Hazillashib taloqsan deyish

Assalomu alaykum! Er xotiniga xar urushganida hazillashib taloqsan desa taloq tushadimi? Xar urushishganida shunaqa desa-chi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Har aytganida bittadan taloq tushaveradi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ثَلَاثٌ جِدُّهُنَّ جِدٌّ، وَهَزْلُهُنَّ جِدٌّ: النِّكَاحُ، وَالطَّلَاقُ، وَالرَّجْعَةُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy: nikohning, taloqning va raj’atning», dedilar».
Abu Dovud,Termiziy va Hokim rivoyat qilishgan.
Oralarida nikoh to‘g‘ri bo‘ladigan shaxslar hazillashib aqdi nikoh qilsalar, nikoh sobit bo‘ladi. Xuddi shuningdek, hazillashib qilingan taloq ham tushadi. Xotinini bir yoki ikki raj’iy taloq qilib yurgan odam idda ichida «Seni o‘zimga qaytarib oldim», desa, raj’at – qaytish ham sobit bo‘ladi. Chunki bu hollarda o‘zi bilib turib, qasd qilib aytgan bo‘ladi.
Islom hayotga, xususan, oilaviy hayotga o‘ta jiddiyat bilan qaraydi. Er-xotin orasidagi nikoh aloqasini muqaddas aloqa sifatida ko‘radi. Muqaddas narsalarni hazil-huzulga aylantirish esa mutlaqo mumkin emas. Hazil qiladigan bo‘lsa, kelib-kelib eng muqaddas aloqalardan biri bilan hazillashadimi? Bir ayolning begona bir erkakka halol bo‘lishi oson narsa ekanmi?
Alloh taolo Baqara surasida taloq hukmini bayon qiluvchi oyatlardan birida: «Allohning oyatlarini ermak qilmang», degan (Baqara surasi, 231-oyat).
Bundan nikoh, taloq masalasi Alloh taoloning oyati ekanligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Islom dinida Alloh taoloning oyatlari hazil, o‘yin-kulgi holiga tushib qolishiga hech yo‘l qo‘yilmaydi.
Musulmon kishi hayotga jiddiy qarasin. O‘zining oilasini o‘zi o‘yinchoq qilib qo‘ymasin. O‘z xotini bilan bo‘lgan shar’iy munosabatlarini, ikki bir-biriga harom shaxsni halol qilgan nikoh aloqasini o‘yinchoq qilgan odam har qanday jazoga loyiq. Uning hazillashib aytgan so‘zi ila taloq tushishi ham joizdir. Lekin hazil qilmay, xato qilib, boshqa so‘zni aytmoqchi bo‘lib turib, tiliga bexosdan «taloq» so‘zi kelib qolsa, taloq tushmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:41 | Savol-javoblar | 150 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar