Ayollar namozida bosh kiyim echilib ketishi

Assalomu alaykum! Ustozlar, namoz o‘qiyotganmda ro‘molim echilib ketdi namozimni buzmay ro‘molimni o‘rab kelgan joyimdan davom ettirdim. Shu qilgan ishim to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Holatni qanday bo‘lganini bizga aniq yozmagansiz. Ya’ni qancha miqdorda ochilgan. Namozingizda ko‘p amal(amali kasir) bo‘lib buzilgan bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun qayta o‘qib olganingiz afzal.
"Kifoya" kitobida quyidagicha keladi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ أَسْمَاءَ بِنْتَ أَبِي بَكْرٍ دَخَلَتْ عَلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَعَلَيْهَا ثِيَابٌ رِقَاقٌ، فَأَعْرَضَ عَنْهَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ: يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ تَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلَّا هَذَا وَهَذَا، وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Asmo binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girib oldilar va:
«Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men:
«Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas», deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».
Demak, namozda mazkur avrat joylarni to‘sib o‘qish farzdir. Ba’zi a’zolar ochilib qolsa nima bo‘ladi va shunga o‘xshash savollarga keyingi jumlalarda javob keladi.
Bir a’zoning to‘rtdan birining ochilishi namozni man qiladi.
Agar unutib ochilgan bo‘lsa va ochilishi bir ruknning ado etilishicha vaqt davom etsa va a’zoning choragidan ozi ochilsa, namoz botil bo‘lmaydi. Agar namozxon mazkur miqdorni qasddan ochsa, namozi darhol buziladi.
Boldirning o‘zi bir a’zodir. 
Uning to‘rtdan biri ochilib qolsa va zikr qilingan muddatgacha yopilmasa, namoz botil bo‘ladi.
Son, zakarning yolg‘iz o‘zi va ikki turmuq ham. Osilib tushgan soch ham.
Bularda ham oldingi zikr qilingan hukm sobit bo‘ladi.
«Avratni to‘sish» deganda shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.
2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi.
Kiyim tanqis bo‘lganda avval g‘aliz avratni, keyin boshqalarini to‘sish kerak bo‘ladi. Agar faqat bitta avratni to‘sishga etadigan narsa bo‘lsa, u bilan orqani to‘sib, oldini qo‘li bilan to‘sadi.
Boshqasi bo‘lmaganda harom kiyim ila, misol uchun, erkak kishi ipak kiyimda namoz o‘qisa, tahrimiy karohat ila namoz bo‘ladi.
Ko‘p amal qilish: ikki qo‘lga muhtoj bo‘ladigan yoki namozxon ko‘p hisoblaydigan, yoxud nazar soluvchi «Buni qilayotgan odam namoz o‘qimayapti», deb gumon qiladigan ish ko‘p amaldir.
Namozning amallaridan bo‘lmagan va namozni tuzatish uchun bo‘lmagan ko‘p amal namozni buzadi. Odatda ikki qo‘l bilan qilinadigan salla o‘rash, ko‘ylak kiyish, izor, shalvor kiyish, kamon otish kabi amallarni bir qo‘l bilan qilinsa ham namoz buziladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:22 | Savol-javoblar | 183 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar