Marhum odamning qazolari

Assalomu alaykum! Bugun Zo‘r tv da bo‘layotgan “Zikr ahlidan so‘rang” ko‘rsatuvida bir narsa eshitib qoldim. Marhumlarning qazo ro‘zalari uchun fidya, qazo namozlarining har bir mahali uchun 2 kg bug‘doy bersa ado bo‘ladi deyilgan. Shunga nima deysizlar? 1. Marhum otamning qazo ro‘zalari uchun fidya bersam xolis bo‘ladilarmi? Bu fidyani kimga beraman? Masjidga bersa bo‘ladimi? 2. Marhum otamning qazo namozlari uchun 2 kg bug‘doy yoki shuni pulini bersam har bir mahali uchun xolis bo‘ladilarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! ALLOH TAOLODAN QARZLARNI ADO QILISh Vasiyatlarni ado qilishga Allohning haqlari ham kiradi. Yuqorida biz mayyitning zimmasidagi bandalarning haqlarini ado qilishni bayonini qilib o‘tdik. Bu erda esa, Alloh taoloning farz va vojib bo‘lgan haqlarini ado qilishning bayoniga o‘tamiz. Mayyitning zimmasidagi odamlarning haqlari ado qilinganidan keyin mol oshib qolsa, o‘sha qolgan molni uch qisimga bo‘lib, bir qismidan mayyitning qoldirgan namoz va ro‘zalarining fidyasini, ado qilmagan zakot, haj, sadaqai fitr yoki nazr va qasamlarining kafforotlarini ado qilinadi. Agar mayyit ushbu haqlarni ado qilishga vasiyat qilgan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tganimizdek ortib qolgan molning uchdan biridan bu haqlarni ado qilishlari vojib bo‘ladi. Agar molning uchdan biri etmasa, etganicha ado qiladilar. Qolgan uchdan ikki qismi merosxo‘rlarning haqi bo‘lib qoladi. Agar merosxo‘rlar oqil, bolig‘ bo‘lsalar, mayyitning Alloh taolodan bo‘lgan qarzlarini molning qolgan uchdan ikki qismidan ado qilsalar mayyitning oxiratda bo‘ladigan javobgarlikdan kutqarib qolgan bo‘ladilar va o‘zlari ham ulkan savobga ega bo‘ladilar. Agar merosxo‘r majnun yoki balog‘atga etmaganlar bo‘lsa, uchdan ikki qismdan ularning hissalarini ajratib berish vojib bo‘ladi. Ular rozi bo‘lsalarda, mayyitning qarzlariga sarflanmaydi. Agar rozi bo‘lmasalar, Alloh taoloning haqlarini ado qilmay, qolgan molning uchdan ikki qismini merosxo‘rlar o‘zaro taqqsim qilib oladilar. (Mufidul vorisin)
Tajhiz, takfin, odamlarning qarzini ado qilingandan oshib qolgan mol uch qismga bo‘linib, uchdan biri Alloh taoloning haqlarini ado qilishga etsa, lekin mayyit u haqlarni ado qilishga vasiyat qilmagan bo‘lsa, merosxo‘rlar Allohning haqlarini ado qilishlari shart emas. Mayyit vasiya qilmagani uchun gunohkor bo‘lib qolaveradi. Xulosa qilib aytsak, bandalarning qarzlari bilan Alloh taoloning qarzlarini ado qilishda uchta farq bor:
1-Bandalarning qarzlarini ado qilish mayyitning vasiyatiga bog‘liq emas. Balki vasiyat qilmagan bo‘lsa ham tajhiz va takfindan keyin bandalarning haqini ado qilish farz bo‘ladi. Alloh taoloning qarzlarini ado qilish esa, mayyitning vasiyatiga bog‘liqdir. Vasiyat qilsa, ado qilish vojib, vasiyat qilmasa ado qilish merosxo‘rlar zimmasiga vojib emas.
2-Bandalarning haqlarini ado qilishda cheklov yo‘q. Tajhiz va takfindan keyin qolgan molning hammasidan mayyitning qarzlarini ado qilish farz bo‘ladi. Alloh taoloning haqlarini esa, badanlarning haqlarini ado qilganidan keyin oshib qolgan molning uch qismga bo‘lib, bir qismidan Allohning haqlarini ado qilish vojib bo‘ladi. Uchdan biridan ziyodasini ado qilish merosxo‘rlarning zimmasiga farz emas.
3-Alloh taoloning haqlarini bandalarning haqlarini to‘liq ado qilinganidan so‘ng ado qilish farz bo‘ladi. NAMOZ, RO‘ZA VA BOShQALARNING FIDYaSI MIQDORI 1- Har kunlik besh vaqt namoz vitr qo‘shilib oltiti bo‘ladi. Har vaqt namozning fidyasi yarim so’ bug‘doy yoki uning qiymati bo‘ladi.
2-Bir kunlik ro‘zaning fidyasi bir vaqt namozning fidyasiga barobardir.
3-Necha yil zakot bermagan bo‘lsa, o‘sha yillardagi molning miqdori aniqlab, har yilidagi molning qirqdan biri zakotga chiqariladi.
4-Haj farz bo‘lib mayyit uni ado qila olmagan bo‘lsa, mayyit yashagan joydan uning nomidan haj badal qildiriladi. Agar molning uchdan biri bunga etmasa, etadigan joydan haj badal qildiriladi.
5-Necha yil sadaqai fitr bermagan bo‘lsa, har yil uchun ikki kilo bug‘doy yoki uning qiymatini beriladi.
6-Qurbonlikka qodir bo‘la turib qilmagan yillari uchun bir yashar ko‘y yoki echkining qiymati yoki mol-tuyaning ettidan bir hissasini chamalab uning qiymatini sadaqa qilinadi.
7-Tilovat sajdalarini qila olmay qolgan bo‘lsa, har bir sajda evaziga ehtiyotan bir vaqt namozning fidyasicha sadaqa qilinadi.
8-Agar qoldirgan namoz, ro‘za va boshqalarining aniq adadi ma’lum bo‘lmasa, tahminan hisob qilinadi. (Hiylai isqot risolasi). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:53 | Savol-javoblar | 148 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar