Ko‘zi ojiz kishi haqida hadis

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar men Shayx Muhammad Sodiq rohimahullohni bir suhbatlarida bir hadisni aytganlarini eshitkandim. Roviylari va hadis matni so‘zma so‘z esimda yo‘q. Unda aytilishicha Rosululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda o‘tirganlarida bir ko‘zlari ojiz kishi kelib Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan Allohdan shifo tilab duo qilishlarini (yani ko‘zlari ochilishi uchun) so‘raganlarida, Rosululloh alayhissalom u kishiga istasa sabr qilishini aytkan ekanla keyin u kishi masjidka kelishka qiynalayotkanlarini aytibtila shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga yaxshilab tahorat olib so‘ng ikki rakat namoz o‘qib bir duoni o‘qishni ta’lim bergan ekanlar. Men anashu duoni eshitib yozib olgandim lekin Arab tilini bilmaganim bois to‘g‘ri yozganimga shubham bor. O‘zbekcha ma’nosini aytkanlarida Muhammad sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib Allohdan tilak tilash edi U rahmat Payg‘ambaridir degan so‘zlari esimda. Keyin u kishi masjiddan ko‘zlari ochilib shifo topib o‘zlari yurib chiqib ketkanlarini aytkandilar. Aziz ustozlar menga shu hadisni to‘liq matnini yuborsangiz. Men ham O‘zimga shunday shifo tilamoqchi edim zora Allohim ol qulim deb shu duo barokatini sabab qilib shifo bersa mengayam. Cheksiz Hurmat bilan muslima singlingiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh shifoi komil bersin. عَنْ عُثْمَانَ بْنِ حُنَيْفٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا ضَرِيرَ الْبَصَرِ أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: ادْعُ اللهَ أَنْ يُعَافِيَنِي، قَالَ: إِنْ شِئْتَ دَعَوْتُ، وَإِنْ شِئْتَ صَبَرْتَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكَ، قَالَ: فَادْعُهُ، فَأَمَرَهُ أَنْ يَتَوَضَّأَ فَيُحْسِنَ وُضُوءَهُ، وَيَدْعُوَ بِهَذَا الدُّعَاءِ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِيَ، اللَّهُمَّ فَشَفِّعْهُ فِيَّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ Usmon ibn Haniyf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir ko‘zi ojiz kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Allohga duo qiling, menga ofiyat bersin», dedi.
«Xohlasang, duo qilaman. Xohlasang, sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir», dedilar».
«Duo qiling», dedi.
Bas, uni tahorat qilishga, tahoratini mukammal qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar:
«Allohim! Albatta, men Nabiying Muhammad – rahmat Nabiysi ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin, deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Sharh: Boshqa rivoyatda «Bas, ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi» deyilgan.
Ushbu hadisda esa ko‘zi ojiz kishi ko‘zi ochilishi haqida duo qilishlarini so‘ramoqda. Odatda Payg‘ambar alayhissalom doimo bemorlikni davolashga amr qilganlar. Ammo bu kishiga u haqda so‘z ochmaganlaridan uning ko‘zi qattiqroq bemorlikka uchragan bo‘lsa kerak.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Ahli fazl kishidan bemorlikka ofiyat bo‘lishi uchun duo so‘rash joizligi.
2. Birovning dardiga ofiyat so‘rab duo qilish yaxshi ekanligi.
3. Ko‘zi ojiz bo‘lib, davo topa olmagan inson sabr qilsa, katta ajrlarga, hatto ko‘zi ochilgandan ham yuqoriroq darajaga erishishi.
4. Duo so‘ragan kishiga ikki narsadan birini: duo qilish yoki duo qilmaslikni tanlashni taklif qilish joizligi.
5. Duo qilishdan oldin yaxshilab tahorat qilish ahamiyatli ekanligi.
6. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila, shafoatchi qilib, duo qilish mumkinligi.
Ushbu hadisni bu faslga qo‘shish ila tavassul joiz ekanligiga hujjat keltirilmoqda. Duo¬ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taoloning O‘ziga qilavermasdan, oraga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni shafoatchi etgan holda duo qilishga ishora etilmoqda. Shu bilan birga, birovdan duo so‘rab turavermay, inson o‘zi ham ixlos bilan duo qilishi kerakligini ko‘rib turibmiz.
Gohida kishi o‘zi duo qilganida duosi qabul bo‘lmayotganini mulohaza qilib qoladi. Shunda qandaydir biror vasilaga ehtiyoj sezadi. Ana shunday paytda vasila ila duo qilish joiz bo‘ladi.
Imom Tabaroniy ushbu hadisdan oldin bir qissani keltirganlar. Unda quyidagilar zikr qilingan:
«Bir odam Usmon ibn Affon roziyallohu anhu¬ning huzuriga hojati yuzasidan kirib, chiqib yurar edi. Usmon unga iltifot ham qilmas, hojatini ham chiqarmas edi. Haligi odam Usmon ibn Haniyfga uchrashib, mazkur holat haqida shikoyat qildi.
Shunda Usmon ibn Haniyf unga «Tahoratxonaga borgin-da, yaxshilab tahorat qil. Keyin masjidga borib, ikki rak’at namoz o‘qi va «Allohim! Albatta, men Payg‘ambaring Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin, deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil», deb turib, hojatingni so‘ra. So‘ng oldimga kelsang, men ham sen bilan birga boraman», dedi.
Haligi odam borib, uning aytganini qildi. Keyin Usmon ibn Affonning eshigiga bordi. Bas, eshik og‘asi kelib, uning qo‘lidan ushlab, ichkariga olib kirdi va Usmon ibn Affon o‘tirgan joyga, uning yoniga o‘tirg‘izdi. U «Nima hojating bor?» deb so‘radi. U hojatini aytdi. Uning hojatini chiqarib, «Bundan keyin qanday hojating bo‘lsa, kelaver», dedi.
Keyin haligi odam uning oldidan chiqib, Usmon ibn Haniyfning oldiga bordi va:
«Alloh senga xayr bersin. Sen aytib qo‘ymaganingda, u menga iltifot qilmas edi», dedi.
Shunda Usmon ibn Haniyf:
«Allohga qasamki, men unga hech narsa deganim yo‘q. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir ko‘r odam kelganini ko‘rdim. Haligi odam u zotga ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Sabr qila olmaysanmi?» dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, etaklovchim yo‘q. Juda qiynalib ketdim», dedi.
«Tahoratxonaga bor. Tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qi. Keyin ushbu duolarni qil», dedilar.
Keyin biz tarqalmasimizdan oldin haligi odam oldimizga kirib keldi. Allohga qasamki, u xuddi ko‘r bo‘lmagandek edi», dedi». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:17 | Savol-javoblar | 182 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar