazar solsam, u hammasidan qora va pakana ekan. Eng xunugi ham shuning o‘zi ekan, – degan. Shunda eri:
– Ey Allohning Rasuli, men unga eng yaxshi molim, – bog‘imni bergan edim, agar menga bog‘imni qaytarib bersa, mayli, – degan. Nabiy alayhissalom Habibaga:
– Nima deysan? – deganlar. U esa:
– Xohlasa, ziyoda ham beraman, – degan. Shunda Rasululloh ularning orasini ajratib qo‘yganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:56 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar