Farzandim vafoti

Assalomu alaykum! O‘g‘il farzandim 5 kunlik bo‘lganda vafot etgan. Aytingchi shu farzandim faqatgina onasi uchun shafoatchi bo‘ladimi yoki otasi uchun hammi? 2). Qarzdor bo‘lib o‘lsa xattoki shaxidlik maqomi ham jannatga kirishga monelik qiladi, agarda nobud bo‘lgan farzandi bo‘lsa qarzdor insonnig jannatga kirishi uchun shafoatchi bo‘la oladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Ikkisidan qaysi biri vafot topgan vaqtning o‘zidayoq sabr qilgan va o‘sha musibatning savobini umid qilgan bo‘lsa shafoatga erishadi. Bu ishni qilmagan bo‘lishsa ikkisiga ham bo‘lmaydi.
2). Qarzini to‘lashi shart. Hadisda “agar shahid bo‘lgan taqdirda ham qarzini to‘lamagunicha jannatga kiritilmaydi”  deyilgan. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ  Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:05 | Savol-javoblar | 121 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar