Abort qilgan doyalarning gunohi

Assalomu alaykum! Bollarni olib tashlayotgan doyalarning (akusher) xukmi nima? Agar bola nikoxsiz bo‘lsachi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Oldiruvchilar qanchalik gunohkor bo‘lishsa oluvchilar ham tenma teng gunohkor bo‘lishadi. Alloh taolo “Takvir” surasida marhmat qiladi:  وَإِذَا الْمَوْؤُودَةُ سُئِلَتْ۝  بِأَيِّ ذَنبٍ قُتِلَتْ۝ 8. Va vaqtiki, tiriklay ko‘milgan qizdan so‘ralsa…
9. «Qaysi gunoh uchun o‘ldirilgan?»
Islomdan avvalgi johiliyat davrida arablarning ko‘plab noinsoniy, vahshiyona urf-odatlari bor edi. Jumladan, ularda qiz bolani tahqirlash haddan ziyod edi. Hattoki katta bo‘lsa, urushlarda qatnasha olmaydi, qaytaga, asir tushib, bizga sharmandalik keltiradi, deb, qiz bolalarni tiriklay ko‘mib yuborar edilar. Ushbu ikki oyatda mushriklarning bu ishi qattiq qoralanmoqda va qiyomat kuni bu haqda savol-javob bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Tabiiyki, qiyomat kuni faqat mazkur narsa haqidagina savol-javob bo‘lmaydi. Balki zarracha, misqolcha amal haqida ham savol-javob bo‘ladi. Ammo nima uchun aynan qiz bolani tiriklay ko‘mib yuborish ishi haqida alohida ta’kidlanmoqda. Bu, avvalo, ushbu oyati karimalar nozil bo‘layotgan davr talabi shu ekanining dalolatidir. Ushbu oyatlar Islomning dastlabki davrida nozil bo‘lgan. O‘sha vaqtda nozil bo‘layotgan oyatlar kalimai tavhidga, sof iymon va e’tiqodga chaqirib, shirk, kufr va buzuq e’tiqodlardan qaytarish bilan birga, mo‘minlik fazilatlariga da’vat qilib, kofirlik razolatlaridan qaytarar edi. O‘sha payt johiliyatining ko‘zga ko‘ringan razolatlaridan biri esa ayol jinsini past sanash, odam o‘rnida ko‘rmaslik va o‘sha tasavvurning samarasi o‘laroq, qizlarni tiriklay ko‘mib yuborish odati edi.
Eng muhimi esa bu oyat Islom dini dunyoda birinchi bo‘lib ayol jinsini ulug‘lash borasida yolg‘iz o‘zi kurash boshlaganining alomatidir. Ha, o‘sha davrda ayollarning insonlik huquqlarini himoya qiladigan Islomdan boshqa tomon yo‘q edi. Ana shunday bir paytda Islom ayol jinsi ham to‘laqonli odam sifatida, Alloh taolo mukarram etgan inson sifatida haqqini olishi uchun o‘z kurashini boshladi. O‘sha paytda nozil bo‘lgan oyati karimalar ayol haqidagi Islomiy ta’limotlarni bayon qilish bilan birga, ayol jinsini erga uruvchi johiliy urf-odatlar va qonun-qoidalarni qattiq qoralar edi. Ana o‘sha narsalardan eng ko‘zga ko‘ringani qizlarni tiriklayin ko‘mib yuborib, u keltiradigan or-nomusdan qutuldim, deb, g‘urur bilan gerdayib yurish edi. O‘sha vaqtda yashagan odamlarning guvohlik berishlaricha, qiz bola to‘rt-besh yoshlarga etganda ota uni ko‘mib tashlamoqchi bo‘lsa, onasiga: «Qizimizni yasantirib ber, o‘ynatib kelay», – der edi. Bechora ona «o‘ynatib kelish» nima ekanini yaxshi bilsa ham, johiliyat qonuniga qarshi chiqa olmas edi. U yurak-bag‘ri tilka-pora bo‘lgan holda, qon yutib, o‘z jigargo‘shasini beshafqat eriga yasantirib berardi. Ota nomli maxluq bo‘lsa qizni ovloqroq bir joyga olib borar, unga o‘yinchoq berib, o‘ynatib qo‘yib, o‘zi chuqur qazir edi. Chuqur tayyor bo‘lganda, qizni o‘shanga tushib, o‘ynashga amr etar va chuqurda o‘ynab turgan go‘dakni o‘yini, o‘yinchog‘i bilan birga shafqatsizlarcha ko‘mib tashlar edi. Inson nomiga dog‘ bo‘lgan bu ish johiliyatning qing‘ir tarozisida «yuqori daraja» deb tortilardi. Bu ishga hech kim qarshi chiqa olmas edi. O‘sha noinsoniy odatga birinchi bo‘lib Islom qarshi chiqdi.
Mana, «Takvir» surasining avvalidan boshlab, qiyomat qo‘rqinchlarini vasf qilib, hammani uning dahshatidan qo‘rqitib olib, «Ana shunday kunda odamlarga nima bo‘lar ekan?» degan savol paydo bo‘lganda, birinchi bo‘lib tiriklayin ko‘mib tashlangan qizlarning qaysi gunohlari uchun ko‘milganlari sababi ularni ko‘mganlar va ko‘mishga hukm chiqarganlardan so‘ralishi ta’kidlab aytilmoqda.
Darhaqiqat, jajji qizchalar qaysi gunohlari uchun bunchalik shafqatsizlik bilan o‘ldirilar edi? U ma’sum go‘daklarning nima gunohlari bor edi? Hali ular gunoh qiladigan yoshga etmagan norasida edilar-ku?! Ha, adolat, haqiqat nazari bilan qaraladigan bo‘lsa, u qizchalarning zarracha ham gunohlari yo‘q edi. Ammo johiliyat nazarida ularning ayblari juda ham katta – qiz bo‘lib tug‘ilganlari edi. Mazkura himoyasiz qizlarga Qur’oni Karim homiy bo‘ldi. Ularning hayot kechirish haqqlarini himoya qildi. Qiz bolalarni tiriklay ko‘mganlar qiyomat kuni eng avval shundan so‘ralishlari asrlar davomida, qiyomatgacha ibodat uchun o‘qiladigan oyatlarga bitib qo‘yildi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:44 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar