Ov qilish haqida

Assalomu alaykum shayh janoblari, menda bir savol bor edi;Men hozirda AQShda qishloq ho‘jaligi bo‘yicha tahsil olmoqdaman (bu erda halol go‘sht tanqis). Bu erda mavsumiy ov qilish ruhsat etilgan. Kiyik, yovvoyi g‘ul-g‘uli, fazan, quyon kabi hayvonlarni ov qilish mumkin. Tunov kuni kiyik ottik (ya‘ni sherigim AQShlik inson otti), topib borgunimcha joni chiqib ketibdi shekilli, qimirlamayotgan edi, "Bismillah Allohu Akbar" deb bo‘g‘ziga pichoq tortsam uncha qon chiqmadi. Shunga qoshtini emay muzhonamda saqlab turibman, agar harom bo‘lsa tashlab yuboraman.savolim quyidagicha-Ov qilingan go‘sht halolmi? Go‘shti halol bo‘lishi uchun qanday ov qilish kerak?Oldindan rahmat.Assalomu alaykum.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ulamolarimiz ov to‘g‘risida kelgan barcha oyati karima va hadisi shariflarni jamlab, tahlil qilib, usuli fiqh qoidalariga solib tartibli ravishda ulardan chiqadigan hukmlarni bayon qilganlar. Jumladan ovning shariatga muvofiq bo‘lishi uchun zarur shartlarni ham sanab chiqqanlar.Ov shariatga muvofiq bo‘lishi uchun ovchida, ov qilish vositasida va ov qilinadigan narsada bir necha shartlar mavjud bo‘lishi lozim.Ovchida bo‘lishi lozim shartlar.1. Ovchi so‘ygan hayvoni halol bo‘ladigan shaxs bo‘lishi lozim. Ya’ni, ovchi musulmon yoki ahli kitob bo‘lishi kerak. Butparast, murtad, majusiy, botiniylarning ovlagan ovi musulmon kishi uchun halol bo‘lmaydi. Shuningdek majnunning ovi ham halol bo‘lmaydi. chunki ov xuddi so‘yish kabidir. Hayvonni so‘yganda so‘yuvchiga qo‘yilgan shartlar ovda ovchiga ham qo‘yilgan. Shuning uchun ham ahli kitoblarning ovi musulmon kishi uchun halol bo‘ladi.2. Ovi halol kishining oviga ovi halol emas shaxs sherik bo‘lmasligi kerak. Bu haqda Adiy ibn Hotim roziyallohu anhuning hadislari sharhida batafsil to‘talib o‘tildi.3. Ovchi ovni niyat qilish yoki ov hayvonini ovga niyat bilan qo‘yishi shart. Agar ov hayvoni o‘zi bo‘shalib ketib biror narsani ushlab kelsa, halol bo‘lmaydi. Ov hayvonini niyat bilan ovga qo‘yish hayvonni so‘yish o‘rniga o‘tadi.4. Ovda «Bismillahi»ni qasd bilan tark qilmasligi kerak. «Bismillahi, Allohu Akbar»ni aytish imkoni bo‘lib turib, yodida saqlab turib qasddan aytmasdan ovga o‘q otsa yoki ov hayvonini qo‘ysa, ovlagan ovi harom bo‘ladi.5. Ovchi ovga o‘q otish yoki ov hayvonini qo‘yish bilan ovni olish orasiga boshqa ishni qo‘shmasligi kerak. Chunki u ovni darhol qo‘lga olib joni bo‘lsa, so‘ymog‘i lozim. Agar bu ishni vaqtida qilmasa, ov o‘lib qolgan bo‘lsa, joni bor narsa o‘zi o‘lgan hukmida bo‘lib qoladi. Agar ovchi ovlangan hayvonga etib borganda u so‘yilgan hayvonning joni chiqayotgan holida bo‘lsa, so‘ymasa ham halol bo‘ladi. Ammo ovchi ovni tirik holda tutsa, keyin bir muddat o‘tib o‘lsa, qodir bo‘lib turib so‘ymagani uchun ov harom bo‘ladi.6. Ovchi quruqlik hayvonini ovlash paytida haj yoki umra uchun ehrom bog‘lamagan bo‘lishi kerak. Ehromdagi odam suv hayvonlarini ovlasa bo‘laveradi.Ov vositasida bo‘lishi lozim shartlar.1. Ov vositasi quroldan iborat bo‘lganda u ov hayvoniga jarohat etkazadigan ravishda tig‘ga ega bo‘lishi lozim. Qilich, nayza, uchiga temir sanchqi o‘rnatilgan kamon o‘qi, miltiq o‘qi kabilar. Agar o‘tkir narsani ovga otilganda u ovning biror joyini kesib tanasida uzib yuborsa, tana halol bo‘ladi. Ammo uzilib ketgan bo‘lak harom bo‘ladi.Tig‘i yo‘q, og‘irligi bilan hayvonga zarba etkazadigan, tosh, yog‘och, temir kabi narsalar bilan urib o‘ldirilgan ovlar harom bo‘ladi.2. Ov qilish uchun hayvonlarni vosita qilib olinishi ham mumkin. Bular yirtqich hayvonlar va qushlardan bo‘ladi. Ov hayvonlariga it, sirtlon, qoplon, lochin, burgut kabi ovga o‘rgatish mumkin bo‘lgan hayvon hamda qushlar kiradi.Ov vositasi hayvon bo‘lganda ular ila qilingan ov halol bo‘lishi uchun bir necha shartlar qo‘yiladi.Birinchi shart.Ov hayvoni o‘rgatilgan bo‘lishi shart. Ov hayvonlari ovga qo‘yganda borib, ushlagan narsasini emaydigan darajada o‘rgatilgan bo‘lishi kerak. Ikkinchi shart.Ovchi ov hayvonini ovlash maqsadida, uni ovga qo‘yish qoidalariga rioya qilgan holida ovga qo‘yishi lozim. Ov hayvoni o‘zicha chiqib ketib ovlagan narsani eb bo‘lmaydi. Hayvon o‘zicha ovga tashlanganda egasi uni to‘xtatib turib keyin olkishlasa, ov halol bo‘ladi. Uchinchi shart.Ov hayvonining oviga ovi harom narsa aralashmasligi kerak. Misol uchun birov o‘zining ovchi itini ovga qo‘yib ortidan borsa iti bilan birga boshqa bir it turibdi. Surishtarsa bu it ovga o‘rgatilmagan ekan. Ov halol bo‘lmaydi.To‘rtinchi shart.Ov hayvoni ovni jarohatlab o‘ldirgan bo‘lishi kerak. Agar bo‘g‘ib o‘ldirgan yoki urib o‘ldirgan bo‘lsa, ov halol bo‘lmaydi. balki tishlab yoki tirnab qon chiqarib o‘ldirgan bo‘lishi lozim.Beshinchi shart.Ov hayvoni o‘zi ovlagan hayvondan emagan bo‘lishi shart. Agar egan bo‘lsa, ov halol bo‘lmaydi. Ovlangan narsada bo‘lishi lozim shartlar.1. Ovlanadigan narsaning quvvati oziq tishi yoki changalida bo‘lmasligi, hasharotlardan bo‘lmasligi va kerak.2. Ovlanadigan narsa yovvoyi bo‘lishi shart. Tuya, sigir va qo‘y kabi uy hayvonlari yovvoyilashib ketgan bo‘lsa, ovlasa bo‘ladi.3. Ovlanadigan narsa jarohatlanib o‘lishi shart. Og‘ir narsa bilan urib, balanddan yiqilib, qo‘rqqanidan yuragi yorilib o‘lgan bo‘lsa, halol bo‘lmaydi.4. Ovlanadigan narsa ovchining ko‘zidan g‘oyib bo‘lsa-yu keyin qiridib topsa, o‘sha topilgan ov xuddi o‘zi yo‘qotgan narsaning o‘zi ekaniga ishonchi bo‘lmasa, halol bo‘lmaydi.5. Ovlanadigan narsa tirik holida topilsa, uni tezda so‘ymog‘i shart.Hanafiy mazhabi bo‘yicha emoq halol bo‘lgan-u bo‘lmagan suvdagi-yu quruqlikdagi narsalarni ovlash mubohdir. Go‘shti halollarini go‘shtidan va boshqa narsalaridan foyda olinadi. Go‘shta haromlarining terisidan, juni va suyagidan foyda olinadi va yomomnligi daf qilinadi.

27 Aprel 2022, 23:15 | Savol-javoblar | 304 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar