Qur’oni Karimni yodlash

Assalamu alaykum! Men doim Rossiyada yuraman. Bu erda esa qori domlalar yo‘q. Men Qur’oni Karimni yaxshi tushunishim uchun arabchasini emas, o‘zbekchasini audio formatida yodlasam bo‘ladimi? Arabchasini yodlaganim bilan baribir tushunmayman. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Har bir narsani uning ichiga kiruvchi eshigi bo‘ladi. Qur’onning eshigi avvalo uni yod olish. So‘ngra ishonchli ulamolardan ular bo‘lmasa mo‘tabar tafsirlardan undagi halol va haromni o‘rganib unga amal qilish. Sahobalar zamonasida bir oyatni yodlab, uning ma’nosini o‘rganib amalga tatbiq qilmagunlaricha keyingi oyatga o‘tmaganlar. Siz ham avvalo uni arabchasini to‘g‘ri o‘qishni o‘rganishga harakat qiling. Shu bilan birga tarjima, undagi hukmni o‘rganing va amalda tatbiq qilishga harakat qiling. Qur’oni Karimni tilovatining o‘zi ham ibodat hisoblanadi. Dunyoda tushunmasada tilovat qilgani uchun ham savob oladigan yagona kitob bu Qur’oni Karimdir. Albatta tilovatini o‘ziga kifoyalanib, uning ma’nolarini tushinishga harakat qilmaslik ulkan mahrumlikdir. Quyida sizga Ustozimizning “Hadis va Hayot” silsilasining “Qur’on fazilatlari” juzidan iqtibos keltiramiz : - عَنْ عَلِيٍّ رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: مَنْ قَرَأَ الْقُرْآنَ وَاسْتَظْهَرَهُ فَأَحَلَّ حَلَالَهُ وَحَرَّمَ حَرَامَهُ أَدْخَلَهُ اللهُ بِهِ الْجَنَّةَ، وَشَفَّعَهُ فِي عَشَرَةٍ مِنْ أَهْلِ بَيْتِهِ كُلُّهُمْ وَجَبَتْ لَهُ النَّارُ.
3277. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Qur’onni o‘qisa va yod olsa, u halol qilgan narsani halol bilsa, u harom qilgan narsani harom bilsa, Alloh uni bu tufayli jannatga kiritadi va o‘z ahlidan o‘n kishiga shafoatchi qiladi. Holbuki, ularning hammasiga do‘zax vojib bo‘lgan edi», dedilar».
Sharh: Qur’oni Karimni yodlab, unga amal qilgan va Qur’oni Karim halol qilgan narsani halol bilib, harom qilgan narsani harom bilgan odam katta sharafga ega bo‘lar ekan.
Avvalo, Qur’oni Karim sharofatidan uning o‘zi jannatga kirar ekan.
Qolaversa, unday kishi do‘zaxga tushishlari aniq bo‘lgan o‘nta qarindoshiga shafoatchi bo‘lib, ularni o‘zi bilan jannatga olib kirar ekan.
Alloh taolo bunga o‘xshash katta imkonni har kimga ham va’da qilgan emas. Shundan ham Qur’oni Karimni yodlash va unga amal qilish qanchalar ulug‘ ish ekanini bilib olaversak bo‘ladi.
Bas, ish shunday bo‘lganidan keyin Qur’oni Karimni yod olaylik va unga amal qilaylik. 3278- عَنْ أَبِي أُمَامَةَ  رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ  صلي الله عليه وسلم قَالَ: مَا أَذِنَ اللهُ لِعَبْدٍ فِي شَيْءٍ أَفْضَلَ مِنْ رَكْعَتَيْنِ يُصَلِّيهِمَا، وَإِنَّ الْبِرَّ لَيُذَرُّ عَلَى رَأْسِ الْعَبْدِ مَا دَامَ فِي صَلَاتِهِ، وَمَا تَقَرَّبَ الْعِبَادُ إِلَى اللهِ بِمِثْلِ مَا خَرَجَ مِنْهُ يَعْنِي الْقُرْآنَ.
3278. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qi¬li¬¬nadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh hech qachon bandaga u o‘qigan ikki rak’at namozda quloq solganidek quloq solmaydi. Modomiki banda namozda ekan, uning boshidan yaxshilik sochilib turur.
Bandalar Allohga Undan chiqqan narsa, ya’ni Qur’on bilan qurbat qilganchalik qurbat qilmaydi», dedilar».
Sharh: Bu hadisi sharifda bandaning Alloh taologa eng yaqin bo‘ladigan holatlari haqida so‘z ketmoqda.
«Alloh hech qachon bandaga u o‘qigan ikki rak’at namozda quloq solganidek quloq solmaydi».
Shuning uchun ham banda Alloh taolodan so‘raydigan narsasini namozda so‘rab olmog‘i kerak. Ayniqsa, sajdada bo‘lgan holdagi duo juda ham maqbuldir.
«Modomiki banda namozda ekan, uning boshidan yaxshilik sochilib turur».
Shuning uchun ham banda namozni qo‘proq o‘qimog‘i lozim.
«Bandalar Allohga Undan chiqqan narsa, ya’ni Qur’on bilan qurbat qilganchalik qurbat qilmaydi».
Bu jumlaning ma’nosi «Banda Alloh taolodan nozil bo‘lgan narsani – Qur’oni Karimni xatm qilib, o‘qib chiqqanida yaqin bo‘lganidek yaqin bo‘lmaydi» deganidir.
Bas, shunday bo‘lganidan keyin Qur’oni Karimni ko‘proq o‘qimoq, uni ko‘proq xatm qilmoq zarur. Zotan, duo eng tez va oson qabul bo‘ladigan vaqtlardan biri ham Qur’on qiroatidan keyingi vaqtdir.

- عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ الْعَمَلِ أَحَبُّ إِلَى اللهِ؟ قَالَ: الْحَالُّ الْمُرْتَحِلُ، قَالَ: وَمَا الْحَالُّ الْمُرْتَحِلُ؟ قَالَ: الَّذِي يَضْرِبُ مِنْ أَوَّلِ الْقُرْآنِ إِلَى آخِرِهِ كُلَّمَا حَلَّ ارْتَحَلَ.
3279. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qi¬linadi:
«Bir odam:
«Ey Allohning Rasuli! Qaysi amal Allohga mahbubroqdir?» dedi.
«Tushishi bilan qayta jo‘naydigan», dedilar.
«Tushishi bilan qayta jo‘naydigan nima?» dedi.
«Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘qib kelib, tushishi bilan yana boshidan jo‘nab ketadigan», dedilar».
Sharh: Alloh taolo farz qilgan ibodatlardan keyingi eng afzal ibodat Qur’oni Karim tilovatidir. Shuning uchun Qur’oni Karimni avvalidan o‘qib, oxiriga etib, xatm qilgan odam yana avvalidan boshlasa, ushbu hadisda madh qilingan sifatga ega bo‘lar ekan. U Allohga eng mahbub bo‘lgan amalni qilgan bo‘lar ekan. Tushishi bilan qayta jo‘naydigan bandalar safidan o‘rin olar ekan.
Kim Alloh uchun eng mahbub bo‘lgan amalni qilishni istasa, Qur’oni Karim tilovatini puxta o‘rgansin. Uni avvalidan tajvid bilan o‘qib kelib, xatm qilishga va yana darhol boshidan tilovat qilishni boshlashga odatlansin.
Shuning uchun ham ulamolarimiz va mashoyixlarimiz o‘z shogird va muridlariga xuddi shu ishni doimiy qilishga odatlanish tarbiyasini beradilar.
Shuning uchun ham qorilarimiz Ramazoni sharifda taroveh namozlarida Qur’oni Karimni xatm qilib bo‘lganlarida, «Naas» surasini o‘qiganlaridan so‘ng darhol «Baqara» surasidan bir oz tilovat qilib, yakuniga etkazadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi¬dan quyidagilar rivoyat qilinadiki, u kishi rahmatullohi alayhi tushlarida Alloh taoloni bir necha marta ko‘rgan ekanlar. Bir marta «Agar yana Robbimni tushimda ko‘rsam, bandani Robbiga muqarrab qiladigan narsani so‘rayman», debdilar. Bas, u kishi tushlarida Alloh taoloni ko‘rib:
«Ey Robbim, banda Senga nima ila muqarrab bo‘ladi?» deb so‘rabdilar.
«Kalomimni tilovat qilish bilan, ey Ahmad!» debdi.
«Ma’nosini tushunsami yoki tushunmasa hammi?» deb so‘rabdilar.
«Ma’nosini tushunsa ham, tushunmasa ham», debdi Alloh.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qaysi amalning Allohga eng mahbubligini so‘rash mumkinligi.
2. Qur’oni Karim tilovati fazilatli amal ekani.
3. Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘qib kelgach, yana boshidan o‘qish Allohga eng mahbub amallardan ekani. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:37 | Savol-javoblar | 185 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar